Mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Mirziyoev 19-iyul kuni o‘tkazgan yig‘ilishda nasos stansiyalarini modernizasiya qilish orqali qishloq xo‘jaligi infratuzilmasini yaxshilash masalalari muhokama qilinib, bu boradagi vazifalar belgilab olindi.
Barcha joylarda ham suvni hayot manbaiga qiyoslashadi. Ammo, Orolbo‘yi mintaqasida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish uchun nafaqat yozda sug‘orish uchun balki, kuz-qishda ham sho‘r yuvish uchun ob-hayotni dalalarga yetkazish zarur bo‘ladi. Bunda nasos stansiyalari xizmatlaridan keng foydalaniladi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasida jami 1420 dona nasos agregati mavjud bo‘lib, ular qishloq xo‘jaligi ekinlarini sug‘orishga xizmat qilmoqda. Joriy yilda jami 363 dona nasos agregatlarini ta'mirlash rejalashtirilgan. Shundan, bugungi kunga qadar 1 mlrd. 384 mln.so‘m mablag‘lar hisobiga 203 dona nasos agregati ta'mirdan chiqarildi.
Bundan tashqari, 6 dona elektrodvigatel, 14 dona nasos agregati, 1 dona quyosh batareyasi, 3 dona chastota o‘zgartiruvchi qurilma, 42 dona kondensator qurilmalari yangisiga almashtirildi.
Prezidentimizning 2020-yil 28-dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasining 2021-2023-yillarga mo‘ljallangan Investisiya dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” PQ-4937-sonli qarori asosida O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki krediti hisobidan Xo‘jayli, Taxiatosh, Qonliko‘l, Qo‘ng‘irot va Nukus tumanlarida Qoraqalpog‘iston nasos stansiyalari va energetika boshqarmasiga qarashli 1 tadan nasos stansiyasini modernizasiya qilish belgilangan. Shuningdek, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki krediti hisobidan Xo‘jayli, Qonliko‘l, Sho‘manay, Qorao‘zak va Amudaryo tumanlaridagi 11 ta nasos stansiyasini modernizasiya qilish ko‘zda tutilgan. Mazkur tadbirlarni 2023-yilda amalga oshirish rejalashtirilgan bo‘lib, hozirgi kunda me'yoriy hujjatlari tayyorlanmoqda.
Shuningdek, joriy yilda “onlayn” rejimida nazorat qilish bo‘yicha 382 dona elektr energiyasini va 23 dona suv sarfini aniqlash qurilmalari o‘rnatildi. Jumladan, Beruniy nasos stansiyalari va energetika boshqarmasi tomonidan 10 dona, Qoraqalpog‘iston nasos stansiyalari va energetika boshqarmasi tomonidan 13 dona suv sarfini o‘lchash qurilmasini o‘rnatish to‘liq yakunlandi.
Davlatimiz rahbarining nasos stansiyalarini modernizasiya qilish masalalariga alohida e'tibor qaratgani bu borada yechimini kutayotgan masalalarning ijobiy hal qilinishi uchun zamin yaratishiga ishonchim komil. Negaki, mamlakatimizning boshqa hududlari singari Qoraqalpog‘istonda ham uzoq yillardan buyon yangilanmagan, eski nasos stansiyalari mavjud bo‘lib, ularni bugungi kun talablari darajasida modernizasiya qilish hayotiy zaruratga aylangan edi.
Shulardan xulosa chiqargan holda Prezidentimiz belgilab bergan vazifalarni bajarish, Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi barcha nasos stansiyalari va nasos agregatlarining to‘liq quvvatlarda ishlashini ta'minlashning barcha choralarini ko‘ramiz.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi suv хo‘jаligi vаzirligi