O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

O‘zbekistonda koronavirusga qarshi vaksina ishlab chiqariladi

2021-07-26 | Sog‘liqni saqlash

O‘zbekiston Respublikasi hududida koronavirusga qarshi vaksina ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish yuzasidan muzokara o‘tkazish maqsadida Innovatsion rivojlanish vazirligida uchrashuv tashkil etildi.

Tadbirda innovatsion rivojlanish vaziri I.Abdurahmonov, Farmasevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori S.Kariev va “Jurabek Laboratories” kompaniyasi vakillari ishtirok etdi.  
 
Xitoy tomonidan “Anhui Zhifei Longcom Biopharmaceutical” kompaniyasi bosh muhandisi Van Chji Szyun, xorijiy mamlakatlarga eksport qilish bo‘limi direktori Chen Fan U hamda boshqa vakillar qatnashdi.
 
Uchrashuvda ZF-UZ-VAC-2001 vaksinasini O‘zbekistonda ishlab chiqarish imkoniyatlari muhokama qilindi.
 
I.Abdurahmonov ikki tomonlama hamkorlikning o‘rnatilishi va rivojlanishi bosqichlari va ushbu harakatlarning hozirgi kundagi samarasi haqida gapirarkan, mazkur uchrashuv o‘ziga xos tarixiy ahamiyatga ega ekanini qayd etdi.  
 
“Anhui Zhifei Longcom Biopharmaceutical” kompaniyasi vakillari O‘zbekistonning ZF-UZ-VAC-2001 vaksinasi klinik sinovlarini o‘tkazishda qo‘shgan hissasi va o‘zbek tomonining ochiq, shaffof ish olib borishini yuqori baholadi.  
 
Xitoylik hamkorlar mamlakatimizning farmasevtik mahsulotlarni ishlab chiqarish salohiyati bilan dastlabki tanishuvlari natijasida koronavirusga qarshi vaksina ishlab chiqarishning infratuzilmaviy imkoniyatlariga yuqori baho berdi. Kompaniyaning bosh muhandisi Van Chji Szyun O‘zbekistonning ishlab chiqarish quvvatlari mazkur vaksinani ishlab chiqarish talablariga to‘liq muvofiq ekanligini ta'kidladi.
 
Butun dunyoda, shu jumladan, O‘zbekistonda "COVID-19" virusining bugungi kunda tarqalish sur'atlarini inobatga olib, mamlakatimizda vaksina ishlab chiqarish uchun Xitoy tomonidan xomashyo yetkazib berish muddatlari va hajmi borasida dastlabki kelishuvlarga erishildi.  
 
“Anhui Zhifei Longcom Biopharmaceutical” kompaniyasi bilan O‘zbekistonning Markaziy Osiyoda va mintaqadagi o‘rnini inobatga olgan holda qisqa muddatlarda vaksina ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha memorandum imzolashga kelishildi. Tomonlar O‘zbekistonda birinchi bosqichda oyiga 10 million doza vaksina ishlab chiqarish va keyinchalik bu ko‘rsatkichni yiliga 200 million dozaga qadar olib chiqish mumkinligi bo‘yicha fikr almashdi.
 
Bundan tashqari, Xitoy tomoni bilan yaqin kelajakda vaksina ishlab chiqarish texnologiyasi transfer qilinishiga kelishildi.  
 
Shuningdek, yurtimiz olim va mutaxassislarining mazkur sohadagi malakalarini oshirish maqsadida Xitoy va O‘zbekistonda bir vaqtda o‘qitish ishlari boshlanadi.

Manba: O'zA

Поделиться