O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Respublika hududlarida gulchilik va ko‘chatchilik sohalarini yanada rivojlantirish to‘g‘risida
2021-08-05 | Hujjatlar
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori
Respublika hududlarida gulchilik va ko‘chatchilikni rivojlantirish, mahalliy va xorijiy gul navlarini parvarishlash, aholi o‘rtasida gulchilik san’ati sir-asrorlarini ommalashtirish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksport salohiyatini yanada mustahkamlash maqsadida:
1. Respublikada gulchilik va ko‘chatchilik sohalarini rivojlantirish, shu jumladan, gul yetishtirishda aholi bilan kooperatsiya munosabatlarini yo‘lga qo‘yish, soha mutaxassislari malakasini oshirish, ishlab chiqarish jarayonlariga ilmiy ishlanmalarni joriy etishda tadbirkorlarga har tomonlama ko‘maklashish maqsadida Gul yetishtiruvchilar uyushmasi tashkil etilganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
Qishloq xo‘jaligi vazirligi hamda Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi Gul yetishtiruvchilar uyushmasiga:
tadbirkorlik sub’ektlarini gulchilik va ko‘chatchilik bilan shug‘ullanishga qiziqtirish, ularni bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lishi uchun o‘qitish, shu jumladan, xorijiy davlatlarda o‘qitish, shuningdek, bu jarayonga xorijiy mamlakatlardan malakali mutaxassislarni jalb qilish;
gulchilik sohasiga oid seminar, anjuman, yarmarka va ko‘rgazmalar tashkil qilish, shuningdek, xorijiy mamlakatlarda o‘tkaziladigan yarmarka va ko‘rgazmalarda ishtirokini ta’minlash;
xorijiy davlatlardan eksportbop gul navlarini parvarishlash uchun olib kelish va ularni mahalliylashtirish, shuningdek, parvarishlangan gullarni eksport qilish ishlarini tashkil etish bo‘yicha yaqindan amaliy yordam ko‘rsatsin.
2. Qishloq xo‘jaligi vazirligi hamda Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligining Andijon viloyatining Andijon, Izboskan va Oltinko‘l tumanlarini, Namangan viloyatining Namangan va Davlatobod tumanlarini hamda Jizzax viloyatining Zomin va G‘allaorol tumanlarini gulchilikka ixtisoslashtirish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilsin.
Qishloq xo‘jaligi vazirligi (J.Xodjayev, A.To‘rayev) Gul yetishtiruvchilar uyushmasi bilan birgalikda uch oy muddatda gulchilikka ixtisoslashgan tumanlarda tajriba tariqasida gulchilik sohasida tajribaga ega bo‘lgan tadbirkorlar tomonidan gulchilik klasterlari tashkil qilinishini ta’minlasin.
3. Xalqaro moliya institutlaridan qishloq xo‘jaligi sohasi uchun jalb qilinadigan kredit liniyalari mazkur qarorda belgilangan tadbirlarni moliyalashtirish uchun ham yo‘naltirilsin.
4. Belgilab qo‘yilsinki, gulchilikka ixtisoslashgan tumanlarda:
gulchilik faoliyati bilan shug‘ullanayotgan tadbirkorlik sub’ektlarining o‘z faoliyatlarini kengaytirishlari uchun 0,06 gektardan 1 gektargacha yer maydonlari ochiq elektron tanlov orqali 30 yilga dehqon xo‘jaligini yuritish maqsadlari uchun yer uchastkalarini ijaraga berish tartibida ajratiladi;
“Har bir oila – tadbirkor” dasturi doirasida ajratilgan mablag‘larning kamida 10 foizi gulchilik loyihalarini tashkil qilish uchun ajratiladi;
“Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan fuqarolarga ochiq maydonda hamda issiqxonalarda gul yetishtirish bo‘yicha agrotexnik tadbirlarni o‘rgatish maqsadida Andijon, Jizzax va Namangan viloyatlarida har birining maydoni 2 sotix bo‘lgan 25 ta “Gulchilik o‘quv poligon”larini tashkil etish uchun 0,5 gektar yer maydoni tashabbuskor tadbirkorlarga elektron onlayn-auksion (qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yerlarda) yoki ochiq elektron tanlov (qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarda) orqali ijaraga beriladi;
“Gulchilik o‘quv poligon”larida o‘quv kurslarini muvaffaqiyatli tugatgan va maxsus sertifikat olgan ishsiz, ehtiyojmand oilalarga gul va ko‘chat yetishtirishni rivojlantirish maqsadida 6 sotixdan yer maydoni elektron onlayn-auksion (qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yerlarda) yoki ochiq elektron tanlov (qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarda) orqali ijaraga beriladi.
Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi Kadastr agentligi, Andijon, Jizzax va Namangan viloyatlari hokimliklari ikki oy muddatda “Gulchilik o‘quv poligoni” tashkil qilish istagini bildirgan tashabbuskor tadbirkorlar uchun yer maydonlarining elektron onlayn-auksionga yoki ochiq elektron tanlovga qo‘yilishini ta’minlasin.
5. 2021-yil 1-sentyabrdan boshlab shunday tartib o‘rnatilsinki, unga muvofiq 2021-2024 yillarda yillik eksport tushumida gul eksportidan tushum ulushi kamida 30 foizni va 100 ming AQSH dollardan ko‘pni tashkil qiladigan tadbirkorlik sub’ektlarining xomashyo (gul ko‘chatlari, urug‘lari, piyozlari va payvandtaglari) importi uchun sarflangan transport xarajatlarining 50 foizi Eksportni rag‘batlantirish agentligi tomonidan qoplanadi.
6. 2023 yil 1 yanvarga qadar tuganaklar, piyozboshlar, tuganaksimon ildizlar, tuganak piyozlar, ildizpoya, jumladan, vegetativ tinim holatidagi, vegetatsiya yoki gullash davridagi sertarmoqlari, boshqa tirik o‘simliklar (jumladan, ildizlari), qalamchalar va parxishi (TIF TN kodi 0601 va 0602) importida bojxona bojining nol stavkasi qo‘llanilsin.
7. Innovatsion rivojlanish vazirligi ikki oy muddatda ilmiy-texnik dasturlar doirasida gulchilik va ko‘chatchilik sohalarida amalga oshiriladigan ilmiy-tadqiqot va innovatsiya ishlarining ko‘lamini kengaytirishga qaratilgan, aniq natija beradigan loyihalarga davlat buyurtmasini shakllantirib, raqobat asosida moliyalashtirishga tanlov e’lon qilsin.
Bunda, ilmiy loyihalarga ajratiladigan mablag‘larning kamida 40 foizi eksportbop va qimmat gullarni (orxideya, liliya, pion va boshqalar) mahalliy iqlimga moslashtirish uchun gen injeneriyasiga ixtisoslashgan ilmiy laboratoriyalarni tashkil etish hamda jihozlashga yo‘naltirilsin.
8. Qishloq xo‘jaligi vazirligi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bilan birgalikda:
2022/2023 o‘quv yilidan boshlab qishloq xo‘jaligi yo‘nalishidagi oliy ta’lim muassasalarida Gulchilik magistratura mutaxassisligi bo‘yicha kadrlar tayyorlashni yo‘lga qo‘ysin;
2021/2022 o‘quv yilidan boshlab Manzarali bog‘dorchilik va ko‘kalamzorlashtirish bakalavriat ta’lim yo‘nalishining o‘quv rejasiga gulchilikka oid mutaxassislik fanlarini kiritish va o‘quv soatlarini oshirishga e’tibor qaratsin.
9. Qishloq xo‘jaligi vazirligi 2022/2023 o‘quv yilidan boshlab Toshkent davlat agrar universitetida Turkiya Respublikasining Isparta amaliy fanlar universiteti bilan hamkorlikda Manzarali bog‘dorchilik va gulchilik sohasida kadrlar tayyorlashni qo‘shma ta’lim dasturlari asosida yo‘lga qo‘ysin.
10. Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan ishsiz fuqarolarni gulchilik sohasiga o‘qitish maqsadida ikki oy muddatda Andijon viloyati Shahrixon tumani, Namangan viloyati To‘raqo‘rg‘on tumani va Toshkent viloyati Zangiota tumanidagi agrotexnologiyalar texnikumlarida landshaft dizayni, gulchilik seleksiyasi va ko‘chatchilik yo‘nalishlarida o‘rta bo‘g‘in kadrlarni tayyorlash bo‘yicha qisqa muddatli o‘quv kurslarini tashkil qilsin.
11. Qishloq xo‘jaligi vazirligi (J.Xodjayev, A.To‘rayev) uch oy muddatda Toshkent viloyatida faoliyat ko‘rsatayotgan gul yetishtiruvchi tadbirkorlik sub’ektlari bilan hamkorlikda davlat-xususiy sheriklik tamoyillari asosida “Gulchilikka o‘qitish markazi” faoliyatini yo‘lga qo‘ysin.
Qishloq xo‘jaligi vazirligi “Gulchilikka o‘qitish markazi”ga Niderlandiya qirolligi, Turkiya Respublikasi va Tailand qirolligidan jalb qilinadigan malakali mutaxassislarning O‘zbekistonga kelib-ketish va yashash xarajatlarining 50 foizini Yevropa Ittifoqining “Byudjetni qo‘llab-quvvatlash” dasturi doirasida agrosanoat majmuasini qo‘llab-quvvatlash uchun ajratilgan mablag‘lar hisobidan qoplab berish choralarini ko‘rsin.
12. Respublikada gulchilik va ko‘chatchilikni rivojlantirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi” ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
13. Gulchilik faoliyati bilan shug‘ullanayotgan oilalarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida:
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari har bir hududlarda gul ko‘chatlari ta’minotchilari bilan “Har bir oila – tadbirkor” dasturi doirasida loyihalar sonini ko‘paytirish uchun mahallalarda gulchilik loyihalari bo‘yicha taqdimotlar va seminarlar o‘tkazilishini ta’minlasin;
Namangan, Samarqand viloyatlari va Toshkent shahar hokimliklari ikki oy muddatda Namangan, Samarqand viloyatlari va Toshkent shahrida gul hamda ko‘chatlarning yirik ulgurji bozorini tashkil etish choralarini ko‘rsin.
14. Qishloq xo‘jaligi vazirligi Turizm va sport vazirligi, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi, Namangan viloyati hokimligi bilan birgalikda har yili aprel-may oylarida Namangan viloyatida “Xalqaro gullar festivali”ni o‘tkazish yuzasidan chora-tadbirlar dasturini tasdiqlasin.
15. Bosh vazir o‘rinbosari Sh.G‘aniyev bir hafta muddatda Gul yetishtiruvchilar uyushmasi faoliyatini tashkil etish, xorijiy mamlakatlardan ekspert va mutaxassislarni jalb qilish, mahalliy kadrlarni tayyorlash, xalqaro gullar festivali va ko‘rgazmalarda ishtirok etish hamda ilmiy konferensiyalarni o‘tkazish, sohaga oid zamonaviy xorijiy adabiyotlarni olib kelish va tarjima qilish, gulchilik sohasiga oid mahalliy ilmiy ishlar, monografiyalar va nashrlarni rag‘batlantirish, gul turlari tizimini yaratish (sog‘lom va boshlang‘ich gul yetishtiriladigan ko‘chatxonalar) uchun Bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaligini rivojlantirish jamg‘armasi hisobidan 20 milliard so‘m miqdorida mablag‘ ajratilishini ta’minlasin.
16. Gulchilik sohasiga oid loyihalarni moliyalashtirish ustuvor ravishda “Turonbank” aksiyadorlik tijorat banki tomonidan, shuningdek, “Har bir oila – tadbirkor” dasturi doirasida esa barcha tijorat banklari tomonidan amalga oshirilishi belgilansin.
17. Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi (A.To‘rayev) o‘z tizimidagi ilmiy-tadqiqot institutlarining bo‘sh yer maydonlarida hududlarning o‘ziga xos xususiyatlaridan kelib chiqib, tuproq-iqlim sharoitiga mos bo‘lgan xona, gulzor, buta, manzarali daraxt va sovg‘a gullari yetishtiriladigan ko‘chatxonalar tashkil etilishini ta’minlasin.
Bunda, Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markaziga mazkur bandda nazarda tutilgan ko‘chatxonalarni mahalliy va xorijiy korxonalar bilan hamkorlikda tashkil etish uchun o‘ziga tegishli yer maydonlarini ajratish huquqi beriladi.
18. Gul yetishtiruvchilar uyushmasi Toshkent viloyati, Yuqori Chirchiq tumanining A.Yassaviy mahallasi hududida joylashgan Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markaziga tegishli binoda tekin foydalanish huquqi asosida joylashtirilsin.
19. Mazkur qaror ijrosini samarali tashkil etishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib qishloq xo‘jaligi vaziri J.A.Xodjayev, Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi direktori A.M.To‘rayev hamda Gul yetishtiruvchilar uyushmasi raisi belgilansin.
Ushbu qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun mas’ul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Bosh vazir o‘rinbosari Sh.M.G‘aniyev zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi
Prezidenti Sh.MIRZIYOEV
Toshkent shahri,
2021-yil 4-avgust
Manba: O'zA