Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligida mamlakatimizda o‘z diplomatik missiyasini yakunlayotgan Finlyandiya Respublikasining O‘zbekistondagi Elchisi M.Liivala bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston tomoni M.Liivalaga O‘zbekiston-Finlyandiya munosabatlari rivojiga qo‘shgan shaxsiy hissasi uchun minnatdorlik izhor etdi. O‘z navbatida, finlyandiyalik diplomat mamlakatda ro‘y berayotgan ijtimoiy-iqtisodiy o‘zgarishlarning ahamiyatini yuqori baholab, mushtarak vazifalarni amalga oshirish doirasidagi samarali hamkorlik uchun tashakkur bildirdi.
Uchrashuv chog‘ida savdo, transport va logistika, qishloq xo‘jaligi va axborot-kommunikasiya texnologiyalari, sog‘liqni saqlash va turizm kabi ustuvor yo‘nalishlarida O‘zbekiston-Finlyandiya hamkorligining istiqbollari muhokama qilindi.
Finlyandiya dunyodagi eng ekologik toza hamda atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida ulkan tajribaga ega davlatlardan biri hisoblanadi. Shu munosabat bilan, O‘zbekiston tomoni “yashil texnologiyalar” sohasidagi hamkorlikni jadallashtirishga qiziqish bildirdi.
Yaqin kelajakda O‘zbekiston – Finlyandiya o‘rtasida Savdo-iqtisodiy va ilmiy-texnik hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiyasining navbatdagi yig‘ilishini hamda ikki mamlakat tadbirkorlari ishtirokida biznes-forumni o‘tkazish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi