O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Xalqaro anjuman yosh sharqshunoslarga taqdim etgan imkoniyatlar
2021-07-24 | Jamiyat
2021 yil 15-16 iyul kunlari Toshkent shahrida “Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar” mavzusida xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi. Mazkur anjumanda xorijiy mehmonlarga volontyor-tarjimon sifatida Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti talabalari ham faol xizmat ko‘rsatdi.
Markaziy va Janubiy Osiyo xalqlarining ming yillarga tatigulik tarixiy, madaniy-ma’rifiy o‘tmishida millatlararo totuvlik, yaxshi qo‘shnichilik, dinlararo bag‘rikenglik tamoyillari, rang-barang madaniy urf-odatlar ulkan hududda yashab kelayotgan xalqlarni birlashtiruvchi rishta vazifasini bajarib kelgan.
Ushbu rishtani tashkil etgan kamalakdek rang-barang qadriyatlar Markaziy va Janubiy Osiyo xalqlarining nomoddiy boyliklaridan biri ekani bugungi kunda barchaga ravshan desak mubolag‘a bo‘lmaydi. XX asr boshlarida uzilib qolgan ana shu rishtani qayta tiklash tashabbusi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surildi. Davlatimiz rahbari boshchiligida olib borilayotgan ichki va tashqi siyosatning mazmun-mohiyatiga ko‘ra hamda yoshlarning aqliy-ma’naviy qiyofasini shakllantirishga qaratilgan “5 tashabbus” asosini aynan shu rishtani vujudga keltirgan noyob ma’naviy qadriyatlarimiz, nomoddiy boyliklarimizni tiklashga, rivojlantirib namoyon etish va avaylab-asrashga qaratilgan.
Jahon hamjamiyatini tobora qamrab olayotgan virtiual raqamli olam ichida o‘zligini saqlab qolish, munosib mavqe egallash va keyingi avlodlarga yetkazib berishda noyob va betakror nomoddiy boyliklarimizning o‘rni va kuchi beqiyos. Bu kuch nafaqat Markaziy Osiyo, balki Janubiy Osiyo xalqlari va bu ikkala mintaqani bog‘lovchi “ko‘prik” bo‘lgan Afg‘on halqini o‘zaro qayta birlashtiruvchi omil sifatida jahon maydoniga zalvorli odimlar bilan qad rostlayotgani quvonarli. Shu bilan bir qatorda, bu mintaqada hal etilishi lozim bo‘lgan ayrim tahdidlar, muammolar va ularga doir izlanishlar va yechimlar taqdimoti kun tartibiga chiqmoqda. Mintaqa miqyosida moliyaviy hamkorlik, bunyodkorlik va iqtisodiy infratuzilmalarni vujudga keltirish, madaniy va turistik almashinuv tizimini yo‘lga qo‘yish, ilm-fan va ma’rifiy sohada tadqiqotlarni jadallashtirish ishlari mintaqa hukumatlarining oliy darajada kelishuviga bog‘liq. Mazkur maqsadlar ko‘zlangan strategiyani ishlab chiqqan Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusiga ko‘ra 15-16 iyul kunlari Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan “Markaziy va Janubiy Osiyo. Mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar” mavzuidagi xalqaro anjumanda ikki mintaqa davlatlari rahbarlari va yuqori martabali vakillari, 15 mamlakatdan parlament delegatsiyalari, 37 ta davlatdan tashqi siyosiy idoralar delegatsiyalari, 29 ta xalqaro tashkilot va moliyaviy institutlar rahbarlari hamda 44 o‘lkadan ishchi va ekspert guruhlardan iborat 180 nafar vakil ishtirok etdi.
Ushbu oliy maqomdagi konferensiyaga tayyorgarlik ishlari va anjuman jarayonida yurtimiz oliygohlarida tahsil olayotgan, xorijiy tillarni puxta egallagan 400 nafarga yaqin ko‘ngilli talaba ishtirok etdi. Jumladan, Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti (TDSHU), Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti (JIDU), O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti (O‘zDJTU), O‘zbekiston Milliy universitetiga (O‘zMU) ushbu sharafli vazifa yuklandi.
Postpandemik va shu bilan bir qatorda jahonda epidemiya o‘chog‘i hanuz so‘nmayotgan bugungi kunda talabalarning salomatligi, osoyishtaligi va xavsizligini ta’minlash ustuvor vazifalardan biri bo‘lib kelmoqda. Shu maqsadda tadbirga ko‘ngilli jalb qilingan talabalar, jumladan, TDSHUdan 68 nafar ko‘ngilli-volontyorlar tadbir oldidan emlandi.
Osiyo gavhari bo‘lmish Toshkentga tashrif buyuruvchi oliy martabali mehmonlar, xalqaro tashkilotlar nigohida anjuman qatnashchilarini kutib olish, hamrohlik qilish, xizmat ko‘rsatish va kuzatib qo‘yish jarayonlarida ular bilan hamnafas bo‘lishga shaylangan volontyorlarning tashqi ko‘rinishi anjuman ruhiyatiga mos bo‘lishi uchun talabalarga xalqaro “dress-kod” talabiga javob beradigan maxsus bosh-kiyim taqdim etildi.
Forumga tayyorgarlik doirasida mazkur 4 oliy o‘quv yurt talabalari O‘DJTUga qarashli zamonaviy majlislar zalida 9 iyul kuni jamlandi. Uchrashuvda oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri Abduqodir Toshqulov ushbu oliy darajadagi anjumanda ko‘ngilli ishtirok etishga rozilik bergan talabalarga chuqur minnatdorlik izhor etdi. Shu bilan bir qatorda, ularga bildirilgan ulkan ishonchni oqlash mas’uliyati yuklangani hamda kelgusida xalqaro tadbirlarda ishtirok etish uchun ko‘nikma va malaka hosil qilish imkonini beruvchi ushbu tajriba maydonidan unumli foydalanish zarurligi tushuntirildi.
Hukumatimiz, mutasaddi idora va tashkilotlar tomonidan volontyorlarga barcha maishiy qulayliklar o‘z vaqtida muhayyo qilindi.
Tezkor xabarlar almashinuvini yo‘lga qo‘yish maqsadida universitet hududi bo‘ylab wi-fi xizmati uzluksiz ishladi.
Mehmonlarni aeroportda kutib olish, hamrohlik qilish va mehmonxonaga kuzatib qo‘yish, so‘ngra volontyorni yotoqxonagacha eltib qo‘yish maqsadida tegishli tashkilotlar tomonidan zamonaviy yengil avtomashinalar ajratildi.
Talabalar joylashgan hududda hordiq chiqarish uchun yashil maydonlarda stol tennisi, qo‘l tennisi, shashka, shaxmat to‘garaklari tashkil etildi. Talabalar birinchi kundanoq o‘zaro tanishib do‘stlar orttirdi, turli musobaqalar, davra suhbatlari, zakovat o‘yinlarida ishtirok etdi.
Volontyorlar tomonidan mehmonlarni kutib olish, hamrohlik qilish asnosida yurtimiz madaniy obidalari bilan tanishtirishni yuqori saviyada olib borishlari maqsadida 10-11 iyul kunlari O‘DJTU majlislar zalida seminar tashkil etildi.
Volontyorlar bilan uchrashuvga Bosh vazir o‘rinbosari - O‘zbekiston Respublikasi turizm va sport vaziri Aziz Abduxakimov keldi. Uchrashuvda ushbu xalqaro anjumandan kutilayotgan natijalar, jumladan, ikki mintaqa orasida barcha sohalar qatori turizm jabhasida ham hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, yangi yo‘nalishlar ochish, postpandemik davrga tayyorgarlik ko‘rish barobarida harakatlar strategiyasini ishlab chiqish va uning ijrosini ta’minlashda bo‘lg‘usi professional tarjimonlar sifatida volontyorlarga katta ishonch bildirildi. Volontyorlar zimmasiga yuklatilgan sharafli vazifani sidqidildan ado etish barobarida talabalarning ushbu sa’y-harakatlari e’tiborga olinib, yangi o‘quv yili boshida Turizm va sport vazirligi tomonidan maxsus sertifikat bilan taqdirlanishi volontyorlar uchun kutilmagan sovg‘a bo‘ldi. Qolaversa, xorijlik mehmon-ekspert va jurnalistlardan intervyu olgan, tadbirda faol qatnashgan, iste’dodini namoyon eta olgan volontyorlar orasidan eng saralariga Xorazm, Qo‘qon, Buxoro, Samarqand shaharlariga turpaket sovg‘a qilinishi vazir tomonidan mamnuniyat-la aytib o‘tildi.
Qayd etish lozim, turizm va sport vaziri Aziz Abduhakimov tashabbusi va hukumat qo‘llab-quvvatlovi bilan volontyorlar uchun ikki kunlik “tashrif sayohati” – xalqaro anjuman delegatsiyalari va oliy martabali mehmonlar joylashadigan otellar bo‘ylab amaliy tanishtiruv sayohati tashkil etildi.
Seminarning 2-kuni O‘zbekistonning AQSHdagi sobiq elchisi Adham Rasulov tomonidan “Diplomatiya etikasi va qoidalari”, “Diplomatik protokol” mavzularida amaliy mashg‘ulot olib borildi. Volontyorlarga diplomatik protokol tushunchasi va ko‘lami, tashriflar turi video va slayd ko‘rinishida tushuntirib berildi.
Volontyorlarning ishchi dasturi doirasida Islom Karimov nomidagi xalqaro aeroport bilan tanishtiruv sayohati ham uyushtirildi. Sayohat davomida VIP va CIP kutib olish va kuzatish zallari talabalarga tanishtirildi.
Volontyorlarning shahar bo‘ylab amaliy tanishuv sayohati tegishli tashkilotlar tomonidan yuqori saviyada tashkil etildi.
Shuningdek, dastur bo‘yicha mehmon biriktirilgan volontyor mehmon dasturi bilan tanishtirildi.
TDSHU tomonidan anjumanga biriktirilgan 68 nafar sharqshunos volontyorga mas’ul etib TDSHU yoshlar bilan ishlash bo‘yicha prorektori Qudratilla Omonov belgilandi. U universitet vakillarining anjuman doirasidagi faoliyatini markaziy shtab bilan birga doimiy muvofiqlashtirib bordi.
Anjuman so‘nggida mehmonlarni aeroportda kuzatib qo‘yish jarayonida TDSHU volontyorlari tunggi smenada, O‘DJTU volontyorlari kunduzgi smenada 16-17 iyul kunlari yuksak madaniyat, sharqona odob va did bilan astoydil xizmat ko‘rsatdilar.
Aeroport, turli vazirlik va tashkilotlar tomonidan TDSHU volontyorlariga bildirilgan tashakkurnomalar ularning ko‘tarinki kayfiyatini yuksaltirib, kuchiga kuch bag‘ishladi.
Bu kabi xalqaro anjuman, forum va simpoziumlar talabalarda turli sohaning bo‘lg‘usi professional vakillari sifatida shakllanishi, dunyoqarashi o‘sishi va diplomatik estetika, etikasi shakllanishida o‘chmas iz qoldirishiga yana bir bor amin bo‘ldik.
Manba: O'zA