O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Tokio-2020: Birinchi kunda 11 nafar hamyurtimiz ishtirok etadi
2021-07-24 | Sport
Bugun Tokio-2020 Olimpiya o‘yinlarining ilk kuni. Unda terma jamoamizning 11 nafar vakili ishtirok etadi. Quyida ularning chiqishi haqidagi maʼlumotlarni havola qilamiz:
XXXII yozgi Olimpiya o‘yinlarida hamyurtlarimiz ishtirokini birinchi bo‘lib mergan qizimiz Muxtasar Tohirova boshlab beradi. Namanganlik sportchimiz 10 metrdan miltiqdan otish bo‘yicha saralash dasturida qatnashadi. Mazkur musobaqa Toshkent vaqti bilan 04:30 da boshlanadi.
Shundan so‘ng qilichbozlarimiz bahslarga kirishadi. Dastlab 05:30 da sablyachimiz Sherzod Mamutov ruminiyalik Yulian Teodosiu bilan hisob-kitob qilsa, 07:25 da shpagachimiz Malika Hakimova xitoylik Yiven Sunga qarshi jang olib boradi.
Soat 07:00 da velosportchimiz Murodjon Xolmurodov velosportning shosse yo‘nalishida 234 km masofada o‘tkaziladigan guruh poygasidagi startini boshlaydi.
Tokio kanallarida akademik eshkak eshuvchilarimiz Shahboz Xolmirzayev va Sobir Safaraliyev soat 06:50 dan eʼtiboran saralash bahslariga kirishadilar. Hamyurtlarimiz birinchi guruhda 4-yo‘lakda harakat qilishadi.
Shuningdek, soat 07:00 da tennischimiz Denis Istominning hindistonlik Sumit Nagalga qarshi kortga chiqadi.
Shundan so‘ng eʼtiborimizni boks bahslariga qaratamiz. Soat 07:30 da ayollar o‘rtasida -69 kg vazn toifasida ishtirok etadigan hamyurtimiz Shahnoza Yunusova polshalik Karolina Kosevskaga qarshi ringga ko‘tariladi. Taxminan soat 10 da esa yana bir bokschimiz Sanjar Tursunov (-91 kg) ishtiroki kutib turibdi. Unda hamyurtimiz jazoirlik Abdulxafid Benchablaga qarshi to‘qnash keladi.
Rasuljon Abdurahimov soat 15:30 dan boshlanadigan sport gimnastikasining ko‘pkurash yo‘nalishi, saralash bosqichida ishtirok etadi.
Shubhasiz, ushbu kun doirasida ko‘pchilikning eʼtibori dzyudo bahslariga qaratiladi. Unda Sharofiddin Lutfillayev -60 kg vazn toifasida bahs olib olib boradi. Polvonimiz musobaqani Ukraina va Gvatemala vakillari o‘rtasidagi bahs g‘olibiga qarshi boshlaydi. Dzyudo bahslari soat 07:00 dan boshlanadi. Hamyurtimiz birinchi davradan erkin o‘tgani uchun uning ishtiroki taxminan 30-40 daqiqalardan keyin boshlanadi.
O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi bo‘lajak bahslarda barcha hamyurtlarimizga omad va zafarlar tilab qoladi.
Manba: O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi