O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Partiyaning saylovoldi vazifalari belgilandi
2021-08-02 | Saylov
O’zLiDeP Andijon viloyat kengashining saylov masalalariga bag‘ishlangan kengaytirilgan yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Markaziy saylov komissiyasi tomonidan 2021-yil 23-iyuldan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi kampaniyasi boshlangani rasman e’lon qilindi. Ana shu jarayonga tayyorgarlik ishlari yuzasidan partiya viloyat kengashining navbatdagi kengaytirilgan yig‘ilishida partiyaning O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida ishtiroki, partiyadan ko‘rsatiladigan nomzod to‘g‘risida hamda hududiy partiya tashkilotlarida saylovoldi shtablarni tashkil qilish masalalari muhokama qilindi.
Partiya tuzilmalari mas’ul xodimlari, deputatlar, faollar ishtirokidagi mazkur yig‘ilishda so‘z olgan partiya viloyat kengashi raisi Xurshida Xalilova va boshqalar tomonidan joriy yilda o‘tkaziladigan Prezident saylovi yangi tanlangan milliy saylov qonunchiligi asosida umume’tirof etilgan xalqaro standartlarga, shuningdek, demokratik tamoyillarga asosan ochiq va oshkora o‘tkazilishi, mazkur jarayonda O’zLiDeP ham faol ishtirok etishi ta’kidlandi.
– Ayni kunda partiya viloyat kengashida 17 nafar a’zodan iborat saylovoldi shtabi tuzilgan, – deydi partiya viloyat kengashi apparat rahbari Hojimuhammad Xasanxonov. – Shtab a’zolarining har biriga saylovoldi kampaniyasining barcha yo‘nalishlarida targ‘ibot-tashviqot, tashkiliy vazifalarni amalga oshirish yuklatildi. Bundan tashqari, partiya tuman, shahar kengashlari tomonidan ham ana shunday shtablar tashkil etildi. O’zLiDeP bu yilgi saylovda mutlaqo yangi imij, yangicha yondashuvlar bilan ishtirok etadi.
Yig‘ilishda O’zLiDeP viloyat kengashi saylovoldi shtabining asosiy vazifalari belgilab olindi. Xususan, partiya caylovoldi kampaniyasining mafkuraviy, axborot-tahliliy va PR ta’minoti hamda OAV bilan ishlashni muvofiqlashtirish, nomzodning ko‘rgazmali targ‘ibot vositalarini ishlab chiqish, O’zLiDePning saylovoldi kampaniyasi faoliyatini tashkillashtirish va muvofiqlashtirish, saylov komissiyalari bilan ishlash kabi dolzarb vazifalar atroflicha muhokama qilindi. Mazkur yo‘nalishlardagi ishlarni samarali tashkil etish bo‘yicha taklif, fikr va mulohazalar bildirildi.
Yakunda saylov kampaniyasi davrida amalga oshiriladigan ishlar rejasi hamda “Yo‘l xaritasi” tasdiqlandi.
Manba: O'zA