ITSV ekspertlar hamjamiyati va tadbirkorlar bilan o‘zaro hamkorlik qilish uchun munozara platformasini yaratmoqda
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari S.Umurzoqov videokonferensiya shaklida ekspertlar hamjamiyati vakillari, tadbirkorlar va blogerlar bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tadbirkorlar va investorlar bilan bo‘lajak ochiq muloqotiga tayyorgarlik hamda iqtisodiyot, moliya, bank sohasi va boshqa sohalardagi dolzarb tendensiyalarni muhokama qildi.
“Aqliy hujum” shaklida o‘tkazilgan muhokama davomida bo‘lajak tadbir kun tartibini shakllantirish yuzasidan takliflar o‘rtaga tashlandi va ko‘rib chiqildi. Investisiyalar va tashqi savdo vazirligi tomonidan Savdo-sanoat palatasi bilan birgalikda tashkil etilgan murojaatlarni qabul qilish va tahlil etish bo‘yicha Shtab tomonidan tadbirkorlarning qabul qilingan muammo va takliflari ham muhokama etildi.
Ekspertlar va bloggerlar mamlakatimizda ishbilarmonlik muhitini yanada rivojlantirish borasida o‘z fikr-mulohazalari bilan o‘rtoqlashdilar hamda izchil islohotlarni davom ettirish zarur va muhim bo‘lgan ustuvor sohalarni ko‘rsatib o‘tdilar. Xususan, davlat boshqaruvi hamda soliq va bojxona ma'murchiligi tizimlari samaradorligini oshirish, davlat korxonalari va bank sektorini xususiylashtirish, tadbirkorlar va investorlar huquqlarini himoya qilish mexanizmlarini mustahkamlash, ularni moliyaviy qo‘llab-quvvatlashning yangi vositalarini yaratish va boshqa masalalarga to‘xtalib o‘tildi.
Suhbat chog‘ida mamlakatni jadal iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha takliflarni ishlab chiqishda ishbilarmonlar yanada faol ishtirok etishlarini nazarda tutgan holda davlat idoralari hamda ekspertlar va biznes vakillari o‘rtasida yaqin hamkorlikni yo‘lga qo‘yishning muhim ahamiyati qayd etildi. Ishbilarmonlik muhitini yanada yaxshilash va ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni ilgari surish borasida g‘oyalarni shakllantirish va ko‘p tomonlama fikr almashish uchun munozara platformasini yaratish taklif etildi. Ushbu platformaning maqsadi davlat va biznes o‘rtasida mushtarak manfaatlarni anglashni ta'minlashga, shuningdek, mavjud muammolarning samarali yechimlarini ishlab chiqishga qaratilgan konstruktiv muloqotni yo‘lga qo‘yishdir.
O‘zaro ishonchli va konstruktiv suhbat yakunida ishtirokchilar kelgusida hamkorlik qilish yo‘llarini belgilab, mamlakat iqtisodiy-ijtimoiy rivojlanishining dolzarb masalalari borasida muntazam muhokamalar o‘tkazishga kelishib oldilar.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi