O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Yurt farovonligi – xalqlar do‘stligi va birdamligida ko‘rinadi

2021-07-30 | Madaniyat

30-iyul – Xalqlar do‘stligi kuni

Millatlararo munosabatlarni rivojlantirish, bag‘rikenglik va insonparvarlik tamoyillari asosida tinchlik, totuvlikni mustahkamlash, yosh avlodni Vatanga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalash davlatimiz siyosatining eng muhim ustuvor yo‘nalishlaridan biri etib belgilandi.  

Prezidentimizning parlamentga yo‘llagan Murojaatnomasida Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining rezolyutsiyasi bilan har yili 30 iyul – Xalqaro do‘stlik kuni sifatida keng nishonlanishini inobatga olib, ushbu sanani O‘zbekistonda “Xalqlar do‘stligi kuni” deb belgilashni taklif etilgan edi. Aslida bu bejizga emas, albatta.  

Xalqlar do‘stligi va umumxalq birdamlik kunini bayram sifatida belgilashdan asosiy maqsad – jamiyatimizning turli qatlamlari hamda tuzilmalari o‘rtasida hamjihatlik, bag‘rikenglik, millatlararo totuvlikni mustahkamlash va do‘stlik aloqalarini yanada rivojlantirishdan iborat. Hozir mamlakatimizda 130 dan ziyod millat va elatlar hamda 16 ta diniy konfessiya vakillari istiqomat qilib, 141 ta milliy madaniy markaz va 36 ta do‘stlik jamiyati faoliyat yuritmoqda.

Toshkent viloyati ham ko‘p millatli hudud hisoblanadi. Aholini milliy tarkibi bo‘yicha o‘zbeklar 70 foiz, qozoqlar 12 foiz, tojiklar 5,5 foiz, ruslar 4,6 foiz va boshqa millat vakillari 7,9 foizni tashkil etadi. Shundan viloyatdagi Yuqori Chirchiq tumanida 66 ming 368 nafarga yaqin, Bo‘stonliq tumanida 42 ming 804 nafarga yaqin, Chinoz tumanida 26 ming 884 nafarga yaqin qozoq, Angren shahrida 33 ming 345 nafarga yaqin, Bo‘stonliq tumanida 28 ming 507 nafarga yaqin, Chirchiq shahrida 17 ming 668 nafarga yaqin tojik, Olmaliq shahrida esa 27 ming 329 nafarga yaqin rus millatiga mansub fuqarolar yashaydi.

Xususan, Eshonobod qishlog‘i – Toshkent viloyati markazi Nurafshon shahridan 80 kilometr, Chinoz tumani markazidan 20 kilometr olisda, qo‘shni davlat bilan chegara hududda joylashgan. Bu maskanni o‘ziga vatan ichra kichik vatan deb bilgan, bir oila farzandlaridek ahil va inoqlikda yashab, O‘zbekistonimiz ravnaqiga munosib hissa qo‘shib kelayotgan o‘zbek, qozoq, qirg‘iz, tojik va boshqa millatlarga mansub yurtdoshlarimiz yuz-ko‘zidagi quvonchning cheku-chegarasi yo‘q.

Mazkur hudud “Obod qishloq” dasturi natijasida yangi qiyofaga kirdi. Natijada bu yerda yashayotgan qariyb 3,2 ming nafar aholiga zarur sharoit yaratildi. Amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlari, bu yerda barpo etilgan ko‘plab ijtimoiy soha ob’ektlari, uy-joylar barcha millat va elat vakillariga ko‘rsatilayotgan birdek e’tibor va g‘amxo‘rlikning yana bir amaliy ifodasi bo‘ldi.  

Fayzobod ko‘chasida qad rostlagan zamonaviy mahalla markazida fuqarolar bilan ishlash, ijtimoiy muammolarni hal qilish bo‘yicha yangi tizimni samarali joriy etish uchun barcha imkoniyat yaratilgan. Binoda mahalla fuqarolar yig‘ini raisi, uning o‘rinbosar va turli yo‘nalishlar bo‘yicha maslahatchilari, profilaktika inspektori o‘zaro uyg‘un va samarali faoliyat ko‘rsatishi uchun barcha sharoit yetarli. Shular qatorida mo‘’jaz kutubxona va mutolaa zali, tumandagi Xalq qabulxonasi, davlat xizmatlari markazining shoxobchalari, 3-sektori shtabi, tibbiyot punkti, bank filiali kabi odamlarga qulaylik yaratishga xizmat qiladigan ob’ektlar tashkil etilgan.  

Qishloqda yangi barpo etilgan madaniyat saroyida mashg‘ulotlarni boshlab yuborgan eshonobodlik san’atsevar yoshlar mehmonlarni o‘zlarining ijod namunalari bilan kutib oladi. 200 o‘rinli mazkur madaniyat va san’at o‘chog‘i ko‘pmillatli qishloq yoshlarining musiqa, rassomlik, adabiyot, teatr va san’at, kompyuter texnologiyalari bilan mashg‘ul bo‘lishi uchun nihoyatda katta imkoniyat aslida.

Bu kabi ko‘p millatli mahallalar viloyatda juda ko‘p. Shulardan biri Piskent tumanidagi “Novkent” mahalla fuqarolar yig‘ini baynalminal hududdir. Hozir bu yerda 800 nafar qozoq, bundan tashqari, o‘zbek, koreys, tojik, rus va tatar millatlariga mansub aholi yashaydi. 

–  Barcha millat vakillari ahil bo‘lib, bir biriga qarindosh bo‘lib ketishgan, – deydi Qozoq milliy madaniyat markazi tuman bo‘limi rahbari Erkin Umirbekov. – Hatto qozoq oilalar boshqa o‘zbek, rus va tatar oilalar bilan quda-andachilik ham qiladi. Urf-odatlari birlashib ketgan. To‘y-hashamlar, turli bayramlarni birgalikda o‘tkazadi. Biz O‘zbekistonda yashayotganimizdan faxrlanamiz. Hozir Piskent tumanida 5 ming nafarga yaqin qozoqlar istiqomat qiladi. Ular turli sohalarda mehnat qilib, yurtimiz farovonligiga o‘z hissasini qo‘shmoqda. Mahalladagilar qozoq millati vakili bo‘lgan Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi, Xalq maorifi a’lochisi (1922-1976 yy.) Ungar Urmanovning xotirasini doim e’zozlaydi. Bu inson urushda bir qo‘lidan ayrildi. Shunday bo‘lsa ham u xalq ta’limi sohasida faoliyat ko‘rsatgan. Bu inson ko‘pchilikka ibrat ko‘rsatgan, maktab davrimizda bizga dars bergan. O‘limidan so‘ng xonadonini keksalar oromgohi, Qozoq milliy madaniyat markazi tuman bo‘limi binosi sifatida faoliyat yuritishi uchun qoldirdi. Uning ibratli hayot yo‘li haqida keksalar yoshlarga gapirib beradi. Hozir Ungar otaning farzandlari mamlakatimizda yashamasa ham har yili kelib, mahalladoshlariga yordam ko‘rsatadi.  

Mamlakatimiz hududiga XIX asr oxirlarida ko‘chib kela boshlagan dunganlar 2008 yili bu zaminda yashayotganlariga 130 yil to‘lganini nishonladi. Dunganlar asosan Toshkent shahri va Toshkent viloyatida, shuningdek, Farg‘ona viloyatining shaharlarida istiqomat qiladi. Asli kelib chiqishi Xitoyning Shensi viloyatidan bo‘lgan dunganlarning ko‘pchiligi Toshkent viloyatining O‘rta Chirchiq tumanidagi "Do‘stlik" mahalla fuqarolar yig‘inida yashaydi. Ular Islom diniga e’tiqod qilib, hammasi xitoy tilining shensi lahjasida so‘zlashadi. Shu bilan birga o‘zbek tilini ham yaxshi biladi.  

Hududda 9 ta millat va elatlar do‘stona muhitda yashaydi. Ular orasida dungan elatiga mansub aholi ko‘pchilikni tashkil etadi. Jumladan, “Do‘stlik” MFY deya atalguncha bu joylar xalq orasida “Dungan” mahalla nomi bilan mashhur edi.  

Asli O‘rta Chirchiqlik, Dungan madaniyat markazi rahbari Mane Savurovning ta’kidlashicha, dunganlar o‘zbeklarga o‘xshab dehqonchilikni yaxshi egallagan. Yil bo‘yi turli meva-sabzavot mahsulotlarini yetishtiradi. Ayniqsa, sholichilikda yuqori hosil olishda mirishkor hisoblanadi. Ularning taomlari o‘ziga xos bo‘lib, qizil va yashil sabzavotlardan ko‘proq foydalaniladi. Bu ranglar baxt va shodlik belgisi sifatida talqin qilinadi.  

–  Biz o‘zbek tilida gaplashishni yaxshi ko‘ramiz, – deydi “Do‘stlik” MFYda yashovchi dungan ayoli Mohira opa Mashalo. – Farzandlarimizga o‘zbekcha ismlar qo‘yamiz. Masalan, kichik nabiramning ismi Abdullo. Umuman olganda, o‘zbek madaniyatini sevib, chin qalbimizdan hurmat qilamiz. Qo‘shilarimiz bilan bordi-keldilarimiz ko‘p. To‘ylarimiz, turli bayramlarimiz o‘xshash. Lekin o‘zimizga yarasha madaniyatimizning namunalari ham bor.  

Ushbu mahalladagi 42-umumta’lim maktabida hozir 420 nafar bola o‘qiyotgan bo‘lib, ularning 150 nafarga yaqini dungan elatiga mansub.

–  Viloyat hokimining tegishli qarori asosida ta’lim dargohimiz xorijiy tillarga ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktabiga aylantirildi, – deydi 42-umumta’lim maktabi direktori Maqsuda Muyassarova. – Avvalari bu yerda o‘zbek-rus tillarida dars o‘tilgan bo‘lsa, endilikda ingliz va xitoy tillari ham chuqurlashtirilib o‘qitiladi. Maktabni xitoy tili fani o‘qituvchilari bilan ta’minlash Xitoy Xalq Respublikasining O‘zbekiston Respublikasidagi Favqulodda va muxtor elchisiga yuklatildi. Joriy o‘quv yilidan boshlab maktabda ingliz va xitoy tillariga ixtisoslashtirilgan sinflar tashkil etiladi. Ingliz va xitoy tilida ham bolalarning bilimlari oshiriladi. Buning uchun malakali mutaxassislar jalb etiladigan bo‘ldi. Biz bundan juda xursandmiz. Ayni paytda 30 dan ortiq xitoy tili bo‘yicha tarjimonlar, ya’ni maktabimizning sobiq bitiruvchilari O‘zbekistondagi Xitoy Xalq Respublikasining qo‘shma korxonalarida faoliyat olib boradi.

Mazkur ta’lim maskanining dungan o‘quvchilaridan tashkil topgan “Chinme” havaskorlar ansambli ijrosidagi dungan xalq qo‘shiqlari xalqimizning Navro‘z, Mustaqillik, Konstitutsiya kuniga bag‘ishlangan shodiyonalar va Xitoy milliy bayramlari munosabati bilan o‘tkaziladigan bayram tadbirlarida, oy kalendari bo‘yicha nishonlanadigan Yangi yil — Chunsze bayramida, shuningdek, Respublika baynalmilal madaniyat markazi tadbirlarida ijro etiladi. Yoshlar o‘z an’analariga hurmat ruhida qaraydi.

Umuman olganda, Toshkent viloyatida bu kabi baynalminal mahallalar juda ko‘p. Unda ko‘plab elatlar tinch-totuv hayot kechirmoqda.  

Ma’lumki, hozir dunyoning turli mintaqalarida millatlararo va dinlararo keskinlik kuchayib, millatchilik, diniy murosasizliklar kelib chiqyapti. Bu kabi salbiy illatlar jamiyatni parchalanishiga olib keladi. Ana shunday davrda Prezidentmiz tomonidan turli millat va dinga mansub insonlar o‘rtasida do‘stlik va hamjihatlikni yanada mustahkamlash borasidagi sa’y-harakatlar yurtimizda tinchlik va osoyishtalikning mustahkam kafolati sifatida xizmat qiladi.

Manba: O'zA

Поделиться