O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Jahonga mashhur qo‘l jangi ustalari Prezident kubogi uchun ringga chiqdi

2021-07-27 | Sport

Namangan shahrining Davlatobod tumanidagi “Afsonalar vodiysi” tematik parkida sportning qo‘l jangi turi bo‘yicha professionallar o‘rtasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti kubogi uchun “Chempionlar ligasi” xalqaro turniri bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston huquqni muhofaza qilish organlari qo‘l jangi federatsiyasi hamda viloyat hokimligi hamkorligida tashkil etilgan musobaqada jahon chempionlari, shuningdek, o‘z qit’asi va davlatida tengsiz deb topilgan sportchilar kuch sinashdi. Turnir ochilish marosimida ishtirokchi davlatlar paradi bo‘ldi. Taniqli san’atkorlar ijrosida badiiy dastur namoyish etildi.

Namangan viloyati hokimi Shavkat Abdurazzoqov va an’anaviy xalqaro musobaqaning rasmiy mehmoni – Xalqaro qo‘l jangi federatsiyasi prezidenti Sergey Astaxov sportchilarga omad yor bo‘lishini tiladi.

Karantin talablariga rioya qilingan holda jamoaviy tarzda o‘tkazilgan turnir bahslarida O‘zbekiston vakillari Rossiya, Ruminiya, Belarus, Gretsiya, Moldova davlatlaridan kelgan taniqli qo‘l jangi ustalariga qarshi ringga ko‘tarildi.

Quvonarlisi, 60 kilogrammdan 80 kilogrammgacha bo‘lgan besh vazn toifasida bo‘lib o‘tgan janglarning barchasida mamlakatimiz sportchilarining qo‘li baland keldi. Musobaqaning boshidan oxirigacha yetakchilikni qo‘ldan bermagan hamyurtlarimiz yakunda yirik 5:0 hisobida g‘alaba qozondi.

Xususan, birinchi yarim yengil vaznda (60 kg.) jahon chempionati sovrindori, namanganlik Javohir Sobitov jahon va Yevropa chempionati sovrindori, belaruslik Aleksey Kostorau bilan to‘liq uch raund kechgan jangda 2:1 hisobida ustun keldi.

Ikkinchi yarim og‘ir vaznda (85 kg.) toshkentlik jahon chempioni Ulug‘bek Nizomiddinov Ruminiya davlati vakili, universal janglar bo‘yicha Yevropa chempioni Yegor Topalni uchinchi raundga kelib, nokuautga uchratdi.

Uchinchi birinchi o‘rta vazn toifasida (70 kg) qashqadaryolik jahon chempioni Olimjon Normurodov qadimiy yunon diyoridan kelgan Nika Pancholidzega qarshi bahsda raqibiga munosib “mehmonnavozlik” ko‘rsatdi. Hamyurtimiz jangni uzoqqa olib bormasdan nokaut evaziga o‘z foydasiga hal etdi.

To‘rtinchi o‘rta vazn toifasidagi (80 kg) jang esa jahon chempionatining kumush medali sohibi, xalqaro turnirlar g‘olibi namanganlik Jasur Solijonov va Moldova Respublikasi sportchisi, Yevropa chempionati sovrindori Vladislav Mastak o‘rtasida o‘tkazilib, unda vatandoshimiz birinchi raunddayoq raqibini nokautga uchratishga erishdi.

Musobaqaning asosiy jangida Jahon chempioni, Jahon kubogi g‘olibi, Osiyo chempioni, besh karra O‘zbekiston chempioni buxorolik Jahongir Jumayev va sambo bo‘yicha Jahon chempioni, universal jang bo‘yicha jahon chempioni, rossiyalik Danil Voyevodin ringga chiqdi. Shiddatli va murosasiz tarzda o‘tgan jangda hamyurtimiz nomdor raqibini uchinchi raundda nokautga uchratib, g‘alaba nashidasini surdi.

“Chempionlar ligasi” xalqaro turnirining g‘oliblari va ishtirokchilari tashkilotchilar tomonidan dimlom va qimmatbaho sovrinlar bilan taqdirlandi.

Manba: O'zA

Поделиться