O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Reyting tizimi joriy etilmoqda
2021-07-27 | Siyosat
Oliy Majlis Senatining o‘n yettinchi yalpi majlisi oldidan yuqori palata qo‘mitalarining yig‘ilishlari o‘tkazilmoqda. Xususan, Senatning Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi majlisida parlament yuqori palatasining o‘n yettinchi yalpi majlisida ko‘rib chiqilishi rejalashtirilgan masalalar dastlabki tarzda muhokama qilindi.
Jumladan, Harakatlar strategiyasini “Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturining 2021-yil birinchi yarmidagi ijrosi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining hisoboti ko‘rib chiqildi. Qayd etilishicha, 2021-yilning birinchi yarmida Davlat dasturining 116 ta bandi ijrosini ta’minlash nazarda tutilgan bo‘lib, shundan hisobot davrida 89 ta bandda qayd etilgan topshiriqlar bajarilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Hukumati tomonidan koronavirus pandemiyasining respublikadagi ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatga ta’sirini yumshatish borasida o‘z vaqtida ko‘rilgan choralar natijasida 2021-yilning birinchi yarmida yalpi ichki mahsulotning o‘sishi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 106,2 foizni tashkil qilgan. 2021-yilning 30-iyun holatiga 209,2 ming yangi ish o‘rni yaratildi, 78,5 ming nafar fuqaro kasb-hunarga o‘qitildi, 24 mingdan ortiq fuqaroga subsidiyalar ajratilgan.
Muhokamalar davomida Davlat dasturidagi ijrosi kechiktirib bajarilgan hamda to‘liq bajarilmagan vazifalar tanqidiy ko‘rib chiqildi. Mazkur vazifalarga mas’ul vazirlik va idoralar vakillarining bu boradagi fikr-mulohazalari eshitildi.
Majlisda Yoshlarga oid davlat siyosatining hududlarda amalga oshirilishi bo‘yicha reyting tizimini joriy etish to‘g‘risidagi masala muhokama qilindi.
Qayd etilganidek, Prezidentimizning 2021-yil 13-iyuldagi “Yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va ularning ijtimoiy faolligini yanada oshirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonida yoshlarga oid davlat siyosatining hududlarda amalga oshirilishi bo‘yicha reyting tizimini joriy etish belgilandi.
Shu munosabat bilan Senatning Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi tomonidan yoshlarga oid davlat siyosatining hududlarda amalga oshirilishi bo‘yicha reyting tizimini joriy etish to‘g‘risidagi Senat qarori, Nizom va reyting baholash tartibi loyihalari ishlab chiqildi.
Endilikda mutlaqo yangi tizim – yoshlarga oid davlat siyosatining hududlarda amalga oshirilishi bo‘yicha reyting tizimi joriy etilmoqda. Senat huzurida reyting baholash bo‘yicha tuzilgan Respublika komissiyasi tomonidan yoshlarga oid davlat siyosatining Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida amalga oshirilishi maxsus indekatorlar asosida baholanadi.
Majlisda qonunlarning ijro etilishi holati, huquqni qo‘llash amaliyotini o‘rganish va qonunosti hujjatlarining qabul qilinishi yuzasidan amalga oshirilgan monitoring natijalari to‘g‘risidagi masala ham ko‘rib chiqildi. Xususan, “Jurnalistlik faoliyatni himoya qilish to‘g‘risida”gi hamda “Dafn etish va dafn ishi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunlari muhokama etildi.
Manba: O'zA