O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekistonning Yaponiyadagi elchisi Xirosima universiteti prezidenti bilan uchrashuv o‘tkazdi
2021-08-10 | Siyosat
O‘zbekiston elchisi Muhsinxo‘ja Abdurahmonov Xirosima universiteti prezidenti Mitsuo Ochi bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Suhbat davomida Yaponiya universiteti va O‘zbekiston universitetlari o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Muzokaralar natijasida koronavirus bilan bog‘liq vaziyat barqarorlashganidan keyin Xirosima universiteti delegatsiyasining O‘zbekistonga amaliy safarini va sentyabr oyida O‘zbekiston tibbiyot oliy taʼlim muassasalari talabalari uchun onlayn-maʼruzalar tashkil etish, shuningdek, Yaponiyada o‘zbek talabalarini tayyorlash uchun qo‘shimcha grant mablag‘lari ajratish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.
Diplomatik missiya rahbari Xirosima universitetida tahsil olayotgan vatandoshlar bilan uchrashdi va talabalarning dissertatsiya mavzulari bilan tanishdi.
Yurtdoshlarimizga mamlakat rahbariyati chuqur bilimga, jumladan, o‘z mutaxassisligi va xorijiy tillarni mukammal egallagan yoshlarga katta umid bog‘layotgani, shuningdek, ularga O‘zbekistonda ishlash uchun barcha zarur shart-sharoitlarni yaratilishi taʼkidlandi.
Elchi vatandoshlarimizni universitetda faol o‘qishni davom ettirishga va muvaffaqiyatli yakunlangach, yurtimiz taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shishga daʼvat etdi.
Manba: “Dunyo” axborot agentligi