O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Fond birjasi va qimmatli qog‘ozlar bozorida faoliyat yuritish bo‘yicha litsenziya berishdagi so‘nggi o‘zgarishlar
2021-07-26 | Iqtisodiyot
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 4-fevraldagi 66-sonli qarori bilan tasdiqlangan Nizom talablariga asosan, Kapital bozorini rivojlantirish agentligi tomonidan “Toshkent” RFB AJga Fond birjasi faoliyati amalga oshirish uchun berilgan litsenziya 2019-yil 8-oktabrida 1371-son bilan qayta rasmiylashtirib berilgan.
Shu bilan birga, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 9-iyuldagi 308-sonli qarori bilan tasdiqlangan Nizom talablariga asosan, Qimmatli qog‘ozlar bozori faoliyatini muvofiqlashtirish va rivojlantirish markazi tomonidan “Elsis-savdo” AJga qimmatli qog‘ozlar bilan birjadan tashqari savdolar tashkilotchisi sifatida faoliyatini amalga oshirish uchun 2014-yil 17-oktabrida 1113-sonli litsenziya berilgan.
Biroq, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillarini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida» 2020-yil 24-avgusdagi PF-6044-son Farmoni bilan tasdiqlangan 2021-yil 1-yanvardan boshlab litsenziyalanadigan faoliyat va ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlarning birlashtirish yo‘li bilan bekor qilinadigan ayrim turlari ro‘yxatining (2-ilova) 23 va 24-bandlarida, Fond birjalari faoliyati hamda qimmatli qog‘ozlar bilan birjadan tashqari savdolar tashkilotchisi faoliyati 2021-yil 1-yanvardan boshlab Fond birjalari faoliyati turiga birlashtirish yo‘li bilan bekor qilinishi belgilangan.
Shuningdek, mazkur Farmonning 2-ilovasidagi izoh qismida birlashtirilgan litsenziya va ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlar ularning amal qilish muddati davomida kuchda bo‘ladi va qayta rasmiylashtirilishi talab etilmasligi qayd etilgan.
Fursatdan foydalanib, O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi barcha taraflar, shu jumladan, kapital bozori ishtirokchilari bilan yaqindan hamkorlik qilishga tayyor ekanligini bildiradi.
Ma’lumot uchun: O‘zbekiston Respublikasining “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi (O‘RQ–701-son, 14.07.2021 y.) Qonuni bilan tasdiqlangan 1-ilovaning 33-bandida Fond birjasi faoliyati va Qimmatli qog‘ozlar bilan birjadan tashqari savdolar tashkilotchisi faoliyatini amalga oshirish uchun yagona birja faoliyati litsenziyasi olish belgilangan.
Shu bilan birga, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Maxsus elektron tizim orqali litsenziyalash tartibi to‘g‘risidagi yagona nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori loyihasi Adliya vazirligi tomonidan ishlab chiqilib Vazirlar Mahkamasiga kiritilmoqda.
Manba: O‘zbеkistоn Rеspublikаsi Mоliya vаzirligi