Farg‘ona, Andijon va Namangan viloyatlari tadbirkorlarining masalalari muhokama qilindi
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov Farg‘ona shahridagi studiyadan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining mamlakat tadbirkorlari va investorlari bilan ochiq muloqotiga tayyorgarlik ko‘rish doirasida hudud ishbilarmonlari tomonidan tadbirkorlarning murojaatlarini qabul qilish va tahlil etish bo‘yicha Shtabga yuborilgan masala va takliflarni muhokama qildi. Muhokamada videokonferensiya orqali Andijon va Namangan viloyatlarining biznes vakillari ham ishtirok etdi.
Suhbat chog‘ida tadbirkorlarning O‘zbekistondagi ishbilarmonlik muhitini yaxshilash bo‘yicha konstruktiv takliflari atroflicha ko‘rib chiqildi. Bildirilgan g‘oyalar hayotga tatbiq etish uchun qabul qilindi – ularni joriy etish mexanizmlari bevosita muloqot davomida ishlab chiqildi. Tijorat banklarining investitsiya loyihalari tashabbuskorlari va eksportchilarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash imkoniyatlarini kengaytirish, yer uchastkalari, bo‘sh bino va inshootlar ajratish, tashqi bozorlarga ichki mahsulotlarni ilgari surish, ishlab chiqarish faoliyati uchun zarur bo‘lgan turli sertifikat va ruxsatnomalar olish, shuningdek, boshqa dolzarb masalalarga alohida e'tibor qaratildi.
Kelib tushgan murojaatlarni tahlil qilish chog‘ida tadbirkorlarning aniqlangan muammolarini hal etish jarayoni ham ko‘rib chiqildi. Aniq holatlar o‘rganilib, yuzaga kelgan masalalarni hal etishni jadallashtirish, shuningdek, tadbirkorlarni samarali qo‘llab-quvvatlash maqsadida tegishli vazirlik, idora va tijorat banklari rahbarlarini o‘zaro muvofiqlashtirilgan hamkorlikka jalb etish yuzasidan ko‘rsatmalar berildi.
Muhokama yakunida vazirlik va idoralar hamda tadbirkorlar o‘rtasida o‘zaro yaqin hamkorlik qilish mexanizmini yaratish, alohida va tizimli muammolar yechimlarini birgalikda ishlab chiqish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi