O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

“IT-Parkning ikki yillik faoliyati doirasida qo‘lga kiritgan natijalari” to‘g‘risida matbuot anjumani boʻlib oʻtdi

2021-07-23 | Jamiyat

Bugun, 23-iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi O‘zbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi ko‘magida “Tashkilotning ikki yillik faoliyati doirasida qo‘lga kiritgan natijalari” to‘g‘risida matbuot anjumani o‘tkazdi.

Ma’lumki, ikki yillik faoliyati davomida IT-Park axborot texnologiyalari sohasida katta natijalarga erishib, yosh avlodning rivojlanishi, shuningdek, mamlakatda o‘z faoliyatini amalga oshirayotgan IT-kompaniyalar soni va sifatining o‘sishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratib berdi.

Eslatib o‘tamiz, IT-Park O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan startap ekotizimini va startap loyihalarini takomillashtirish, ularni mamlakatimizda amalga oshirish maqsadida tashkil etilgan. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2018-yil 30-sentabrdan 2-oktabrgacha bo‘lib o‘tgan Hindiston Respublikasiga birinchi tashrifi chog‘ida axborot texnologiyalari sohasidagi hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha bitimlar tuzildi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Hindiston IT-kompaniyalari bilan hamkorlikda dasturiy ta’minotni ishlab chiqish va startaplarni jadallashtirish borasidagi eng yaxshi amaliyotlari asosida mamlakatda axborot texnologiyalari parkini yaratishga qiziqish bildirdi.

2019-yil 24-iyul kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasidagi birinchi IT-parkining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Keyingi ikki yil mobaynida IT Park ta’limga, startap ekotizimini rivojlantirishga, shuningdek, mahalliy IT-kompaniyalarning o‘sishiga, o‘z faoliyatini O‘zbekiston Respublikasi hududida va xorijda samarali amalga oshirishda yordam berdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. Mirziyoyevning tashabbusi bilan «Axborot texnologiyalari sohasida ta’lim tizimini yanada takomillashtirish, ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish va ularni IT-industriya bilan integratsiya qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida» 4851-sonli PFni amalga oshirish maqsadida respublika bo‘ylab 14 ta ixtisoslashtirilgan IT-maktab ochildi. 2021-2022 o‘quv yili oxiriga qadar respublika bo‘ylab 80 dan ortiq IT-maktab ochish rejalashtirilgan bo‘lib, 2023-2024 o‘quv yili oxiriga kelib ularning soni mos ravishda har bir bitta maktabga – 205 taga ko‘paytiriladi.

Yosh avlod o‘rtasida axborot texnologiyalari sohasiga bo‘lgan xabardorlikni oshirish va ommalashtirish maqsadida respublika IT-Olimpiadasi o‘tkazilib, unda barcha 14 ta IT-maktab o‘quvchilari ishtirok etdi. Barcha viloyatlardan jami ishtirokchilar soni 770 nafar maktab o‘quvchilarini tashkil etdi.

IT maktablarida o‘qishni tugatgach, bitiruvchilar butun mamlakat bo‘ylab ochiladigan IT markazlarida o‘qishni davom ettirish va axborot texnologiyalarini chuqur o‘rganish imkoniyatini qo‘lga kiritadilar. IT-parkida 147 ta IT-Markaz ochilgan bo‘lib, unda 40 ming 255 dan ortiq kishi ta’lim olgan. Ushbu IT markazlarining ochilishi tufayli 294 dan ortiq ish o‘rni yaratildi. Joriy yilda IT-markazlar sonini 205 taga etkazish rejalashtirilgan bo‘lib, ular yanada ko‘proq ish o‘rinlari yaratilib, yanada ko‘proq yoshlarni o‘qitadi.

Bundan tashqari, “One Million Uzbek Coders” keng ko‘lamli loyihasi ishga tushirildi, unda ikki yil davomida 469 260 foydalanuvchi ro‘yxatdan o‘tdi, 246 587 talaba guvohnomalar va 176 883 nafari bitiruvchilar sertifikatlari oldi. “One Million Uzbek Coders” – IT-Park tomonidan yaratilgan bepul ta’lim platformasi Dubai Future Foundation jamg‘armasi bilan birgalikda malakali xalqaro ekspertlar videodarslarini bepul o‘rganish orqali ma’lumotlar tahlili, frontend va backend dasturlashning asosiy tushunchalarini, shuningdek, mobil ilovalar yaratishni bepul o‘rganish imkonini beradi.

Dasturlash va ma’lumotlar tahlilida asosiy kurslarni tugatgach, foydalanuvchilarga “Udacity Nanodegree” granti egalari bo‘lish imkoniyati beriladi, bu esa ularga “One Million Uzbek Coders” loyihasi doirasida yanada ilg‘or darajada saboq olish imkonini beradi. Ushbu grant egalari soni bugungi kunda 250 nafardan ortiqni tashkil etadi.

Bundan tashqari, talabalarning tadbirkorlik ruhini oshirish maqsadida mamlakatimizning 16 ta oliy o‘quv yurtida IT-Park tashabbusi bilan inkubatsiya markazlari tashkil etilib, unda talabalar bilan ishlash va ularning loyihalarini ishlab chiqish bo‘yicha keng qamrovli dasturlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, inkubatsiya markazlarida 123 dan ortiq loyiha amalga oshirilmoqda. Oliy ta’lim muassasalarida jami 12 ta inkassatsiya va tezlatish dasturlari hamda 30 dan ortiq o‘quv tadbirlari va demo kunlari o‘tkazildi.

Shuni ham ta’kidlash joizki, ikki yil ichida Guliston, Marg‘ilon, Andijon, Samarqand, Jizzax, Navoiy va Buxoro kabi viloyatlarda IT-Parkning 7 ta filiali ochildi. IT-mutaxassislarga yuqori sifatli infratuzilmani ta’minlash uchun O‘zbekistonda (har bir hududda bittadan) jami 14 ta IT-Park filiallarini ochish rejalashtirilgan.

IT-Parkning har bir filiali uzluksiz elektr ta’minoti, tezkor internet, konditsioner, yong‘in xavfsizligi, sanitariya-epidemiologiya uskunalari va xavfsizlik bilan ta’minlangan. IT-Parkda mutaxassislarga qulay va unumli mehnat qilish uchun barcha sharoit yaratilgan.

Bugungi kunda 453 ta IT-kompaniya IT-Park rezidenti bo‘lib, ularning 17 tasi xorijiy kapitalga ega bo‘lgan xorijiy ta’sischilar tomonidan yaratilgan. 2019-yilda IT-Park rezident kompaniyalarining IT-mahsulotlari eksport hajmi $6,2 mln. ni tashkil etdi, 2020-yilda bu ko‘rsatkich $16,4 mln. gacha oshdi va 2021- yilning birinchi yarmida $17 mln. ni tashkil etdi, joriy yilning oxiriga kelib bu ko‘rsatkich $40 mln. ga o‘sishi kutilmoqda. 2019-yilda axborot texnologiyalari sohasida ko‘rsatilgan xizmatlar hajmi 529,1 mlrd. 2020 -yil yakunlariga ko‘ra bu ko‘rsatkich 191% ga oshdi va 1 trln. so‘mdan ortiqni tashkil etdi. 2021-yilning birinchi yarim yilligi davomida axborot texnologiyalari sohasida ko‘rsatilgan xizmatlar hajmi 650 mlrd. so‘m, joriy yil oxirigacha bu ko‘rsatkich 1 trln. 400 milliard so‘mni tashkil qildi.

Unutmaslik kerakki, 2020-yilning 18-avgustida AQShning Delaver shahrida IT-kompaniyalariga AQSh ichki bozoriga kirish uchun sharoit yaratib beruvchi IT-Park vakolatxonasi ochildi. Vakolatxonaning asosiy vazifasi ichki mahsulot va xizmatlarni eksport qilish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, ularni rag‘batlantirish, reklama kampaniyalarini o‘tkazish, buyurtmalarni qidirish, AQSh mijozlari va IT-Park rezidentlari o‘rtasida shartnomalar tuzishda yordam berishdir. Vakolatxona har ikki tomon uchun – buyurtmachi uchun bajarilgan ishning sifati bo‘yicha, pudratchi uchun bajarilgan ish uchun haq to‘lash bo‘yicha ham kafil vazifasini bajaradi. Buning uchun xalqaro standartlarga javob beradigan sug‘urta va kafolat tizimlari joriy etilgan.

IT Park korporativ innovatsiyalar doirasida ham faol ish olib boradi, bu esa ularning rivojlanishi va o‘sishi uchun mavjud kompaniyalarga yangi g‘oya va imkoniyatlarni joriy etish jarayonini o‘z ichiga oladi. Bu sohadagi qator tadbirlar xakatonlar, tanlovlar, dasturlar, ixtisoslashtirilgan ko‘rgazmalar, shuningdek, O‘zbekistonda IT sohasida startap ekotizimini va tadbirkorlikni rivojlantirish bo‘yicha boshqa tadbirlar shaklida tashkil etildi. Tashkilot tomonidan mahalliy va xorijiy hamkorlar bilan birgalikda jami mukofot jamg‘armasi 7 milliard so‘mdan ortiq bo‘lgan 30 dan ortiq yirik loyihalar amalga oshirildi.

Bundan tashqari, 2021-yilning 12-fevralida IT Park CS:GO bo‘yicha “Cookie Crew” jamoasini tuzdi va ular “Frag Season 5” respublika turnirida g‘olib chiqdi va shu tariqa CS:GO o‘yini bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi chempioni bo‘ldi.

Xulosa qilib aytish kerakki, IT Park barcha faoliyat sohalarida axborot texnologiyalarini rivojlantirish va joriy etish bo‘yicha o‘nlab tadbirlar, tanlovlar, ideatonlar, xakatonlar va boshqa loyihalarni amalga oshirdi. Davlatimiz rahbarining O‘zbekistonda IT-parkini yaratish borasidagi tashabbusi O‘zbekistonning bugungi har tomonlama rivojlanishida eng muhim va asosiy jihatlardan biriga aylandi. Buning isboti tashkilotning ikki yillik faoliyati davomida qo‘lga kiritilgan natijalardir. Vazifalar bu bilan to‘xtamaydi va tashkilot O‘zbekistonning Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi (MDH) mamlakatlari orasida IT-yetakchiga aylanishini ta’minlash uchun tinimsiz harakat qilishni maqsad qilgan.

Matbuot anjumani yakunida savol-javob qismida ommaviy axborot vositalari vakillari savollariga mutaxassislar tomonidan javob berildi.

Manba: O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi

Поделиться