O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi va Yevropa qo‘shnichilik kengashi hamkorligi yo‘lga qo‘yilmoqda
2021-07-19 | Siyosat
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi O.Hakimov Yevropa qo‘shnichilik kengashi (YeQK) (European Neighbourhood Council - ENC) boshqaruvchi direktori Samuel Vesterbay bilan uchrashdi.
Markazda bo‘lib o‘tgan uchrashuv chog‘ida ikki tomonlama hamkorlikni yo‘lga qo‘yish istiqbollari, shuningdek, o‘zaro tadqiqotlar yuzasidan fikr almashildi.
O.Hakimov Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazining asosiy maqsad va vazifalari, markaz platformasida ochilgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar Hukumat Akseleratorining olib borayotgan tadqiqotlari va faoliyati haqida so‘zlab berdi.
S.Vesterbay YeQK Bryusselda joylashganini va Yevropa Ittifoqining tashqi va xavfsizlik siyosatining global strategiyasini kengaytirish va rag‘batlantirish siyosatini mustahkamlash masalalari bilan bog‘liq tadqiqotlar olib boradigan va loyihalarni amalga oshiradigan mustaqil tahlil markazi ekanligini ma’lum qildi.
Jumladan, YeQK Yevropa Kengashi va Yevropa parlamenti uchun Markaziy Osiyo va yaqin Sharq mamlakatlari, shuningdek, Turkiya bilan bog‘liq siyosat va xavfsizlikning turli jihatlari bo‘yicha tadqiqotlar olib boradi va ma’ruzalar tayyorlaydi.
2016-yilda tashkil etilganidan buyon YeQK Yevropa nodavlat va hukumat tashkilotlari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ydi va migratsiya, rivojlanish, demokratiya va savdodan tortib, Yevropa Ittifoqining umumiy tashqi va xavfsizlik siyosati bilan bog‘liq masalalar bo‘yicha mutaxassislar bilan hamkorlik qiladi.
YeQKning Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yishdan manfaatdor ekanini bildirdi va qo‘shma tadqiqotlar o‘tkazish, xususan, O‘zbekiston tomonidan Yevropa Ittifoqi bilan savdo-sotiqda umumjahon preferensiyalar tizimining (GSP+) benefitsiar mamlakat maqomidan foydalanish bo‘yicha mavzularni taklif qildi.
Bundan tashqari, YeQKni O‘zbekistonda bo‘lib o‘tadigan prezidentlik saylovlariga oid mavzular ham qiziqtiradi. Samuel Vesterbay O‘zbekistonda davlat boshqaruvi, tashqi siyosat, xalqaro munosabatlar sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarning ahamiyatini qayd etdi. Shu bilan birga u O‘zbekiston vakillarining YeIning davlat xizmatchilari va biznes vakillarini tayyorlash bo‘yicha maxsus dasturi doirasida ajratilgan o‘quv dasturlari va stipendiyalarida ishtirok etish imkoniyatini ko‘rib chiqishni taklif qildi.
S.Vesterbayning aytishicha, Yevropa Ittifoqi qayta tiklanadigan energiya manbalaridan foydalanish va "yashil iqtisodiyot"ni rivojlantirishdan manfaatdor. Shu bilan birga, O‘zbekistonda quyosh energiyasidan foydalanish uchun katta imkoniyatlar mavjudligi va keyingi 5 yil ichida barqaror va "yashil iqtisodiyot" mamlakat iqtisodiyotida muhim rol o‘ynashi, shuningdek, barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish mumkinligini ta’kidladi.
YeQK direktori, shuningdek, Afg‘onistondagi ichki siyosiy vaziyatdagi o‘zgarishlarni hisobga olgan holda, O‘zbekiston va Afg‘oniston o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirishning holati va istiqbollari haqida so‘radi. Uchrashuv yakunlari bo‘yicha ikki tadqiqot markazi o‘rtasida yaqin hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha dastlabki kelishuvga erishildi.
Manba: O'zA