O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Jun gilamlarini ishlab chiqaruvchi korxonalar soni ortadi
2021-08-09 | Jamiyat
O‘zbekiston Respublikasi Ipakchilik va jun sanoatini rivojlantirish qo‘mitasi raisi Bahrom Sharipov, Yaylov xo‘jaligini rivojlantirish uyushmasi raisi Erkin Haitov afg‘onistonlik katta investor Hamidullo Hamidiy bilan mamlakatimizda jun gilamlarini ishlab chiqaruvchi korxonalarni shakllantirish bo‘yicha uchrashuv o‘tkazdi.
bugungi kunda Xamidullo Hamidiy Farg‘ona viloyatida 2 ta jun gilam ishlab chiqarish korxonasini ishga tushirdi. Mazkur korxonalarda asosan eksportga yo‘naltirish qiyin bo‘lgan dag‘al junlardan sifatli, import o‘rnini bosuvchi va ipakdek yumshoq gilamlar ishlab chiqariladi.
Uchrashuv jarayonida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Surxondaryoga tashrifi chog‘ida Termiz shahrida o‘zbek-afg‘on sanoat parkini tashkil qilish bo‘yicha bergan topshirig‘ini o‘z vaqtida bajarish borasida so‘z yuritildi. Shuningdek, mamlakatimizda jun sanoatini rivojlantirish, junni qayta ishlab tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish, xususan, jun gilamlarini ishlab chiqaruvchi korxonalar sonini ko‘paytirish masalalari muhokama qilindi.
– Respublikamizda serdaromad yangi korxona, fabrika, umuman olganda, ishlab chiqarishga ixtisoslashgan tashkilotlar soni ortar ekan, avvalo, yoshlarimiz va xotin-qizlarimizning bandligi ta’minlanadi, shuningdek, mamlakatimizning eksport hajmi ortadi, –dedi Bahrom Sharipov.
Uchrashuv yakunida endilikda mamlakatimizning Xoraz viloyati va Qoraqalpog‘iston Respublikasida ham jun gilamlarini ishlab chiqaruvchi korxona va yangi fabrikalarni tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Manba: O'zA