O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Rossiya federatsiyasi moliya vazirligi va O'zbekiston Respublikasi moliya vazirligi o'rtasida hamkorlik to'g'risidagi bitim imzolandi
2021-08-06 | Siyosat
Joriy yilning 3-avgust kuni Rossiya federatsiyasi Moliya vazirligi va O'zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi o'rtasida 2021-2023-yillarda hamkorlik to'g'risidagi bitim imzolandi.
Shartnoma 2017-yil 3-apreldagi "O'zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Rossiya Federatsiyasi Moliya vazirligi o'rtasida hamkorlik masalalari bo'yicha o'zaro anglashuv to'g'risida"gi Memorandumda ko'rsatilgan vazifalarni bajarish doirasida imzolandi.
Bitim doirasida ikki tomonlama hamkorlikning yangi dasturi tasdiqlandi, uning doirasida Rossiya Federatsiyasi Moliya vazirligi huzuridagi ilmiy-tadqiqot Moliya instituti (ITMI) 15 mart 2024 yilgacha bo'lgan muddatga davlat moliyasini boshqarish sohasida ilmiy-uslubiy va texnik yordam ko'rsatadi.
Dastur quyidagi yo'nalishlar bo'yicha ilmiy izlanishlar olib borishni nazarda tutadi:
- soliq solish tizimini va soliq ma'muriyatchiligini takomillashtirish,
- makroiqtisodiy prognozlar va fiskal qoidalar tizimlarini qo'llagan holda budjet siyosatini shakllantirish,
- tashabbuskor budjetlashtirish amaliyotini joriy etish,
- dasturiy budjetlashtirish tamoyillarini joriy etish,
- davlat xarid qilish faoliyatining budjet mexanizmlarini takomillashtirish,
- aholi turmush darajasi va turmush farovonligini oshirishga qaratilgan O'zbekiston Respublikasining ijtimoiy sohasini rivojlantirish bo'yicha takliflar ishlab chiqish (ijtimoiy himoya, ta'lim, sog'liqni saqlash) va boshqalar.
Dasturning amalga oshirilishi ikki mamlakatning Moliya vazirliklari o'rtasida har tomonlama hamkorlikni rivojlantirish, iqtisodiyotni chuqur isloh qilish, eng muvaffaqiyatli xorijiy va rus amaliyotlarini hisobga olgan holda O'zbekistonda davlat moliyasini boshqarishning eng yangi mexanizmlarini samarali joriy etish bo'yicha yuklatilgan vazifalarni bajarishga xizmat qiladi.
Eslatib o'tamiz, ushbu bitim 2018-yil sentyabr oyida imzolangan bitim muddati tugagandan so'ng imzolangan. 2018-2020-yillarda Moliya vazirliklari o'rtasida ishlab chiqilgan tadbirlar rejasiga muvofiq ikki tomonlama hamkorlik dasturi amalga oshirildi. O'zbekistonning soliq islohoti, fiskal qoidalarni ishlab chiqish, O'zbekiston Respublikasida davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish bilan bog'liq yo'nalishlar o'zaro hamkorlik sohalari orasida alohida o'rin egalladi.
Manba: O‘zbеkistоn Rеspublikаsi Mоliya vаzirligi