O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Qarshida Prezident maktabiga kirish imtihonlarining birinchi bosqichi bo‘lib o‘tmoqda
2021-07-27 | Jamiyat
Joriy o‘quv yilidan faoliyat boshlashi kutilayotgan Qashqadaryo viloyatining Qarshi shahrida joylashgan Prezident maktabiga o‘qish istagini bildirib, ro‘yxatdan o‘tgan 11 ming nafardan ziyod o‘quvchi test sinovlarida ishtirok etmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilda viloyatdagi Prezident maktabi 5-10-sinflar uchun o‘quvchilar qabul qiladi. “Prezident maktablari to‘g‘risida”gi nizomda belgilab qo‘yilganidek, yillik qabul kvotasi doirasida har bir sinfga 24 nafardan o‘quvchi to‘g‘ri keladi. Shunga muvofiq, saralash va yakuniy imtihonlardan muvaffaqiyatli o‘tgan 144 nafar qashqadaryolik o‘g‘il-qiz yangi o‘quv yilida tahsilni Qarshi shahrida zamonaviy uslubda bunyod etilgan Prezident maktabida davom ettiradi.
Ta’kidlash lozimki, Davlatimiz rahbarining joriy yil 19-iyuldagi “Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablar faoliyatini yanada takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bilan Prezident maktablari bitiruvchilariga qator imtiyozlar ham berilmoqda. Xususan, 2021/2022-o‘quv yilidan O‘zbekistondagi xorijiy oliy ta’lim muassasalari va ularning filiallari hamda nodavlat oliy ta’lim tashkilotlariga to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga kirgan Prezident maktablari bitiruvchilariga to‘lov-kontrakt summasini qoplash uchun subsidiya to‘lanadi.
Bundan tashqari, Prezident maktablari bitiruvchilariga davlat oliy ta’lim tashkilotlariga umumiy belgilangan davlat granti asosidagi qabul ko‘rsatkichlariga nisbatan qo‘shimcha davlat granti asosida test sinovlarisiz va qo‘shimcha imtihonlarsiz o‘qishga kirish huquqi berildi. Ma’lumot o‘rnida, Prezident maktablariga kirish imtihonlarining ikkinchi, ya’ni yakuniy imtihonlar 20-23 avgustda bo‘lib o‘tishi ko‘zda tutilgan.
Manba: O'zA