O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Korrupsiyaga qarshi kurashishning ustuvor masalalari muhokama qilindi
2021-07-30 | Siyosat
Toshkent shahrida O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, Adliya vazirligi, Bosh prokuratura va BMTning Taraqqiyot dasturi hamkorligida «Korrupsiyaga qarshi kurashishning ustuvor masalalari» mavzusida xalqaro anjuman o‘tkazildi.
Xalqaro anjumanda Oliy Majlis palatalari, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, Bosh prokuratura, Adliya vazirligi, Moliya vazirligi, Biznes-ombudsman, «Yuksalish» umummilliy harakati kabi qator davlat va nodavlat tashkilotlari rahbarlari, shuningdek, BMT Taraqqiyot dasturi, YEXHT, BMT GMJB, «Mintaqaviy muloqot» XNNT singari xalqaro tashkilotlar vakillari, va ekspertlari ishtirok etdi.
Bundan tashqari, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti raisining korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha maxsus vakili Anita Ramasastri anjuman ishtirokchilariga videomurojaat yo‘lladi. Unda O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi kurash siyosatining ustuvor yo‘nalishlariga e’tibor qaratib, ularda xalqaro hujjatlar va normalar talablariga mos ekanligini bildirib o‘tdi.
Tadbirda davlatimiz rahbarining «Korrupsiyaga qarshi murosasiz munosabatda bo‘lish muhitini yaratish, davlat va jamiyat boshqaruvida korrupsiyaviy omillarni keskin kamaytirish va bunda jamoatchilik ishtirokini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni va «Korrupsiyaga qarshi kurashish faoliyatini samarali tashkil etishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarorida belgilangan masalalar ijrosiga alohida e’tibor qaratildi. Ishtirokchilar ushbu hujjatlarning amaliy ahamiyatini e’tirof etish barobarida, korrupsiyaga qarshi kurashishga kompleks yondashgan holda institutsional o‘zgarishlar amalga oshirilishi belgilanganini qayd etdilar.
Mazkur meyoriy-huquqiy hujjatlarda korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha preventiv mexanizmlar va korrupsiyaviy xatti-harakatlar uchun jazo muqarrarligini ta’minlash, davlat xizmatchilarining mas’uliyati va javobgarligini oshirishga qaratilgan mexanizmlar belgilanmoqda.
Muhokamalar jarayonida mas’ullar hujjatlarda belgilangan har bir vazifaning amalga oshirilish jarayonlari hamda mexanizmlari to‘g‘risida ma’lumot berildi.
Anjuman yakunida xalqaro va mahalliy ekspertlarning mazkur yo‘nalishda amalga oshirilgan ishlarni e’tirof etgan holda, sohani yanada takomillashtirish, rivojlangan mamlakatlar tajribasini samarali qo‘llash masalalari bo‘yicha taklif va tavsiyalari umumlashtirilib, ish jarayonida qo‘llash uchun qabul qilindi.
Manba: “Dunyo” axborot agentligi