O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Innovasion rivojlanish vaziri Jahon banki loyihasi Xalqaro ekspert kengashi a'zolari bilan muzokaralar o‘tkazdi
2021-07-19 | Iqtisodiyot
O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligida Jahon banki ishtirokidagi “O‘zbekiston milliy innovatsion tizimini modernizatsiya qilish” loyihasi doirasidagi virtual missiya hamda loyiha bo‘yicha tashkil etilgan Xalqaro ekspert kengashi a’zolari (XEK) bilan muzokara o‘tkazildi.
Innovatsion rivojlanish vaziri I.Abdurahmonov ishtirokchilarni Xalqaro ekspert kengashi tashkil etilgani bilan tabriklab, ularni O‘zbekistonda ilm-fan, texnologiyalar va innovatsiyalar sohasida so‘nggi paytlarda amalga oshirilayotgan ishlar va kelajakdagi rejalar bilan tanishtirdi.
Uchrashuvda loyiha doirasida moliyalashtirish shartnomasida nazarda tutilgan majburiyatlarning bajarilishi muhokama qilindi. Loyiha tarkibiy qismlarini amalga oshirish rejasi ko‘rib chiqilib, o‘zaro kelishildi.
Xalqaro ekspert kengashi jahonning ilg‘or davlatlari tajribalarini amaliyotga tatbiq etishda loyihani amalga oshirish guruhiga ko‘makdosh bo‘ladi.
Bunda O‘zbekistonning milliy innovatsion tizimini modernizatsiya qilish, global bozorda milliy mahsulotlar va xizmatlarning raqobatbardoshligi, iqtisodiyot diversifikatsiyasi samaradorligi hamda aholining turmush darajasini oshirishga alohida urg‘u beriladi.
Muzokara davomida O‘zbekistonda ilm-fanni moliyalashtirish tizimi o‘zgargani aytib o‘tildi. Endi ilmiy-tadqiqot institutlariga emas, balki alohida loyihalarga maqsadli mablag‘ ajratilmoqda. Qo‘lga kiritilgan ilmiy izlanishlar natijalari amaliyotga tatbiq etilishi kutilayotir.
Ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtirish, startap-loyihalarni moliyalashtirish va startapchilar bilan malakali mentorlar ishlashini ta’minlash hamda innovatsion markazlar faoliyatini takomillashtirish kabi masalalarda fikr almashildi.
Ta’kidlash joizki, mazkur loyiha davlat ilmiy-tadqiqot institutlari (ITI) va oliy ta’lim muassasalariga (OTM) xalqaro darajadagi tadqiqotlarini olib borishga yordam beradi. Shuningdek, ularning ish natijalarini tijoratlashtirishga imkon beradi. ITI va OTM ilmiy xodimlari ilmiy-tadqiqot hamda tajriba-konstruktorlik ishlanmalari, jumladan, xalqaro tadqiqotchilar va xususiy sektor ishtirokida qo‘shma loyihalarni amalga oshirishni moliyalashtiradigan grantlar olish uchun ariza topshirishlari mumkin.
Bundan tashqari, mahalliy firma va kompaniyalar boshlang‘ich loyihalarga sarmoya kiritish uchun mahalliy va xalqaro bozorlarda talab qilinadigan yangi yoki mavjud innovatsion mahsulot va xizmatlarni ilmiy-tadqiqot hamda tajriba-konstruktorlik ishlanmalari sohasida grant olish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Masalan, ular tibbiy, farmatsevtika va biotexnologik mahsulotlar va xizmatlarni ishlab chiqish, shuningdek, ilm-fan va texnologiyaning boshqa istiqbolli yo‘nalishlari bo‘yicha loyihalarni moliyalashtirish uchun ariza topshirishi mumkin.
I.Abdurahmonov 2022−2026 yillarga mo‘ljallangan Jahon bankining O‘zbekiston Respublikasi bilan Hukumatning mamlakatni keyingi besh yilga mo‘ljallangan ijtimoiy-iqtisodiy va rivojlanish rejalariga javob beradigan sheriklik dasturi doirasida “O‘zbekiston milliy innovatsion tizimini modernizatsiya qilish” loyihasi eng muvaffaqiyatli loyihalardan biri bo‘lishiga ishonch bildirdi.
Innovatsion rivojlanish vaziri doktor Yerbol Suleymenovni Xalqaro ekspert kengashiga rais etib saylangani bilan tabriklab, barcha (XEK) a’zolariga loyiha doirasida kelgusida amalga oshiradigan faoliyatiga zafar tiladi.
Jahon bankining missiyasi, o‘z navbatida, fan, texnologiyalar va innovatsiyalar sohasida hamkorlikni yanada rivojlantirish va bu yo‘nalishda O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlantirish vazirligi bilan yaqindan hamkorlik qilishga tayyorligini bildirdi.
Innovatsion rivojlanish vazirligi hamkorlik aloqalarini kengaytirish bo‘yicha muntazam uchrashuv va muzokaralar o‘tkazishga tayyorligi va yuqorida keltirilgan sohalarda Jahon bankini to‘liq qo‘llab-quvvatlashi ma’lum qilindi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish agentligi