O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Farg‘onaning eng kitobxon oilalari
2021-07-29 | Jamiyat
Farg‘onada O‘zbekiston Yoshlar ishlari agentligi tomonidan o‘tkazilayotgan “Yosh kitobxon oila” respublika tanlovining viloyat bosqichi yakunlandi. Unda barcha tuman-shaharlardan 25 ta faol va iqtidorli, yosh kitobxon oilalar ishtirok etdi.
Oilada kitob va uning mutolaasiga muhabbat bo‘lsa, unda kamolga yetayotgan farzandlar toleyiga ishonch bor, degani. Kitobxonlikni yuksak fazilat sifatida baholovchi xalqimizning bugungi avlodlari bu bebaho ne’matga mehr va ixlos bilan boqayotgani, farg‘onalik yosh kitobsevarlar safi ortib borayotgani quvonarlidir.
Marg‘ilon shahridagi Tadbirkorlar markazida bo‘lib o‘tgan tanlovda ishtirokchilar oldindan tanlangan 30 ta kitob asosida savol-javoblardan o‘tishdi, ularning qay darajada badiiy asarlar bilimdoni ekanligi aniqlandi.
Tanlov natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston tumanilik Niyozmatovlar oilasi birinchi, Rishton tumanilik Nuraliyevlar oilasi ikkinchi va Toshloq tumanilik G‘ofurovlar oilasi uchinchi o‘rinni egalladi.
Abdullajon Niyozmatov – yosh filolog. U O‘zbekiston tumani yoshlariga ona tili va adabiyot fani bo‘yicha repititorlik o‘quv kurslarini olib boradi. Tumanda kitobxon yoshlarning kamolga yetishiga hissa qo‘shayotgan pedagoglardan. “Yosh kitobxon – 2021” respublika tanlovi g‘olibi, Prezident sovg‘asi – “Spark” avtomobili sohibi Muhammadfozil Ismoilovning erishgan muvaffaqiyatida muallimning mehnatlari bor.
Turmush o‘rtog‘i Azizaxon Niyozmatova tumandagi 67 -umumta’lim maktabida boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi. Uning ham kitobxonlikka bo‘lgan qiziqish va e’tibori baland. –Uyimizda oilaviy kutubxonamizni tashkil qilganmiz, – deydi Abdullajon. – Ikki mingdan ortiq o‘zbek va jahon adabiyoti namunalarining aksariyatini oila a’zolarimiz bilan o‘qib chiqqanmiz. Mirzakalon Ismoiliyning “Farg‘ona tong otguncha”, Asqad Muxtorning “Chinor”, Abdulla Qodiriyning “O‘tkan kunlar”, O‘tkir Hoshimovning “Dunyoning ishlari”, Lev Tolstoyning “Tirilish”, Fyoder Dostoyevskiyning “Jinoyat va jazo” kabi asarlarini qayta-qayta o‘qib, yangi fikrlar olamiz.
Yosh kitobxon do‘stlarimiz, uka-singillarimizga ham ushbu nodir asarlar mutolaasini ilinamiz. Tanlovning respublika bosqichida munosib ishtirok etish,bizga bildirilgan ishonchni oqlash maqsadimiz. Juftliklarning adabiyot ziyosiga mushtarak mehri chindan ham havasli. Yosh oilalarning intilishlarini qo‘llab-quvvatlash, ularda kitobxonlik muhitini keng targ‘ib qilish maqsadida tashkil etilgan ko‘rik-tanlov farg‘onalik yuzlab ana shunday kitobsevar oilalarni kashf etdi va ularning har biri uchun tafakkur maktabi vazifasini o‘tadi.
Manba: O'zA