FAO va ShHT oziq-ovqat tizimlarini qayta tashkillashtirish masalalarini muhokama qilishdi
FAO va ShHTning mustaqil muloqoti onlayn formatda bo‘lib o‘tdi, u joriy yilning kuzida BMT Bosh Assambleyasi doirasida Nyu-Yorkda o‘tkaziladigan Oziq-ovqat tizimlari bo‘yicha BTM Sammitiga tayyorgarlik doirasida tashkil etildi. Eslatib o‘tamiz, avvalroq qishloq xo‘jaligi vaziri Jamshid Xodjaev boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi Rimda o‘tkazilgan BMTning Oziq-ovqat tizimlari pre-sammitida ishtirok etgan edi.
FAO va ShHT mustaqil muloqoti FAO Kotibiyati, FAOning Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy vakolatxonasi, FAOning Rossiya Federatsiyasi bilan aloqalar bo‘yicha bo‘limi, Moskva davlat oziq-ovqat ishlab chiqarish universiteti (MGUP), Yevroosiyo xalqlari assambleyasi tomonidan tashqil etildi.
ShHTga a'zo mamlakatlar vakillari oziq-ovqat tizimlarining ishlashi va rivojlanishi, mamlakatlarda mavjud muammolar va ularni hal etish yo‘llarini muhokama etishdi, shuningdek oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlash bo‘yicha ilg‘or tajribalar bilan o‘rtoqlashishdi.
Tadbirda mamlakatimizni O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirining maslahatchisi Alisher Shukurov taqdim etgan bo‘lib, u shuningdek BMTning oziq-ovqat tizimlari bo‘yicha sammiti arafasidagi milliy muloqotlarning tashkilotchisi hisoblanadi.
«Bo‘lajak Sammitga tayyorgarlik doirasida O‘zbekistonda o‘tkazilgan milliy muloqotlar, xususan mintaqalardagi submilliy muloqotlar munozaralar o‘tkazish, hamkorlikni rivojlantirish, kelishuvlarga erishish va umumiy majburiyatlarni qabul qilish uchun inklyuziv maydonni taqdim etadi. O‘zbekiston ShHT va FAOga a'zo davlatlar bilan o‘z tajribasini baham ko‘rishga tayyor», — ta'kidladi Alisher Shukurov.
Tadbir natijalariga ko‘ra, ishtirokchilar ShHTga a'zo davlatlar o‘rtasidagi oziq-ovqat tizimlari va ularning barqaror o‘zgartirish usullari bo‘yicha o‘zaro munosabatlarning salohiyati yuqori ekanini yana bir bor e'tirof etishdi, savdoni mustahkamlash, ichki oziq-ovqat bilan ta'minlash, texnik ko‘mak ko‘rsatish va boshqa masalalar bo‘yicha ShHTga a'zo davlatlar orasida hamkorlikni yanada kuchaytirish imkoniyatlarini o‘rganishdi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi