O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Hayʼat yig‘ilishi: 2021-yilning I yarim yilligi sarhisob qilindi
2021-08-05 | Iqtisodiyot
Davlat soliq qo‘mitasi raisi Sherzod Kudbiyev boshchiligida Davlat soliq qo‘mitasining navbatdagi joriy yilning birinchi yarim yilligi sarhisobiga bag‘ishlangan Hayʼat yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Videokonferens aloqa shaklida tashkil etilgan yig‘ilishda markaziy apparat departament direktorlari va mustaqil boshqarmalar boshliqlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar davlat soliq boshqarmalari, tuman, shahar davlat soliq inspeksiyalari hamda tizim tarkibidagi tashkilotlar, taʼlim muassasalarining 2200dan ziyod rahbar xodimlari ishtirok etdi.
Hayʼat majlisida byudjetga qo‘shimcha zaxiralarni aniqlash, soliq maʼmurchiligini raqamlashtirish, tizimda korrupsiya holatlarining oldini olish, kadrlar salohiyatini oshirish va davlat soliq xizmati organlariga biriktirilgan tuman (shahar)larda, 4-sektor hududlarida amalga oshirilayotgan ishlar natijadorligi muhokama qilindi.
2021-yilning I yarim yilligida byudjetga 61,4 trln.so‘m tushirilib, 5,3 trln.so‘mlik qo‘shimcha daromadlar jalb etildi. Bu soliq tushumlari pandemiyadan oldingi 2019-yilning mos davriga nisbatan 1,6 baravarga o‘sganini anglatadi.
Bundan tashqari, 4-sektor hududlarini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning 3 pog‘onali “mahallabay” ishlash tizimi doirasida “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan 232 149 nafar fuqaroning 156 931 nafari ish bilan taʼminlandi. Hududlarda parrandachilik sohasini rivojlantirish maqsadida 4-sektorlarga biriktirilgan 1 956 ta MFYlarda 3 850 ga yaqin inkubator tashkil etildi.
Sherzod Kudbiyev bu natija tizimdagi barcha xodimlarning mehnat samarasi ekanligini taʼkidlab, jumladan shunday dedi: "Kasbini sevadigan, yurtiga fidoyi va o‘zini hurmat qiladigan har bir rahbar, har bir xodim mehnatini qadriga yetishi va professional g‘ururi bo‘lishi kerak. Siyosiy tadbirlar arafasida turibmiz va hududlar o‘zining bunday ko‘rsatkichlarini xalqqa yetkaza bilishi kerak."
Tushumlar oshishiga prognoz ko‘rsatkichlarini bajargan hududiy davlat soliq boshqarmalari va inspeksiyalarini rag‘batlantirish institutining joriy etilganligi ham ijobiy taʼsir ko‘rsatayotgani taʼkidlandi.
Misol uchun, 2021-yil yanvar oyida prognoz ko‘rsatkichlarini muddatidan oldin bajargan 3 ta boshqarma va 65 ta inspeksiya rag‘batlantirilgan bo‘lsa, iyun oyida bunday boshqarmalar soni 8 tani, inspeksiyalar esa 159 tani tashkil etdi.
Bundan tashqari, Hayʼat yig‘ilishida Hisob palatasi tomonidan Davlat byudjeti, davlat maqsadli jamg‘armalari byudjetlarining 2020-yildagi ijrosi to‘g‘risidagi hisobot bo‘yicha o‘tkazilgan tashqi audit natijalari, Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 14-iyuldagi 446-son qaroriga asosan tadbirkorlik subyektlarini davlat reyestridan chiqarish, Bosh prokuratura tomonidan davlat soliq xizmati organlarida o‘tkazilgan o‘rganish natijalari ko‘rib chiqildi.
Shuningdek, qonunchilik hujjatlari ijrosini samarali tashkil etishda Davlat soliq qo‘mitasi rahbarlarining shaxsiy javobgarligi to‘g‘risida belgilangan topshiriqlar ijrosini taʼminlash haqidagi masalalar muhokama qilinib, natijasiga ko‘ra Hayʼatning tegishli qarorlari qabul qilindi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi