O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

O‘zbekistonda yilqichilik, ot sporti, zamonaviy beshkurash va poloni 2025-yilgacha rivojlantirish davlat dasturi to‘g‘risida

2021-08-06 | Hujjatlar

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 11-martdagi “Yilqichilik va ot sportini yanada rivojlantirish hamda zamonaviy beshkurash va polo sport turini ommalashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ–5024-son qaroriga muvofiq, ushbu sport turlari rivojlanishining yaqin va uzoq muddatli istiqbollarini belgilash va ommalashtirish, ular bo‘yicha milliy terma jamoamizning Olimpiya va Paralimpiya, Osiyo va Paraosiyo o‘yinlarida, jahon chempionatlarida va boshqa yirik musobaqalarda ishtirok etishi va yuqori natijalarga erishilishini ta’minlash maqsadida:

1. Quyidagilar:

O‘zbekistonda yilqichilik, ot sporti, zamonaviy beshkurash va poloni 2025-yilgacha rivojlantirish davlat dasturi (keyingi o‘rinlarda – Davlat dasturi) 1-ilovaga muvofiq;

O‘zbekistonda yilqichilik, ot sporti, zamonaviy beshkurash va poloni 2025-yilgacha rivojlantirish davlat dasturini 2021-yilda amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” 2-ilovaga muvofiq;

O‘zbekistonda yilqichilik, ot sporti, zamonaviy beshkurash va poloni 2025-yilgacha rivojlantirish davlat dasturining maqsadli ko‘rsatkichlari (indikatorlari) (keyingi o‘rinlarda – Maqsadli ko‘rsatkichlar) 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Belgilab qo‘yilsinki, Davlat dasturi erishilgan natijalar, Maqsadli ko‘rsatkichlar hamda yilqichilik va ot sporti, zamonaviy beshkurash va poloni ommalashtirish bo‘yicha tegishli davrga mo‘ljallangan asosiy yo‘nalishlardan kelib chiqqan holda Vazirlar Mahkamasi qarori bilan har yili alohida-alohida tasdiqlanadigan “yo‘l xaritalari” asosida bosqichma-bosqich amalga oshiriladi.

Turizm va sport vazirligi (A.Abduxakimov) Milliy gvardiya, Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi, O‘zbekiston yilqichilik va ot sporti federatsiyasi, O‘zbekiston zamonaviy beshkurash federatsiyasi, O‘zbekiston polo federatsiyasi bilan birgalikda 2021-yil 1-dекabrga qadar Davlat dasturini 2022-yilda amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi”ni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

2. Turizm va sport vazirligi, Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi, O‘zbekiston yilqichilik va ot sporti federatsiyasi, O‘zbekiston zamonaviy beshkurash federatsiyasi, O‘zbekiston polo federatsiyasining 2021–2025 yillar davomida:

67 ta bolalar-o‘smirlar sport maktabida ot sporti turlari, shu jumladan, zamonaviy beshkurash bo‘yicha 52 tapolo bo‘yicha 15 ta bo‘limlar tashkil etish;

har bir olimpiya zaxiralari kollejida ot sporti va zamonaviy beshkurash bo‘limlarini tashkil etish;

naslli va zotdor otlarni ko‘paytirish maqsadida Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda 170 ta yilqichilik хўжaликлaриni tashkil etish to‘g‘risidagi takliflari ma’qullansin.

Bosh vazir o‘rinbosari – turizm va sport vaziri A.Abduxakimov O‘zbekiston yilqichilik va ot sporti federatsiyasi, O‘zbekiston zamonaviy beshkurash federatsiyasi va O‘zbekiston polo federatsiyasi bilan birgalikda:

2021/2022 o‘quv yili boshlanguniga qadar bolalar-o‘smirlar sport maktablarida ot sporti turlari bo‘yicha 8 ta bo‘lim, 3 ta olimpiya zaxiralari kollejida ot sporti bo‘limlari ochilishini ta’minlasin;

2021-yil 1-sentabrga qadar bolalar-o‘smirlar sport maktablari va olimpiya zaxiralari kollejlarining ot sporti turlari bo‘yicha bo‘limlarini xalqaro talablarga javob beradigan sport anjomlari, jihozlari, kiyimlari va ekipirovkasi hamda boshqa zarur vositalar bilan ta’minlasin va ushbu maqsadlarga Turizm va sport vazirligiga hamda uning tizimidagi sport-ta’lim muassasalariga byudjetdan 2021-yil uchun ajratilgan mablag‘larning iqtisod qilingan qismidan zarur mablag‘lar, shuningdek, homiylik mablag‘larini yo‘naltirsin.

Bosh vazir o‘rinbosari Sh.G‘aniyev Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda yilqichilik xo‘jaliklarini tashkil qilish rejasi, ularning aniq joylashgan joyi, nomi va ro‘yxatini tasdiqlasin.

3. Belgilansinki:

a) 2021/2022 o‘quv yilidan boshlab ot sporti bo‘yicha Respublika oliy sport mahorati maktabining usta-chavondozi, ot parvarishlovchisi, taqachisi, otxona boshlig‘i (brigadir), zootexnigi, veterinar-shifokori, feldsher-veterinarlari mehnatini rag‘batlantirishga Vazirlar Mahkamasining 2010-yil 23-sentabrdagi “Sport maktablari faoliyatini hamda sport maktablari trenerlari va mutaxassislari mehnatini moddiy rag‘batlantirish tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi 211-son qarorida belgilangan shartlar tatbiq etiladi. Bunda, usta-chavandoz, ot parvarishlovchi, taqachi, otxona boshlig‘i (brigadir) – trenerga, veterinar-shifokor – shifokorga, zootexnik va feldsher-veterinar – hamshiraga tenglashtiriladi;

b) 2022/2023 o‘quv yilidan boshlab:

Samarqand veterinariya meditsinasi instituti hamda uning Nukus
va Toshkent filiallarida yilqichilikka ixtisoslashgan veterinariya shifokorlari va zootexniklarini tayyorlash bo‘yicha bakalavriat ta’lim yo‘nalishi ochiladi;

O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti hamda uning Nukus va Farg‘ona filiallarida ot sporti bo‘yicha bakalavriat ta’lim yo‘nalishining maxsus sirtqi ta’lim shakli ochiladi;

O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetining bakalavriat ta’lim yo‘nalishiga o‘quv yili uchun ajratilgan qabul parametrlarini yo‘nalishlar bo‘yicha taqsimlashda zamonaviy beshkurash va polo uchun o‘rin ajratiladi.

4. O‘zbekiston yilqichilik va ot sporti federatsiyasi huzuridagi Naslli, sport va tozaqonli otlarni yetishtirish va ko‘paytirish bo‘yicha innovatsion seleksiya-genetika markazi tarkibida Ippologiya ilmiy-tadqiqot instituti tashkil qilinsin.

Belgilab qo‘yilsinki:

Institut otlarning anatomiyasi, fiziologiyasi, ko‘paytirish biologiyasi, zotlarni o‘zgartirish va boshqa masalalarni ilmiy tomonidan o‘rganuvchi ixtisoslashtirilgan ilmiy tashkilot hisoblanadi;

Institut ilmiy tashkilot sifatida davlat buyurtmalari va dasturlarini amalga oshirishda hamda fundamental va amaliy tadqiqotлaрni olib borishda ishtirok etadi;

Institut xodimlariga Fanlar akademiyasi tizimidagi ilmiy tashkilotlarning tegishli lavozimlari uchun belgilangan mehnatga haq to‘lash miqdorlari va shartlari tatbiq etiladi.

Quyidagilar Institut faoliyatini moliyalashtirish manbalari etib belgilansin:

Davlat byudjetidan ilmiy faoliyatga oid davlat dasturlarini amalga oshirish uchun ajratiladigan mablag‘lar;

Ilm-fanni moliyalashtirish va innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari;

yuridik va jismoniy shaxslar, shu jumladan, norezidentlarning homiylik xayriyalari;

xalqaro va chet el tashkilotlarining grantlari;

qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar.

Vazirlar Mahkamasi ikki oy муддaтдa Institut faoliyatini tashkil etish bo‘yicha Hukumat qarorini qabul qilsin.

5. Turizm va sport vazirligi hamda O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi, O‘zbekiston Milliy paralimpiya qo‘mitasi, O‘zbekiston yilqichilik va ot sporti federatsiyasi, O‘zbekiston zamonaviy beshkurash federatsiyasi, O‘zbekiston polo federatsiyasining 2021-yil 1-sentabrdan boshlab har yili an’anaviy tarzda:

ot sportining ot yo‘rttirish turi bo‘yicha Toshkent viloyatida “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti kubogi uchun”, ot sportining to‘siqlardan sakrash (konkur) turi bo‘yicha Qashqadaryo viloyatida “Qarshi Open”, Toshkent shahrida “Millatlar kubogi” xalqaro turnirlarini;

zamonaviy beshkurash bo‘yicha Toshkent shahrida “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti kubogi uchun”“Tashkent Open”“Central Asian Cup”, ushbu sport turining lazer-ran yo‘nalishi bo‘yicha “Central Asian Championship” xalqaro turnirlarini;

polo bo‘yicha Toshkent viloyatida “Amirsoy-Polo Cup”Qashqadaryo viloyatida “Kok-Saray Cup”Toshkent shahrida “Tashkent Open” xalqaro turnirlarini tashkil qilish to‘g‘risidagi takliflari ma’qullansin.

Bosh vazir o‘rinbosari – turizm va sport vaziri A.Abduxakimov, O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi, O‘zbekiston Milliy paralimpiya qo‘mitasi, O‘zbekiston yilqichilik va ot sporti federatsiyasi, O‘zbekiston zamonaviy beshkurash federatsiyasi, O‘zbekiston polo federatsiyasi, O‘zbekiston uloq-ko‘pkari federatsiyasi:

Jizzax, Qashqadaryo, Surxondaryo, Toshkent viloyatlari va Toshkent shahar hokimligi bilan birgalikda bir oy muddatda mazkur bandda ko‘rsatilgan xalqaro turnirlarga puxta tayyorgarlik ko‘rish va ularni yuqori saviyada o‘tkazish bo‘yicha “yo‘l xaritalari”ni tasdiqlasin. Bunda, turnirlarni o‘tkazish bilan bog‘liq moliyaviy xarajatlarni qoplash manbalari etib homiylik, mahalliy byudjet va boshqa mablag‘lar belgilanadi;

xalqaro turnirlarda mahalliy sportchilar bilan birgalikda yuqori reytingga ega bo‘lgan kuchli xalqaro sportchi, trener va hakamlarning ishtirokini ta’minlasin;

2022-yil 1-yanvardan boshlab respublika, hududiy va tuman (shahar) sport va ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlarining kalendar rejalariga ot sporti turlari bo‘yicha musobaqalar va turnirlarning kiritilishini ta’minlasin hamda ularni yuqori darajada o‘tkazish choralarini ko‘rsin.

6. Transport vazirligi, Qurilish vazirligi va Energetika vazirligining 2022-yil 1-sentabrga qadar:

“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJning homiylik xayriya mablag‘lari hisobidan ot sporti bo‘yicha Respublika oliy sport mahorati maktabining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash;

“O‘zsanoatqurilishmateriallari” AJning homiylik xayriya mablag‘lari hisobidan O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti hududida 30 o‘rinli zamonaviy otxona binosi va ochiq sport manejini barpo etish;

“O‘zbekneftgaz” AJning homiylik xayriya mablag‘lari hisobidan Respublika olimpiya zaxiralari kolleji hududida sportchilarning shug‘ullanishi, yashashi uchun sharoitlarga ega bo‘lgan zamonaviy 2 qavatli binoni qurib foydalanishga topshirish hamda ushbu binoga tekin foydalanish huquqi asosida O‘zbekiston zamonaviy beshkurash federatsiyasini joylashtirish to‘g‘risidagi takliflari qabul qilinsin.

7. Bolalar-o‘smirlar sport maktablari, olimpiya zaxiralari kollejlari ot sporti, zamonaviy beshkurash va polo bo‘limlarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash uchun belgilangan tartibda shakllantiriladigan ro‘yxat bo‘yicha olib kelinadigan, respublikamizda ishlab chiqarilmaydigan inventarlar, sport kiyimlari, sport otlari, naslli mahsulotlar (materiallar), ozuqa va ozuqa qo‘shimchalari, vitaminlar, veterinariya dori vositalari, uskunalar va materiallar, otlarni tashishga mo‘ljallangan yangi va ishlab chiqarilganligiga yetti yil to‘lmagan maxsus avtotransport (konevoz) vositalari va tirkamalar, lazerli to‘pponcha va nishonlar, polo tayog‘i 2024-yil 1-iyulga qadar bojxona bojidan ozod etilsin.

8. Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi (A.Voitov), “O‘zavtosanoat” AJ, “O‘zcharmsanoat” uyushmasi, “Hunarmand” uyushmasi 2021-yildan boshlab tadbirkorlar, shu jumladan, xorijiy investorlarni jalb etish orqali ot sporti turlari uchun zarur sport kiyimlari, uskuna va jihozlarni ishlab chiqarishni mahalliylashtirish choralarini ko‘rsin.

9. Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi (B.Norqobilov) ikki oy muddatda sof zotdor otlarni urchitish va ko‘paytirish, yosh otlar rivojlanishi va o‘sishini, yilqichilik fermalarida qimiz ishlab chiqarishni, intensiv ot bo‘rdoqichiligini tashkil etish, yaylov va yem-ozuqa bazasini mustahkamlash va otlardan olingan mahsulotlar turlarini kengaytirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar rejasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

10. Turizm va sport vazirligi (A.Abduxakimov) Tashqi ishlar vazirligi (A.Kamilov) bilan birgalikda ot sporti turlarini rivojlantirish va ommalashtirish maqsadida:

Xalqaro ot sporti federatsiyasi, Osiyo ot sporti federatsiyasi bilan hamkorlikni kuchaytirsin, bu borada manzilli chora-tadbirlarni amalga oshirsin;

ot sporti turlari bo‘yicha jahon reytinglarida yetakchilik qilayotgan davlatlar bilan birgalikda mutaxassislarni tayyorlash va ularning malakasini oshirish, musobaqalar va turnirlarni o‘tkazish, tajriba almashish, boshqa qo‘shma loyihalarni amalga oshirish yuzasidan o‘zaro manfaatli hamkorlikni o‘rnatsin.

11. Respublikamizda yilqichilik va ot sportini rivojlantirishga ko‘maklashish bo‘yicha ishchi guruh Yilqichilik, ot sporti, zamonaviy beshkurash va poloni rivojlantirishga ko‘maklashish bo‘yicha ishchi guruh etib qayta tashkil qilinsin hamda uning tarkibi 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Ishchi guruh (A.Abduxakimov):

a) bir oy muddatda:

har bir hudud kesimida ot sporti turlarining amaldagi holatini chuqur tahlil qilsin;

hududlarda ot sporti turlarini rivojlantirishga ko‘maklashishga qodir bo‘lgan tashkilotlarni safarbar etsin;

joylarda ot sporti turlarini rivojlantirish va muvofiqlashtirish, uslubiy qo‘llab-quvvatlash va monitoring qilish maqsadida O‘zbekiston yilqichilik va ot sporti federatsiyasi, O‘zbekiston zamonaviy beshkurash federatsiyasi, O‘zbekiston polo federatsiyasining hududiy bo‘linmalarini tashkil etish va qo‘llab-quvvatlash choralarini ko‘rsin;

b) ikki oy muddatda har bir hududda mazkur qaror talablaridan kelib chiqib ot sporti turlarini rivojlantirish va ommalashtirish bo‘yicha hududiy dasturlarni tasdiqlasin va ijrosini ta’minlasin. Bunda dasturlarda:

yosh avlod chavandozlarini tarbiyalashga yo‘naltirilgan milliy ot sporti musobaqalarini tashkil etish va o‘tkazish, milliy ot sportining xalqaro dovrug‘ini oshirish;

tuman (shahar) hokimlari va viloyat rahbarlari kuboklari musobaqalarini tashkil etish;

ot sportining milliy va an’anaviy turlarini rivojlangan mamlakatlar bilan raqobat qila oladigan darajaga yetkazish, xalqaro standartlar asosida mutaxassislarni tayyorlash;

yirik xalqaro musobaqalar, jumladan, o‘smirlar, yoshlar va xotin-qizlar jamoalari o‘rtasida jahon va qit’a birinchiliklarini o‘tkazish;

ot sporti turlarini aholi o‘rtasida, shu jumladan, ommaviy axborot vositalari orqali targ‘ib qilish va ularni ushbu musobaqalarga keng jalb qilish choralarini ko‘rish;

milliy bayramlarda ot sporti bilan bog‘liq holda o‘tkaziladigan musobaqalar grafigini ishlab chiqish choralarini ko‘rsin.

12. O‘zbekiston Milliy axborot agentligi hamda O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi mazkur qaror asosida amalga oshirilayotgan ishlarni ommalashtirishga qaratilgan maqolalar, tematik teleko‘rsatuvlar tashkil etsin.

13. Turizm va sport vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

14. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil etishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib turizm va sport vaziri o‘rinbosari A.Q.Karimov, Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi B.T.Norqobilov, O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi raisi R.M.Shaabduraxmanov, O‘zbekiston Milliy paralimpiya qo‘mitasi raisi M.M.Tashxodjayev, O‘zbekiston yilqichilik va ot sporti federatsiyasi, O‘zbekiston zamonaviy beshkurash federatsiyasi, O‘zbekiston polo federatsiyasi, O‘zbekiston uloq-ko‘pkari federatsiyasi rahbarlari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari belgilansin.

Qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun mas’ul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari A.A.Abduxakimov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi A.A. Abduvaxitov zimmasiga yuklansin.

Amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijadorligi yuzasidan har yili 1-yanvargacha O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga axborot berib borilsin.

O‘zbekiston Respublikasi

        Prezidenti                  Sh.MIRZIYOYEV

Toshkent shahri,

2021-yil 5-avgust

Manba: O'zA

Поделиться