Ma'lumki, 23-iyul sanasidan e'tiboran butun dunyo nigohi Tokio shahriga qaratildi. Xususan, biz ham Tokio — 2020 XXXII yozgi Olimpiya o‘yinlarida ishtirok etgan sportchilarimizning barcha bahslarini hayajon bilan kuzatdik. Ta'kidlash joizki, yurtimiz sharafini himoya qilishga bel bog‘lagan har bir sportchimiz bellashuvlar davomida kuchli matonat va shijoat egasi ekanliklarini yaqqol namoyish etishdi.
Biz ham Olimpiada yakuniga qadar, O‘zbekiston hisobiga 3 ta oltin va 2 ta bronza medalini taqdim etgan sportchilarimiz Ulug‘bek Rashitov, Akbar Jo‘raev, Bahodir Jalolov, Bekzod Abdurahmonov, Davlat Bobonovlar bilan birgalikda quvondik va hayajonlandik. Eng muhimi, mustaqilligimizning 30 yilligi nishonlanish arafasida erishilgan bu muvaffaqqiyat davlatimizning dunyo hamjamiyatidagi o‘rnini yanada mustahkamladi. 16 kun davom etgan Olimpiada davomida qaysidir boy berilgan o‘rinlar uchun tushkunlikka tushmay, safdoshlarini qo‘llab-quvvatlarda davom etgan barcha sportchilarimiz bugun yorug‘ yuz ila vatanga qaytishdi.
Shu o‘rinda, mazkur Olimpiya o‘yinlarida, yurtimiz nufuzi, xalqimiz sha'nini munosib himoya qilgan har bir sportchimizning natijalari bilan birga xalqaro maydondagi munosib ishtiroki uchun ham chin dildan tashakkurlar aytamiz.
Darvoqe, shu o‘rinda alohida e'tirof bilan tilga olishimiz lozim bo‘lgan yana bir sportchimiz — sport gimnastikasi bo‘yicha Olimpiya o‘yinlarida eng ko‘p ishtirok etgan dunyodagi yagona ayol sifatida Ginnesning rekordlari kitobiga kiritilgan Oksana Chusovitina bilan ham har qancha faxrlansak arziydi.
U xalqaro maydonda turib, sport bilan xayrlashar ekan, maydondagi barcha tik turgan holatda unga hurmat ko‘rsatib, olqishladi. Bu juda katta baxt va samimiy yakun bo‘ldi.
Qadrli sportchilar! Siz butun dunyo ko‘z o‘ngida o‘zingizni Alpomishlar yurtidan, Amir Temur, Manguberdi avlodi, To‘maris va Barchinoylarga qiyoslangan onalar farzandi ekanligingizni yana bir bor isbot etdingiz.
Mardlik, jasurlik, oriyat va sha'n har biringizning qoningizda bor.
Siz g‘oliblar avlodisiz, shuni doim yodda tuting!
Qaysi makon, qaysi zamonda bo‘lmasin har bellashuvingizda zafar quchib, yurt bayrog‘i hamisha boshingiz uzra hilpirasin!
Zotan, ana shu hilpiragan bayroq g‘urur va iftixor bilan yosh avlodni sizning ortingizdan ergashtirishini aslo unutmang!
Kelgusidagi bellashuvlaringizda siz yelkangiz uzra baland ko‘tarish ilinjida ko‘ksingizga bosib turgan vatan bayrog‘i bilan birga, yurt sha'ni, xalqimiz, ota-bobolarimiz orzu-maqsadlarini ham ko‘klarga ko‘tarishni chin dildan istab, harakat qilishingizga ishonamiz.
So‘zimiz yakunida, sizni tarbiyalab voyaga yetkazgan ota-onangiz, sizdek sportchilarni ham jismonan ham ruhan chiniktirgan ustozlaringizni farzandlarining muvaffaqqiyati bilan chin dildan tabriklaymiz!
Mislsiz mehnatlari uchun ular kabi fidoyi insonlardan umrbod minnatdormiz va boshimiz yerga tekkuncha ta'zimdamiz.
Aziz sportchilar! Biz siz bilan ko‘ksimiz g‘ururga to‘lib faxrlanamiz.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va turizm vazirligi