O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekiston va Ozarbayjon oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida bojxona sohasidagi hamkorlik masalalari muhokama qilindi
2021-08-05 | Ta’lim
O‘zbekiston elchisi Bahrom Ashrafxonov Ozarbayjon davlat bojxona qo‘mitasi akademiyasida bo‘ldi.
Elchi akademiya faoliyati bilan yaqindan tanishgani barobarida ikki tomonlama hamkorlik masalalarini ham muhokama qildi.
2012-yilda tashkil etilgan mazkur akademiya Ozarbayjon davlat bojxona qo‘mitasi huzuridagi ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasasi hisoblanadi. Akademiya bakalavr va magistratura yo‘nalishlarida iqtisodiyot, bojxona, huquq, axborot xavfsizligi, xalqaro savdo va logistika bo‘yicha mutaxassislar tayyorlashga ixtisoslashgan. Bundan tashqari, ta’lim muassasasi negizida DBQ xodimlarining malakasi ham oshiriladi.
Akademiya xalqaro hamkorlik doirasida qator xorijiy davlatlarning ta’lim tuzilmalari bilan kooperatsiya aloqalarini yo‘lga qo‘ygan. Ushbu faoliyat doirasida treninglar, konferensiyalar, kurslar, seminarlar va boshqa tadbirlar doimiy ravishda o‘tkazilmoqda.
Uchrashuv yakunlari bo‘yicha Ozarbayjon davlat bojxona qo‘mitasi akademiyasi va O‘zbekiston davlat bojxona qo‘mitasi Oliy harbiy bojxona instituti o‘rtasida munosabatlarni yo‘lga qo‘yish, jumladan, o‘zaro delegatsiya almashuvlarini amalga oshirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Manba: “Dunyo” axborot agentligi