Bugungi kunda xalqaro miqyosida ish faoliyat samaradorligini va sifatini oshirishga qaratilgan eng mashhur standartlardan biri “ISO 9001 sifat menejmenti tizimi” xalqaro standarti hisoblanadi.
ISO 9001 standarti asosan boshqarish mexanizmidir. Ushbu standartning maqsadi – xatolar va nuqsonlarni kamaytirish, yo‘q qilish va oldini olishdan iboratdir. Standart mahsulot va xizmatlarning sifati bilan emas, balki boshqaruv tizimining sifatiga bevosita bog‘liqdir.
Shunga ko‘ra, Adliya vazirligi tomonidan o‘z faoliyatiga xalqaro standartlarni joriy qilish bo‘yicha qator ishlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, muqaddam Adliya vazirligi O‘zbekistonda davlat boshqaruv organlari orasida birinchi bo‘lib Korrupsiyaga qarshi kurashish menejment tizimi bo‘yicha ISO 37001:2016 xalqaro standart sertifikatini qo‘lga kiritgan edi.
Faoliyat samaradorligining aniq ko‘rsatkichlari belgilab olish hamda ish jarayonlarning sifatli bajarilishini baholash tizimini xalqaro standartlar asosida tashkil qilish maqsadida Adliya vazirligi nafaqat respublikamizda, balki Markaziy Osiyo davlatlardagi vazirliklar orasida birinchilardan bo‘lib “ISO 9001 sifat menejmenti tizimi” xalqaro standarti sertifikatini qo‘lga kiritdi.
2021-yil 11-avgust kuni keng jamoatchilik va OAV vakillari ishtirokida mazkur sertifikatni Adliya vazirligiga topshirish tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Bugungi kunda 170 dan ortiq mamlakatlardagi 1 mlndan ortiq firma va tashkilotlarda ushbu sertifikatga ega bo‘lgan.
Ushbu sertifikatni qo‘lga kiritish uchun adliya vazirligida qanday amalga oshirildi?
Birinchidan, Adliya vazirligining ish faoliyati jarayonlari va ularning natijasini baholash mezonlari ishlab chiqildi. Unga ko‘ra, har yarim yillik yakuni bo‘yicha vazirlik ish faoliyati jarayonlari va ularning natijalari oldindan belgilangan mezonlarga ko‘ra baholab boriladi.
Ikkinchidan, barcha yo‘nalishlar bo‘yicha erishilishi lozim bo‘lgan ko‘rsatkichlar belgilab olindi. Mazkur ko‘rsatkichlarga erishilishi holati har hisobot davrida monitoring qilib boriladi.
Uchinchidan, Adliya vazirligining ish faoliyatini amalga oshirishda tashqi va ichki imkoniyatlar va xavf-xatarlar, manfaatdor tomonlar va ularni talablari aniqlashtirish bo‘yicha tahlil o‘tkazilib, faoliya sifatiga ta'sir qiluvchi xavf-xatarlarni kamaytirish va sifatni yanada oshirish bo‘yicha ish rejalar ishlab chiqildi. Bunda, ish faoliyat har hisobot davrida auditdan o‘tkazilib, sifatga ta'sir qiluvchi omillar bartaraf qilib boriladi.
To‘rtinchidan, an'anaviy tarzda hisobotdagi ko‘rsatkichlarni miqdoridan kelib chiqib baholashdan voz kechilib, har bir soha bo‘yicha alohida maqsadli mezonlar belgilab olindi va ushbu mezonlarni etishilganligiga qarab baholash tizimi joriy qilindi.
Masalan, standart talablari bo‘yicha sifat mezoni sifatida:
murojaatlar bo‘yicha kelib tushgan murojaatlar soni emas, balki murojaat qiluvchilarning talablari qanoatlantirilib, aniq choralar ko‘rilgan murojaatlar soni;
nazorat qilish funksiyalari bo‘yicha o‘rganishlar soni emas, balki aniqlangan qonunbuzilishlarini bartarf qilinganlari soni;
qonunchilik hujjatlarin takomillashtirish bo‘yicha takliflar soni emas, balki aniq muammolarni yechishga qaratilgan va qabul qilingan qonunchilik hujjatlarin takomillashtirish bo‘yicha takliflar soni mezon sifatida olindi.
Amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarning amaliy natijasida:
adliya organlari va muassasalarida keraksiz hisobot ko‘rsatkichlarini ortidan quvish emas, balki yuridik va jismoniy shaxslar, xususan, fuqarolarning aniq qonuniy huquqlarini tiklash bo‘yicha ko‘rsatkichlarga e'tibor qaratilishiga;
qonunchilik hujjatlariga tahririy va amaliy jihatdan ahamiyatsiz takliflarni o‘rniga aholi va tadbirkorlarning og‘irini yengil qiluvchi hamda ortiqcha ma'muriy tartib-taomillarni bekor qiluvchi takliflar taqdim qilinishiga erishildi.
Xulosa sifatida aytish mumkinki, adliya vazirligining faoliyati samaradorligi va sifatini oshirish orqali jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlarini to‘liq ta'minlanishiga hamda O‘zbekiston Respublikasi Konstitusiyasi va xalqaro huquqning umum e'tirof etilgan qoidalari asosida insonparvar qonun hujjatlari ishlab chiqilishiga erishish ustuvor maqsad qilib olingan.