O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Litsenziyalash bilan bog‘liq yangi tartib korrupsiyaviy omillarni bartaraf etadi
2021-07-27 | Siyosat
Yangi qonun. Joriy yil 15-iyuldan O‘zbekiston Respublikasining “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi qonuni kuchga kirdi.
Adliya vazirligi tomonidan ilg‘or xorijiy tajriba asosida ishlab chiqilgan qonun tadbirkorlik sub’ektlariga yanada keng qulayliklar yaratishga qaratilgan. Bu qulayliklar nimalar iborat? O‘zA muxbiri bu haqda adliya vaziri o‘rinbosari Alisher Karimov bilan suhbatlashdi.
– Ushbu qonunni ishlab chiqish maqsadida mutaxassislar va xorijiy ekspertlardan iborat alohida ishchi guruh tashkil qilindi va qonunni qabul kilish jarayoni qariyb ikki yil davom etdi.
Mazkur qonun bilan litsenziya va tartibga solish sohasidagi eskirgan va tarqoq holdagi amaldagi qonunchilik hujjatlari unifikatsiya qilindi va bu sohadagi mavjud barcha qonun va qonunosti hujjatlari bekor qilindi. Ya’ni qonun qabul qilinishi munosabati bilan ushbu sohaga oid ikki qonun, Prezidentning ikki qarori, Oliy Majlis qarori, yuzga yaqin hukumat qarori o‘z kuchini yo‘qotdi.
Qonun bilan 49 litsenziya, 120 ruxsat berish hujjati hamda 33 xabarnomaning yakuniy ro‘yxatlari tasdiqlandi.
Yoki yana bitta raqam, tanqidiy tahlillar asosida amalda bo‘lgan litsenziyalar va ruxsat berish hujjatlari 30 foizgacha qisqartirildi.
Qonunning yana bir ahamiyatli joyi shundaki, shu kungacha mavjud bo‘lmagan vakolatli organni xabardor etish orqali faoliyatni amalga oshirish bilan bog‘liq mutlaqo yangi soddalashtirilgan mexanizm joriy etildi.
Bu, o‘z navbatida, tadbirkorlik sub’ektlariga juda katta kulaylikni vujudga keltirib, vakolatli organni xabardor etish orqali faoliyatni boshlash imkoniyatini yaratadi. Biroq jismoniy va yuridik shaxslar faoliyatga tegishli bo‘lgan talab va shartlarni bajarishga majbur hisoblanadi.
Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor etish tartib-taomillari to‘liq raqamlashtirilmoqda. Bunda ushbu jarayonlar “Litsenziya” axborot tizimi orqali amalga oshiriladi.
Yuridik shaxslar filiallariga alohida litsenziya yoki ruxsatnoma olish talabi bekor qilindi.
Bunda yuridik shaxsning avval olingan litsenziyasi va ruxsatnomasida filialning manzili ko‘rsatiladi hamda litsenziya va ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatga tegishli o‘zgartirishlar kiritiladi.
Litsenziya va ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlar qaysi holatlarda sud tomonidan va qaysi holatlarda vakolatli organ tomonidan bekor qilinishining aniq chegaralari belgilandi.
– “Litsenziya” axborot tizimida nimalar qamrab olingan va tizim qanday ishlaydi?
– Yuqorida aytib o‘tilganidek, endilikda litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor etish tartib-taomillaridan o‘tish faqat “Litsenziya” axborot tizimi orqali elektron tarzda amalga oshiriladi.
Mazkur elektron tizim litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor etish tartib-taomillariga oid barcha jarayonlarni o‘z ichiga qamrab olgan.
Bu talabgor tomonidan arizani topshirishdan boshlab tegishli hujjatni qabul qilib olgunigacha bo‘lgan jarayon hisoblanadi.
Shu o‘rinda qayd etishimiz kerakki, ushbu elektron tizim barcha uchun ochiq va shaffof bo‘ladi hamda unda barcha jarayonlarni bosqichma-bosqich kuzatib turish imkoniyati mavjud.
Shuningdek, “Litsenziya” axborot tizimining joriy etilishi amaliyotda maxsus qog‘oz blankalaridan foydalanilishni cheklaydi.
Statistik ma’lumotlarga to‘xtalib o‘tadigan bo‘lsak, 2019 yilda maxsus qog‘oz blankalarining ishlatilishiga 13 milliard so‘m mablag‘ sarflangan. Endilikda bu jarayonlar elektron tarzda amalga oshirilishi natijasida davlat byudjetidan sarflanadigan yuqorida qayd etilgan mablag‘ iqtisod qilinadi.
Mazkur elektron tizimning afzalliklaridan yana biri – bu dublikatni berish amaliyotiga chek qo‘yadi. Ya’ni o‘sha litsenziya blankalari elektron tizimga kiritiladi va unda saqlanadi, jismoniy va yuridik shaxslar esa hohagan payti uni chop etishi mumkin.
– Qonun bilan litsenziya shartnomasini tuzish amaliyotiga ham chek qo‘yildi. Buning sababi nima? Amaliyotda bu borada qanday muammolar bor edi?
– Litsenziya shartnomasini tuzish – bu qo‘shimcha tartib-taomil, desak to‘g‘ri bo‘ladi. Bunda oldingi tartibga asosan litsenziya talablari va shartlari qonun hamda faoliyatning o‘ziga xosligidan kelib chiqib nizomlarda, shuningdek, litsenziya shartnomasida belgilanar edi.
Biroq amaliyotda vakolatli organlar tomonidan litsenziya shartnomasida, qonun hamda nizomlarda nazarda tutilmagan qo‘shimcha talab va shartlarni belgilagan holda, tadbirkorlik sub’ektlariga asossiz va noqonuniy majburiyatlar yuklash holatlari kuzatib kelingan.
– Qonun bilan Litsenziyani va ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatatlarni o‘zgartirish instituti joriy etilmoqda. Faoliyatlarni qaysi holatlarda o‘zgartirish mumkinligini tushuntirib bersangiz?
– Litsenziyalar yoki ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlar litsenziatning yoki ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatni olgan shaxsning arizasi asosida vakolatli organ tomonidan o‘zgartirilishi mumkin.
Litsenziya asosida amalga oshirilayotgan faoliyat turi litsenziyalanadigan faoliyat turining boshqa kichik turi bilan kengaytirilganda; filiallar va vakolatxonalar tashkil etgan yuridik shaxslarga berilgan litsenziyaga yoki ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatga muvofiq ushbu filiallar va vakolatxonalar tomonidan faoliyatni amalga oshirish boshlanganda; yuridik shaxs bo‘lgan tadbirkorlik sub’ektining faoliyatni amalga oshirish manzili o‘zgarganda, agar uning joylashgan yeriga nisbatan litsenziya va ruxsat berish talablari hamda shartlari belgilangan bo‘lsa, litsenziyaga oid hujjat o‘zgartirilishi mumkin.
Demak, qonun bilan litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor etishga doir talablar va shartlarga rioya etilishini tekshirish tartibi yanada takomillashtirilmoqda. Bunda litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor etishga doir talablar va shartlarga rioya etilishini tekshirish: “Litsenziya” axborot tizimi yordamida masofaviy nazorat; jismoniy va yuridik shaxslar faoliyatini joyiga chiqqan holda tekshirish; ularning faoliyatiga oid statistik axborot va ulardan so‘rab olingan ma’lumotlarni tahlil qilish orqali; “xavfni tahlil etish” tizimi; jamoatchilik nazorati sub’ektlarining murojaatlari asosida amalga oshiriladi.
Muxtasar aytganda, litsenziyalash bilan bog‘liq yangi tartib jismoniy va yuridik shaxslar vakolatli organlar bilan ma’muriy munosabatlarga kirishishining oldini oladi. Bu o‘z- o‘zidan amaliyotda uchrab kelayotgan korrupsiyaviy omillarni bartaraf etadi.
Manba: O'zA