O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Qo‘mondon eng ilg‘or mutaxassislarni taqdirladi
2021-07-23 | Xavfsizlik sohasi
Joriy yilning 15-21-avgust kunlari Mudofaa vazirligi qo‘shinlarida «Men g‘olib» shiori ostida «Eng ilg‘or mutaxassis» ko‘rik-tanlovi o‘tkaziladi. Unda ishtirok etish uchun Markaziy harbiy okrug qo‘shinlarida 24 ta yo‘nalish bo‘yicha eng ilg‘orlar saralab olindi.
Markaziy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondoni polkovnik Oybek Saidov o‘zining bilim va mahorati hamda jangovar qobiliyatini to‘liq namoyon etgan holda okrug bosqichida g‘olib bo‘lgan va bugungi kunda Mudofaa vazirligi bosqichiga tayyorgarlik ko‘rayotgan jamoalarni munosib rag‘batlantirdi.
Shuningdek, okrug qo‘shinlari qo‘mondoni o‘z so‘zida bu kabi musobaqalar harbiy xizmatchilarning o‘zaro kuch, salohiyat va kasb mahoratini sinovdan o‘tkazishi, yoshlar qalbida ona Vatanga bo‘lgan muhabbat, harbiy xizmatga esa havas uyg‘otishini ta’kidlab, jamoalarni yuqori shohsupani egallashi uchun samimiy tilaklar ila ruhlantirdi.
Bu haqda Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lumot uchun, joriy yil Markaziy harbiy okrugning “Forish” tog‘ poligonida “Xavfsiz marshrut”, “Muhandislik formulasi”, “Harbiy-tibbiy estafeta”, “Dala oshxonasi”, “Kattaqo‘rg‘on” dala-o‘quv maydonida “Artilleriya olovi ustasi” hamda “Musaffo osmon”, “Baxmal” dala o‘quv maydonida esa “Qutb yulduzi” bahslari o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Manba: O'zA