Biznes bilan bevosita muloqot - ishbilarmonlik muhitini yaxshilashning eng samarali vositasi
Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tadbirkorlar bilan bo‘ladigan ochiq muloqotiga tayyorgarlik ko‘rish doirasida tadbirkorlar murojaatlarini qabul qilish va tahlil etish bo‘yicha Shtab faoliyatiga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Matbuot anjumanida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzoqov, investitsiyalar va tashqi savdo vazirining birinchi o‘rinbosari A.Voitov, biznes-ombudsman D.Qosimov va O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining tadbirkorlar murojaatlarini ko‘rib chiqish qabulxonalari faoliyatini tashkil etish va muvofiqlashtirish kotibiyati mudiri A.Allamurodov spikerlar sifatida so‘zga chiqdi.
Matbuot anjumani chog‘ida rejalashtirilgan tadbirga tayyorgarlik ko‘rish jarayoni, shuningdek, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi tomonidan Savdo-sanoat palatasi bilan birgalikda tashkil etilgan tadbirkorlar murojaatlarini qabul qilish va tahlil etish bo‘yicha Shtab faoliyati muhokama qilindi.
Ta'kidlanishicha, iqtisodiy o‘sishni ta'minlashda o‘rta va kichik biznes hamda xususiy tadbirkorlikni rag‘batlantirish muhim o‘rin tutadi. Ayni paytda bu yo‘nalishda amaliy chora-tadbirlar ko‘rilayotganiga qaramay, tadbirkorlar o‘z faoliyati davomida bir qator tizimli va xususiy muammolarga tez-tez duch kelmoqda.
Shu bois, davlat va biznes o‘rtasida konstruktiv muloqot o‘rnatish va joylardagi vaziyatni xolisona baholash hamda mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yanada yaxshilash bo‘yicha takliflar ishlab chiqish uchun tadbirkorlar va investorlar bilan maqsadli ishlarni faollashtirish muhimligi ta'kidlandi. Shu nuqtai nazardan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot o‘tkazish mamlakat ishbilarmonlik doiralari vakillari bilan munosabatlarning tubdan yangi shakli ekanligi haqida fikrlar bildirildi.
Shtab faoliyati va tadbirkorlardan eng ko‘p tushayotgan murojaatlar masalalariga to‘xtalib o‘tildi. Statistik ma'lumotlarga ko‘ra, kredit resurslari, yer uchastkalari ajratish, ishlab chiqarish korxonalarini muhandislik infratuzilmasiga ulash va tadbirkorlar huquqlarini himoya qilish bilan bog‘liq masalalar eng ko‘p uchrayotgan muammolardir.
- Shtablar hududlarda ham faoliyat ko‘rsatmoqda - deydi O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzoqov. — Ularga har bir mas'ul vazirlik va idoradan 3 nafar xodim biriktirilgan. Tadbirkorlardan kelib tushayotgan taklif va murojaatlari 16 yo‘nalishga taqsimlanib, ularning har biri bo‘yicha alohida monitoring olib borilmoqda. Qabul qilingan yakka tartibdagi murojaatlarga ko‘ra, ishchi guruh vakillari tadbirkorlar bilan shaxsan bog‘lanib, ularning masalalarini zudlik bilan hal etish choralarini ko‘rmoqda.
Shtab tashkil etilganidan buyon tadbirkorlardan 7146 ta murojaat, jumladan, xususiy xarakterdagi 5783 ta murojaat, tizimli xarakterdagi 1234 ta masala va boshqalar kelib tushgani ma'lum qilindi.
Shtabning tahliliy guruhi tizimli va alohida muammolar bo‘yicha kelib tushayotgan murojaatlarni tizimlashtirish va tasniflash hamda ularning yechimlarini ishlab chiqish ustida ish olib bormoqda.
Matbuot anjumani yakunida jurnalistlar va blogerlar tadbir kun tartibiga oid bir qator masalalarni ko‘tarishdi. Xususan, Shtabga murojaat qilgan tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash, tadbirkorlarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlashning yangi mexanizmlarini joriy etish, ularning qonuniy huquqlarini himoya qilish, shuningdek, muvaffaqiyatli biznes uchun qiyinchiliklar tug‘dirayotgan davlat organlari rahbarlarining mas'uliyatini oshirish istiqbollarini muhokama qildilar. Mamlakatimiz Prezidenti bilan ochiq muloqotdan so‘ng tadbirkorlar va investorlar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot amaliyoti davom etadimi, yo‘qmi, jurnalistlarni ham qiziqtirdi. Tadbirkorlarning mahalliy hokimiyat organlari bilan o‘zaro hamkorligini huquqiy tartibga solish chora-tadbirlariga, shuningdek, tadbirkor va investorlar muammolarini tezkorlik bilan aniqlash maqsadida Shtabning ommaviy axborot vositalari bilan hamkorligining mavjud imkoniyatlariga alohida e'tibor qaratildi. Ochiq suhbat davomida ommaviy axborot vositalari vakillari barcha bildirilgan savollarga atroflicha javob oldilar.
Tadbir yakunida qatnashgan jurnalistlarga Shtabning ishida bevosita ishtirok etish va kelib tushayotgan masalalarni o‘rganish hamda hal etish jarayoni bilan tanishishga taklif etildi va ushbu taklif ommaviy axborot vositalari vakillari tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi