O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Belarusdan munosabat: Toshkentda o‘tgan xalqaro anjumanda O‘zbekiston mintaqa uchun yangi kun tartibi - rivojlanish dasturini taklif etdi
2021-07-24 | Siyosat
MDH Ijroiya qo‘mitasi portalida «O‘zbekiston Markaziy va Janubiy Osiyo davlatlariga xavfsizlik muammolarini iqtisodiyot orqali hal etishni taklif qildi» sarlavhali tahliliy maqola e’lon qilindi.
Materialda Toshkentda o‘tkazilgan «Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar» yuqori darajadagi xalqaro anjumanida muhokama qilingan masalalar va ilgari surilgan tashabbuslar haqidagi batafsil ma’lumotlar taqdim etilgan. «O‘tgan vaqt davomida mintaqadagi vaziyat sezilarli darajada o‘zgardi. Jumladan, Toshkent forumi Afg‘onistondagi harbiy-siyosiy vaziyat keskinlashgan bir paytda bo‘lib o‘tdi. Shu bois Afg‘onistonda barqarorlikka erishish istiqbollari xalqaro anjumanning asosiy mavzularidan biri bo‘ldi», - deya qayd etgan muallif.
Maqolada ta’kidlanishicha, Afg‘oniston yer yuzining ikki ulkan mintaqasi o‘rtasida «ko‘prik» bo‘lishi mumkin. Ushbu mamlakatdagi vaziyatni hal qilmasdan turib, xalqaro iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish qiyin bo‘ladi.
Materialda, shuningdek, yuksak martabali mehmonlar yig‘ilgan Toshkent tom ma’noda bir muddat dunyoning markazi bo‘lib tuyulgani qayd etilgan. Forumda Afg‘oniston Prezidenti Ashraf G‘ani, Pokiston Bosh vaziri Imron Xon, Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha Oliy vakili Jozep Borrel, Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov, yigirmadan ortiq davlat tashqi ishlar vazirlari, AQSHning Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Zalmay Xalilzod, qirq mamlakatdan yuzdan ortiq ekspert va siyosatshunos, jahonning yetakchi OAV vakillari ishtirok etdi.
«O‘zbekiston yetakchisi o‘z ma’ruzasida ushbu anjuman bir martalik tadbir emasligini ta’kidlab, bunday mintaqalararo forumni har yili o‘tkazishni taklif qildi», - deya ta’kidlaydi muallif.
Bundan tashqari, muallif forum natijalariga to‘xtalar ekan, konferensiyada O‘zbekiston Prezidenti mintaqa uchun yangi kun tartibi — rivojlanish dasturini taklif qilganini qayd etgan. U savdo, transport, turizm sohalarining rivojlanishiga xizmat qiladi.
Manba: “Dunyo” axborot agentligi