O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Ozarbayjonlik investorlar Buxoroda tomchilatib sug‘orish texnologiyalarini joriy etish uchun sarmoya kiritmoqchi
2021-07-23 | Iqtisodiyot
Mamlakatimiz elchixonasi ko‘magida Ozarbayjonning “CROPLAST” ochiq aksiyadorlik jamiyati tijorat direktori Nozim Mammedov boshchiligidagi delegatsiyaning 13-23-iyul kunlari O‘zbekistonga amaliy safari tashkil etildi
2003-yilda tashkil etilgan “CROPLAST” korxonasi polimer mahsulotidan qurilish inshootlari va qishloq xo‘jaligi tarmoqlarida tomchilatib sug‘orishda ishlatiladigan texnik jihozlar, shuningdek, issiqxona xo‘jaliklarida gidroponika usulini joriy etishda foydalaniladigan plastmassa quvurlar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan.
Korxonaning ishlab chiqarish majmualari Italiyaning «Merloni Progetti» kompaniyasi texnologiyasi bilan to‘la jihozlangan. Ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar xalqaro andozalarga to‘la javob beradi.
Safar davomida Ozarbayjon delegatsiyasi Buxoro viloyati hokimining o‘rinbosarlari Nozimjon Xolmurodov va Amrillo Nazarov bilan muzokaralar o‘tkazdi.
Nozim Mammedov Buxoro viloyatida qishloq xo‘jaligi ekin yerlarini tomchilatib sug‘orish, issiqxonalar tashkil etishda ilg‘or gidroponika usulini qo‘llash, shuningdek, bino-inshootlarda suv-oqava tizimini yaxshilash sohalarida sifati kafolatlangan plastmassa quvurlar ishlab chiqarish loyihalarini amalga oshirishni taklif qildi.
O‘z navbatida, Nozimjon Xolmurodov Ozarbayjon tomoni bilan ayni paytda viloyat qishloq xo‘jaligi sohasida energiyani tejaydigan tomchilatib sug‘orish texnologiyasini joriy etish bilan bog‘liq ishlarning hozirgi holati haqidagi maʼlumotlarni o‘rtoqlashdi. Jumladan, «Buxoro Agro» erkin iqtisodiy zonasi tasarrufidagi ekin yerlarida suv tanqisligining oldini olish maqsadida amalga oshirilayotgan loyihalar xususida atroflicha to‘xtaldi.
Viloyat hokimligi bilan muzokaralar yakunlari bo‘yicha ozarbayjonlik hamkorlar bilan hamkorlikda hududda ushbu yo‘nalishda istiqbolli deb topilgan loyihani amalga oshirish yuzasidan kelishuvga erishildi.
Manba: “Dunyo” axborot agentligi