O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Al-Quvaytda erishilgan kelishuvlarni amaliy jihatdan hayotga tadbiq etish masalalari muhokama qilindi
2021-07-30 | Siyosat
O‘zbekiston elchisi Bahromjon A’loyev Quvayt tashqi ishlar vazirining o‘rinbosari Ali Sulaymon al-Sayid bilan uchrashdi.
Quvayt tomoni 15-16-iyul kunlari Toshkentda «Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar» mavzusidagi yuqori darajali xalqaro konferensiya muvafaqqiyatli o‘tkazilganini e’tirof etdi. Anjuman O‘zbekiston Prezidentining Markaziy va Janubiy Osiyo mintaqalarining o‘zaro bog‘liqligini mustahkamlash bo‘yicha jiddiy yondashuvini yaqqol namoyon etgani ta’kidlandi. Quvayt rahbariyati O‘zbekiston tomoniga ushbu forum yakunlari bo‘yicha erishilgan kelishuvlarni amalga oshirishga ko‘maklashish uchun tayyor ekanini bildirdi.
Bundan tashqari, 16-iyul kuni bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Quvayt tashqi ishlar vaziri shayx Ahmad Nosir Muhammad as-Saboh o‘rtasidagi uchrashuvning yakunlari yuqori baholandi. O‘zbekiston rahbari bilan muloqot do‘stona, konstruktiv va ochiqlik ruhida o‘tgani, samimiyligi, mazmundorligi va samaradorligi bilan ajralib turgani qayd etildi.
Ali Sulaymon al-Sayid Toshkent uchrashuvida O‘zbekiston tomonidan erishilgan kelishuvlarni bajarish bo‘yicha «Yo‘l xaritasi»ning qabul qilinganini olqishladi. Ayni paytda Quvayt tomoni ham O‘zbekiston va Quvayt o‘rtasidagi siyosiy, savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy va madaniy-gumanitar yo‘nalishlardagi hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha «Yo‘l xarita»sini ishlab chiqayotgani ma’lum qilindi.
Uchrashuv yakunida tomonlar muzokaralar va tashqi ishlar vazirliklariaro siyosiy maslahatlashuvlar, savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy hamkorlik bo‘yicha Hukumatlararo komissiyaning birinchi yig‘ilishi, jumladan, aniq faoliyatni o‘z ichiga olgan yagona rejani ishlab chiqishga kelishib oldi.
Bundan tashqari, Quvayt Arab iqtisodiy taraqqiyot jamg‘armasi ishtirokida moliyaviy-texnikaviy sohada yangi loyihalarni ishlab chiqish, koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashish va uning oqibatlarini yumshatish bo‘yicha hamkorlik qilish, axborot texnologiyalari hamda kiiberxavfsizlik sohasida tajriba va muxassislar almashish, shuningdek, oliy ta’lim sohasida o‘zaro aloqalarni rivojlantirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Manba: “Dunyo” axborot agentligi