O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Sof zotli qoramollar salmog‘i ortmoqda
2021-08-11 | Iqtisodiyot
Bu haqda “O‘zbekchorvanasl” agentligi bosh direktori Baxtiyor Atamurodov ma’lum qildi. Agentlik rahbarining qayd etishicha, chorvachilikda naslchilik – seleksiya ishlarini rivojlantirish borasida quyidagi ishlar amalga oshirilmoqda.
Qayd etilishicha, joriy yilda chorva mollari naslini yaxshilash maqsadida 274 ta xo‘jalik naslchilik toifasiga o‘tkazilib ularning soni 1580 taga yetkazildi.
Ushbu naslchilik xo‘jaliklari tomonidan 2026-yilda aholi xonadonlariga 1000 mingdan ziyod naslli qoramollarni yetkazib beradi. 2016-2019-yillar oralig‘ida jami naslchilik xo‘jaliklari soni 503 tani tashkil etgan xolos.
O‘tgan davrda aholi xonadonlaridagi sigir va tanalarni sun’iy urug‘lantirish bo‘yicha tizim to‘g‘ri yaratilmaganligi tufayli joylarda texnik mutaxassislar tanqisligi yaqqol kuzatilgan. Bir nafar texnik mutaxassisga yillik 1000-1500 bosh sigirlarni sun’iy urug‘lantirish to‘g‘ri kelgan, biroq bir nafar texnik mutaxassisning ish yuklamasiga ko‘ra, u 600-700 bosh qoramolni sun’iy urug‘lantirish imkoniyatiga ega. Natijada aholi xonadonlarida sun’iy urug‘lantirish ishlari yetarli darajada olib borilmagan.
Shu bois respublikamizda sun’iy urug‘lantirish bilan shug‘ullanayotgan texnik mutaxassislarning oylik maoshlari belgilangan holda o‘tgan bir yil davomida qo‘shimcha 3000 nafar texnik mutaxassis ishga jalb etildi.
Joylarda naslchilik ishlarini rivojlantirish va sun’iy urug‘lantirish ishlarini samarali tashkil etish maqsadida mahalliy byudjetlardan respublika bo‘yicha jami 33 mlrd. 267 mln. so‘m mablag‘lar ajratilib, buning hisobidan sun’iy urug‘lantirish shoxobchalari zarur asbob-uskunalar bilan jihozlandi. 2016-2018 yillarda osemenatorlarning moddiy bazasini mustahkamlash uchun davlat byudjetidan mablag‘lar ajratib berilmagan.
Ushbu mablag‘lar hisobidan 3 dona 4,2 tonnalik suyuq azotni tashish uchun kriogen idishi, 3 dona suyuq azotni yetkazib berishga mo‘ljallangan maxsus avtomashina, 1100 dona dyuar idishi, 900 dona texnik mutaxassislar sumkasi, 1270 dona velosiped, 91 dona “Damas Van” maxsus avtomashinasi bilan ta’minlandi.
Joriy yilda chorvachilik xo‘jaliklari va aholi xonadonlarida parvarishlanayotgan 2,4 mln bosh (2017 yilda 1,1 mln bosh) sigir va tanalar sun’iy urug‘lantiriladi. 2016-2017 yillar oralig‘ida nasli yaxshilangan qoramollar bosh soni 17 foizni tashkil qilgan bo‘lsa, 2021 yilga kelib bu ko‘rsatkich 54 foizni tashkil etdi. 2026 yilga borib 80 foizni tashkil etadi.
Sof zotli naslli poda ko‘rsatkichi 2016-2017-yillarda 7 foizni tashkil etgan bo‘lsa, 2021-2026-yillarda bu ko‘rsatkich 30 foizga yetkaziladi.
Chorvachilik tarmog‘ini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash maqsadida joriy yilning bugungi kuniga qadar jami 199 ta chorvachilik xo‘jaligiga davlat byudjetidan 23,5 mlrd. so‘m, jumladan import qilingan 6 ming 96 bosh naslli qoramolga 12,2 mlrd so‘m, 6 ming bosh naslli qo‘y-echkiga 2,4 mlrd so‘m hamda ichki xo‘jaliklarda yetishtirilgan 741 bosh naslli qoramolga 741 mln so‘m, import qilingan 498 ming bosh bir kunlik jo‘jaga 4,5 mlrd so‘m va intensiv usulda yetishtirilgan baliqlarga 3,7 mlrd so‘m subsidiya mablag‘lari ajratildi.
Shuni alohida qayd etish kerak, 2016-2017-yillarda chorvachilikda subsidiya tizimi umuman bo‘lmagan.
Manba: O'zA