O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Buxoroda 93 foiz ijtimoiy soha ob’ekti internet tarmog‘iga ulangan
2021-07-27 | Jamiyat
Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Buxoro viloyati hududiy boshqarmasi hamda vazirlik tizimiga kiruvchi korxona va tashkilotlar bilan birgalikda viloyatda axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish hamda mobil aloqa va internet xizmatlarini yanada yaxshilash bo‘yicha tizimli ishlar olib borilmoqda.
Vazirlik axborot xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish maqsadida Prezidentimizning ““Raqamli O‘zbekiston — 2030” strategiyasini tasdiqlash va uni samarali amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga asosan, hududlarni raqamli transformatsiya qilish bo‘yicha Buxoro viloyati, Qorako‘l hamda G‘ijduvon tumanlarida jami 42 milliard so‘m miqdoridagi 110 ta loyiha amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan.
Axborot texnologiyalari sohasida kadrlar tayyorlash tizimini yanada isloh qilish maqsadida viloyatning 9 ta shahar va tumanida Raqamli texnologiyalar o‘quv markazlari tashkil etildi. bugungi kunda ushbu markazlarda "Ayollar daftari"ga kirgan 248 nafar, "Temir daftari"ga kirgan 49 nafar, "Yoshlar daftari"ga kirgan 106 nafar fuqaro Raqamli texnologiyalar o‘quv markazlarida kompyuter savodxonligi, dasturlash yo‘nalishlari bo‘yicha bepul o‘qitilmoqda.
“EDTECHHUB” ta’lim loyihasi doirasida inkubatsiya va akseleratsiya dasturlarida ishtirok etish uchun taqdim etilgan IT-startaplarining taqdimoti, «Yangi O‘zbekiston yoshlari, birlashaylik!» shiori ostida viloyatda o‘tkazilgan yoshlar festivali doirasida “Istiqbolli IT-loyihalar” tanlovi va Kibersport musobaqalari tashkil etildi.
2021-2023-yillarda viloyatdagi barcha shaharlararo avtomobil va temir yo‘llari yuqori tezlikdagi mobil aloqa qamrovi bilan ta’minlanadi. Telekommunikatsiya tarmoqlarini rivojlantirish rejasiga muvofiq, joriy yilda 5 ming 742 kilometr optik tolali aloqa liniyalari tortiladi. Joriy yil 1-iyul holatiga ko‘ra, viloyatdagi 93 foiz ijtimoiy soha ob’ekti internet tarmog‘iga ulangan.
Buxoro viloyati Vobkent tumani turizm salohiyatini rivojlantirish maqsadida “O‘zbektelekom” AK tomonidan 3 ta “WI-FI” nuqtasi ishga tushirildi. Bu esa, tumanga tashrif buyuruvchi sayyohlar va tuman aholisining yuqori tezlikdagi internet xizmatlaridan foydalanishi uchun keng imkoniyat yaratmoqda.
Manba: O'zA