O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Markaziy Osiyo davlatlari mintaqaviy sheriklikni mustahkamlashning dastlabki bosqichida turibdi

2021-08-09 | Siyosat

Markaziy Osiyo xalqaro institutida mintaqa davlat rahbarlarining uchinchi Maslahat uchrashuvi (6-avgust, Turkmaniston) natijalari tahliliga bag‘ishlangan «Markaziy Osiyoda mintaqaviy hamkorlikning holati va istiqbollari» mavzusida onlayn-konferensiya bo‘lib o‘tdi

Tadbir ishtirokchilari Markaziy Osiyo davlatlari yetakchilarining uchinchi Maslahat uchrashuvi 2017-yilda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan tashkil etilgan mintaqaviy yaqinlashuv kursining mantiqiy davomi bo‘lganini taʼkidladi. 2018-yilda Nur-Sulton va 2019-yilda Toshkentda bo‘lib o‘tgan uchrashuvlar qo‘shnilar o‘rtasidagi muloqotni yana-da rivojlantirishga mustahkam zamin yaratdi.

O‘zbekistonning Markaziy Osiyodagi boshqa davlatlar bilan savdo aylanmasining o‘sib borayotgani alohida taʼkidlab o‘tildi va bu ko‘rsatkich 2016-2020-yillar mobaynida deyarli ikki barobar – 2,4 milliard dollardan 5 milliard dollargacha ko‘tarildi. Ro‘yxatga olingan qo‘shma korxonalar soni 5 barobardan ziyodga, yaʼni 312 tadan 1 ming 600 tagacha oshdi. Investitsion hamkorlik kuchaydi, qo‘shma investitsion kompaniyalar tashkil etildi.

Anjumanda mintaqamizdagi ijobiy o‘zgarishlarga xalqaro hamjamiyat tomonidan ko‘rsatilayotgan ko‘mak ham taʼkidlandi. Jumladan, BMT Bosh Assambleyasi Markaziy Osiyo bo‘yicha «Markaziy Osiyo mintaqasida tinchlik, barqarorlik va barqaror rivojlanishni taʼminlash bo‘yicha mintaqaviy va xalqaro hamkorlikni mustahkamlash», «Markaziy Osiyoda barqaror turizm va barqaror rivojlanish» va "Orolbo‘yi mintaqasini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar zonasi deb eʼlon qilish to‘g‘risidagi» maxsus rezolyutsiyalarni qabul qildi.

Onlayn-tadbirda taʼkidlanganidek, madaniy-gumanitar hamkorlikni rivojlantirishning jadallashuvi ham muhim ahamiyatga ega. Prezident Shavkat Mirziyoyev 2022-yilda O‘zbekistonda Markaziy Osiyo yoshlar forumini o‘tkazish, «bir tur-butun mintaqa» qo‘shma turistik dasturini amalga oshirish, pandemiyaga qarshi kurash doirasida test natijalari va emlash sertifikatlarini tan olish bo‘yicha yagona axborot tizimini ishga tushirish, yuqumli kasalliklarning oldini olish, tashxis qo‘yish va davolash bo‘yicha tajriba almashishni kengaytirish, tibbiyot xodimlarini o‘qitish, dori-darmon ishlab chiqarishda farmakologiya va hamkorlik sohasida ilmiy hamkorlikni yo‘lga qo‘yishni taklif qildi.

Ishtirokchilarining fikriga ko‘ra, Maslahat uchrashuvi natijalari davlatlarning mintaqada tinchlik, barqarorlik va xavfsizlikni taʼminlash borasidagi hamkorlikni yana-da chuqurlashtirish va kengaytirish borasidagi qatʼiy majburiyatini namoyish etdi. Bu davlat rahbarlarining Qo‘shma bayonotida o‘z aksini topdi. Shuningdek, iqtisodiy munosabatlarni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishga qaratilganligini ifoda etadi.

Sammit doirasida Turkmanistonning “Avaza” milliy sayyohlik zonasida yuqori darajadagi uchrashuv bilan birga qator tadbirlar o‘tkazildi. Xususan, iqtisodiy forum, milliy mahsulotlar ko‘rgazmasi, yetakchi ayollar muloqoti, milliy taomlar namoyishi va mintaqa mamlakatlari sanʼat ustalarining  chiqishlari shular jumlasidandir.

Onlayn konferensiya maʼruza bilan ishtirok etgan MOXI direktori Anvar Nosirov yaqqol yutuqlar fonida o‘zaro hamkorlik uchun mavjud juda katta salohiyat hali to‘la ishga solinmaganini taʼkidladi. «Mamlakatlar mintaqaviy sheriklikni mustahkamlashning dastlabki bosqichida turibdi»,- dedi u.

Tadbirda Markaziy Osiyo davlatlarining ekspert-tahlil va ilmiy-akademik hamjamiyati vakillari ishtirok etdi.

Manba: “Dunyo” axborot agentligi

Поделиться