O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Buyuk Britaniya universiteti bilan hamkorlik o‘rnatildi
2021-07-29 | Ta’lim
Toshkent xalqaro ta’lim universiteti va University of Portsmouth Higher Education (Buyuk Britaniya) oliy ta’lim sohasida hamkorlik aloqalarini rivojlantirishni rejalashtirmoqda.
Xalq ta’limi vazirligi va O‘zbekistonning Buyuk Britaniyadagi elchixonasi ko‘magida mazkur ikki oliy ta’lim muassasasi o‘rtasida anglashuv memorandumi imzolandi.
Memorandum doirasida tomonlar hamkorlikda pedagogika, jumladan, STEAM yo‘nalishida o‘qituvchilarni tayyorlash, axborot texnologiyalari, biznes boshqaruviga oid qo‘shma ta’lim dasturlarini yaratish hamda o‘qituvchilarning malakasini oshirish va qayta tayyorlash dasturlarini ishlab chiqishni kelishib oldi.
Buyuk Britaniya universiteti kelajakda ta’lim muassasalari o‘rtasida talabalar almashinuvini yo‘lga qo‘yishga alohida qiziqish bildirdi. Ta’lim muassasalari professorlarining almashinuvini ham yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan. Shuningdek, qo‘shma tadqiqotlar tashkil etish va tadqiqotlarga homiylik mablag‘larini jalb qilish hamkorlikning yo‘nalishlaridan biri bo‘ladi. Universitetlar hamkorlikda turli seminar va konferensiyalar o‘tkazish hamda o‘zaro tajriba almashishni ham rejalashtirgan.
Tadbir doirasida tomonlar O‘zbekiston va Buyuk Britaniya o‘rtasida ta’lim sohasidagi hamkorlik masalalari, Toshkent xalqaro ta’lim universiteti va University of Portsmouth o‘rtasida hamkorlik istiqbollarini muhokama qildi.
Manba: O'zA