O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Qo‘shni Xatlon va Surxondaryo viloyati o‘rtasida do‘stlik aloqalari yuksaladi
2021-07-24 | Siyosat
Avval xabar berganimizdek, qo‘shni Tojikiston Respublikasi Xatlon viloyati raisi Qurbon Hakimzoda boshchiligidagi delegatsiya Surxondaryoda bo‘lib, ikki kun davomida hududlararo savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy va madaniy-gumanitar hamkorlikni kuchaytirish yuzasidan o‘zaro tajriba almashdi.
Milliy qadriyat va an’analari bir-biriga juda o‘xshash, dini bir davlatlarimiz xalqlarining uzoq o‘tmishga borib taqaladigan azaliy do‘stlik, yaqin birodarlik rishtalari keyingi yillarda yangi bosqichda rivojlanib bormoqda.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 10 iyul kuni Tojikiston Respublikasiga rasmiy tashrifi ham azaldan bir-biri bilan quda-anda, yaqin sirdosh do‘st bo‘lib yashagan ikki millat vakillarining bordi-keldi munosabatlarini yanada yuksaltirishning istiqbolli yo‘llarini belgilab berdi. Davlatlarimiz o‘rtasida turli sohalarda o‘zaro hamkorlik aloqalarini rivojlantirishning “yo‘l xaritasi” qabul qilindi.
Shunga muvofiq yon qo‘shni davlatdan Surxondaryoga kelgan Xatlon viloyati va tumanlari hokimligi, tegishli o‘rinbosarlari, tashkilot, korxona, muassasalar, dehqon xo‘jaliklari rahbarlari, tadbirkorlar o‘zaro hamkorlik rishtalarini yanada mustahkamlashning samarali yo‘llarini belgilab oldi. Viloyatda amalga oshirilayotgan ulkan ishlar bilan tanishdi. Mehmonlar dastlab Termiz tumanidagi “Termiz Cargo Centre” xalqaro logistika markazida bo‘ldi.
Mazkur markaz mamlakatimiz tovar ishlab chiqaruvchilari va tadbirkorlari bilan afg‘onistonlik ishbilarmonlar o‘rtasida hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda. Bu yerda qo‘shni davlat tadbirkorlariga sifatli xizmatlar ko‘rsatish uchun barcha zamonaviy sharoit yaratilgan. Konsullik vakili, bojxona terminali binosi, mahsulotlarni saqlash uchun omborxonalar, shuningdek, tijorat banklarining shoxobchalari faoliyat yuritmoqda.
Afg‘oniston bilan chegarada barpo etilayotgan Termiz xalqaro savdo markazi qurilishi ham tojik birodorlarda katta qiziqish o‘yg‘otdi.
Kelgusi yil foydalanishga topshirish mo‘ljallanayotgan yangi markaz uchun Termiz tumanidan 26 gektar yer maydoni ajratilgan. Umumiy qiymati 75 million dollar bo‘lgan markazda mahsulotlarni qabul qilish, saqlash, qayta ishlash, saralash va qadoqlash majmualari qurilib, savdo xizmatlari yo‘lga qo‘yiladi. Zarur infratuzilma tarmoqlari quriladi. Loyihaga ko‘ra, bu yerda 1 ming 800 ta savdo nuqtasi, 50 ming tonna yuk sig‘imiga ega logistika markazi, 400 o‘rinli ikkita mehmonxona, shifoxonalar, avtomobillarga texnik xizmat ko‘rsatish ustaxonalari qad rostlaydi. Korpuslarning birinchi qavatida savdo nuqtalari, ikkinchi qavatida yengil ishlab chiqarish korxonalari joylashadi.
Xalqaro savdo markazining yillik savdo aylanmasi 500 mln dollar, xizmatlar hajmi 10 mln dollar bo‘lishi hisob-kitob qilingan. Eksport quvvati 192 million dollarni tashkil etadi.
Shu kuni mehmonlar Termiz shahridagi "ZIF Textile" mas’uliyati cheklangan jamiyatida ishlab chiqarilayotgan kiyim-kechaklar, Termiz tumanidagi "Oqtepa Termiz" fermer xo‘jaligi, Angor tumanidagi "Angor Surxon g‘ururi" paxta-to‘qimachilik klasteri dalalarida bir tekis rivojlanayotgan g‘o‘zalarni, Angor tumanidagi don qabul qilish shoxobchasini ko‘zdan kechirdi.
Sherobod tumanidagi 48 ta mahallaning 33 tasi anor yetishtirishga ixtisoslashgan. Shunday anorzorlardan biri "Sardorbek Sultonbek" mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan tumanning Oyinli mahallasida tashkil etilgan. Delegatsiya a’zolari ana shu bog‘da bo‘lib, 43 gektar yerda parvarishlanayotgan 30 ming donadan ortiq anor ko‘chatlarini ko‘zdan kechirdi.
Tanishuv chog‘ida qo‘shnilarga qozoqi navli ushbu anor va uni parvarishlash haqida atroflicha ma’lumot berildi. Bir donasi 1 kilogrammdan ziyod tosh bosadigan mevalar sultoni shu yildan hosilga kirdi. Anorzordan yiliga ming tonnadan ortiq meva olish mo‘ljallanmoqda.
Tumandagi zamonaviy issiqxona va anorni qayta ishlash korxonasi ham mehmonlarda katta qiziqish o‘yg‘otdi.
Anorni qayta ishlash korxonasi 6 ming tonna qadoqlash, 2 ming tonna anor sharbati ishlab chiqarish quvvatiga ega. Bu yerda 70 kishi ish bilan ta’minlangan.
Qo‘shni davlatdan kelgan mehmonlarning viloyatga safari davom etmoqda.
Manba: O'zA