Markaziy Osiyo mamlakatlari iqtisodiy forumi – ko‘p tomonlama hamkorlik uchun makon
Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining 3-Maslahat uchrashuvi davomida “Avaza” Milliy turistik zonasida (Turkmaniston) Markaziy Osiyo mamlakatlarining iqtisodiy forumi bo‘lib o‘tdi.
Tadbir o‘z maydonida 150dan ko‘proq delegatlarni – Turkmaniston, O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikistonning hukumat doiralari vakillari, asosiy vazirlik va idoralari rahbarlarini qamrab oldi.
Tadbirning ochilish marosimida ishtirokchilarga Turkmaniston Prezidenti G.Berdimuhamedovning qutlovi o‘qib eshittirildi. Forum ishi savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy sohalarda, energetika va kimyo tarmoqlarida, shuningdek, transport - logistika sohalarida hamkorlik qilish kabi alohida yo‘nalishlar bo‘yicha tematik sessiyalar shaklida tashkil etildi. Har bir sessiya davomida ko‘p tomonlama hamkorlikni rivojlantirishning bugungi holati va istiqbollari muhokama etildi, shuningdek, mintaqa mamlakatlari o‘rtasida kelgusidagi hamkorlikka oid aniq takliflar o‘rtaga tashlanib, ko‘rib chiqildi.
O‘zbekiston Respublikasi nomidan Forumda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzoqov ishtirok etdi. “Markaziy Osiyo mamlakatlarining savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy salohiyati” sessiyasida so‘zga chiqar ekan, u Forumning mintaqa barqaror rivojlanishiga qaratilgan mamlakatlararo hamkorligining samarali mexanizmlarini yaratish platformasi sifatida muhimligini ta'kidladi.
Mintaqa ichidagi savdo hajmini oshirishning ulkan salohiyati qayd etildi – so‘nggi bir necha yil mobaynida O‘zbekistonning Markaziy Osiyo mintaqasi mamlakatlari bilan savdo aylanmasi ikki barobar oshib, 2020-yilda 5 mlrd dollarga yetdi. Shu nuqtai nazardan, elektron tijoratni rivojlantirish istiqbollari, jumladan, Markaziy Osiyo mamlakatlari tadbirkorlari va eksportchilari o‘zaro bevosita muloqot qilish hamda o‘zaro manfaatli kelishuvlarga erishishlari uchun yagona elektron savdo platformasini yaratish istiqbolligi alohida ta'kidlandi. Shuningdek, tashqi iqtisodiy faoliyat sohasidagi normativ-huquqiy bazani yanada takomillashtirish va savdo to‘siqlarini izchil bartaraf etish zarurligi qayd etildi.
Sanoat kooperatsiyasini jadal rivojlantirish hamkorlikning ustuvor sohasi sifatida belgilandi. Bu, shuningdek, mintaqa mamlakatlari iqtisodiyotlarining bir-birini to‘ldiruvchi afzalliklaridan foydalanish va mintaqa ichida uzluksiz qiymat zanjirlarini shakllantirish imkonini beradi. O‘zbekistonda o‘tgan 5 yil mobaynida qo‘shni mamlakatlar kompaniyalari ishtirokidagi korxonalar soni 6 barobar oshgani ta'kidlandi. Shuningdek, qurilish materiallari, avtomobillar va maishiy texnikani ishlab chiqarish, to‘qimachilik, charm-poyabzal tarmoqlarida sanoat kooperatsiyasi loyihalarini muvaffaqiyatli amalga oshirishning yorqin namunalari keltirildi.
Mintaqa mamlakatlarining transport jihatidan o‘zaro bog‘liqligini yuksaltirishga barqaror iqtisodiy rivojlanish, investitsiyalarni jalb etish va mintaqaviy savdoni rag‘batlantirishning muhim omili sifatida alohida e'tibor qaratildi. Ta'kidlanishicha, pandemiya oqibatida yuzaga kelgan cheklovlarga qaramay 2020-yilda Markaziy Osiyoda kuzatilgan yuk tashish hajmining o‘sishi xalqaro avtomobil' va temir yo‘llarni yanada kengaytirish va transport - logistika infratuzilmasini mustahkamlashning ulkan salohiyatidan dalolat beradi. Shu munosabat bilan O‘zbekiston tomoni Markaziy Osiyo davlatlarini bog‘lovchi transport yo‘laklarini rivojlantirish, mintaqa mamlkatlarining tranzit salohiyatidan foydalanish samaradorligini oshirish, shuningdek, bojxona rasmiylashtiruvi tartiblarini uyg‘unlashtirish va raqamlashtirish bo‘yicha hamkorlikni kuchaytirish taklifini bildirdi.
Sessiya ishtirokchilari ko‘p tomonlama hamkorlikni yanada mustahkamlash va mintaqaviy iqtisodiy manfaatlarni rag‘batlantirish yuzasidan konstruktiv fikr almashdilar. Tadbir yakunida mintaqa mamlakatlari iqtisodiyotlarining yangi “o‘sish nuqtalari”ni aniqlashga qaratilgan ko‘p tomonlama muloqotni rivojlantirish zarurligi to‘g‘risida mushtarak yondashuv ishlab chiqildi.
Forum dasturi doirasida ikki tomonlama uchrashuv va muzokaralar ham o‘tkazildi. Erishilgan kelishuvlar tadbir doirasida imzolangan tegishli hujjatlarda belgilab olindi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi