O‘zbekiston va Turkmaniston Hukumatlararo komissiyaning navbatdagi yig‘ilishini o‘tkazadi
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari - investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzoqov Ashxobod shahrida Turkmaniston Vazirlar Mahkamasi Raisining o‘rinbosari, savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy va madaniy hamkorlik bo‘yicha Hukumatlararo komissiya (HK)ning turkman tomonidan raisi E.Orazgeldiev bilan muzokaralar o‘tkazdi.
Muzokaralar chog‘ida ikki davlat o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni rivojlantirishning ulkan salohiyati alohida ta'kidlandi, ustuvor yo‘nalishlarda munosabatlarni chuqurlashtirish uchun mavjud resurs va imkoniyatlarni safarbar qilish dolzarbligi qayd etildi.
Yaqin vaqt ichida HK O‘zbekistondagi navbatdagi yig‘ilishini o‘tkazish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Shuningdek, HK doirasida O‘zbekiston-Turkmaniston Ishbilarmonlar Kengashining ikkinchi yig‘ilishi ham tashkil etiladi. Bo‘lajak tadbirlar kun tartibini shakllantirish va yangi investitsiyaviy loyihalar hamda savdo bitimlarini ishlab chiqishga qaratilgan ikki mamlakatning tegishli vazirlik va idoralarining hamkorlikdagi sa'y-harakatlari faollashtiriladi.
Tomonlar transport va logistika sohalarida hamkorlikni rivojlantirish istiqbollariga alohida e'tibor qaratdilar. Ikki mamlakat Transport vazirliklari tomonidan sanitariya-epidemiologiya talablariga rioya etgan holda to‘g‘ridan-to‘g‘ri havo transporti hamda xalqaro avtomobil qatnovlarini qayta tiklash masalalari ustida ish borilishiga kelishib olindi.
Shuningdek, chegara o‘tish nuqtalarining o‘tkazuvchanlik qobiliyatini oshirish, o‘zaro savdoning o‘sishi uchun tarif va notarif to‘siqlarni bartaraf etish hamda ikki mamlakatning transport quvvatlari va tranzit salohiyatidan foydalanish samaradorligini oshirish bo‘yicha qo‘shma chora-tadbirlarni ishlab chiqish ishlari amalga oshiriladi.
Ishlab chiqilgan chora-tadbirlar va takliflar O‘zbekiston Respublikasi va Turkmanistonni bog‘lovchi transport yo‘laklarini yanada rivojlantirish uchun tegishli “Yo‘l xaritasi”da birlashtiriladi. Muzokaralar yakunida tomonlar erishilgan kelishuvlarni ro‘yobga chiqarish bo‘yicha birinchi darajali sa'y-harakatlarni belgilab oldilar.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi