O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Uzumning urug‘siz, sovuqqa chidamli navlari ko‘paytirilmoqda
2021-07-23 | Jamiyat
Prezidentimiz raisligida shu yil 7-iyul kuni uzumchilik sohasida mavjud muammolar va tarmoqni rivojlantirish bo‘yicha ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan selektor yig‘ilishi o‘tkazilgan edi.
Yig‘ilishda uzumchilik tarmog‘ida bajarilgan ishlar va kelgusidagi rejalar muhokama qilinib, bu boradagi ustuvor vazifalar belgilab berilgandi.
Ayni paytda mamlakatimizda uzumchilikni rivojlantirish, davlatimiz rahbari raisligida bo‘lib o‘tgan mazkur yig‘ilishda belgilab berilgan vazifalar ijrosini ta’minlash yuzasidan tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Bu borada O‘zbekiston Respublikasi Alkogol va tamaki bozorini tartibiga solish hamda vinochilikni rivojlantirish agentligi tomonidan ham soha rivoji uchun muhim chora-tadbirlar ko‘rilmoqda.
Ma’lumki, Samarqand viloyati Jomboy tumanidagi “Bog‘bon” agrokompleksi tarkibida 2020-yilda zamonaviy “In vitro” laboratoriyasi tashkil etilgan edi. Agrokompleks 24 gektardan oshiqroq maydonda joylashgan bo‘lib, shundan 0,24 gektarda laboratoriya, 1 gektar maydonda zamonaviy issiqxona joylashgan. 22 gektar yer maydonida esa bugungi kunda yurtimizda uchramaydigan 32 xil navdagi mevali daraxt ko‘chatlari olib kelinib, parvarish qilinmoqda.
Agentligimiz tomonidan Rossiya Federatsiyasidan uzumning 25-30 daraja sovuqqa chidamli 10 ta sanoatbop, urug‘siz xo‘raki navi va ikkita yovvoyi payvandtaglarining “in vitro” sharoitida ko‘paytirilgan mikroklonlari mamlakatimizga olib kelindi. Ayni paytda “Bog‘bon” agrokompleksining “In vitro” laboratoriyasida ularni ko‘paytirish ishlari olib borilmoqda.
2022-yil bahor oylarida dehqonlarimizga bu yerda yetishtirilgan jahon bozori talabiga javob beradigan uzum ko‘chatlari yetkazib berilishi rejalashtirilgan.
Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad, mazasi va ko‘rinishi bilan dunyo bozoridan o‘z o‘rnini topa oladigan uzumlarni yetishtirish, eksport salohiyatini oshirish va o‘z navbatida, xalqimizning mehnatiga yarasha daromad olishini ta’minlashdir.
Ushbu turdagi ko‘chatlarni ko‘paytirish sovuq havo sharoiti tufayli toklarning ko‘milishiga bo‘lgan ehtiyojning o‘z-o‘zidan yo‘qolishiga olib keladi. Bu – dehqonlarning qo‘shimcha ish va xarajatlardan qutilishi bilan ham diqqatga sazovordir. Bir vaqtning o‘zida toklarning ko‘milish jarayonida tanasi va shoxlariga zarar yetkazilishining ham oldi olinadi. Bu esa olinadigan hosil cho‘g‘iga o‘z ta’sirini ko‘rsatmasdan qolmaydi.
Manba: O'zA