Samarqand va Buxoro viloyatlarini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalari muhokama qilindi
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari S.Umurzakov rahbarligida Samarqand shahridagi studiyadan videokonferensiya shaklida Davlat rahbarining Samarqand va Buxoro viloyatlariga tashriflari davomida berilgan topshiriqlar hamda Tashqi savdo, investitsiyalar, mahalliy sanoatni rivojlantirish va texnik jihatdan tartibga solish masalalari bo‘yicha Hukumat komissiyasining ushbu hududlarga safarlari davomida berilgan ko‘rsatmalar ijrosining borishi muhokama qilindi. Shuningdek, ikki hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning joriy ko‘rsatkichlari va uni yanada rag‘batlantirish bo‘yicha birinchi darajali vazifalar ko‘rib chiqildi.
Hududiy investitsiya dasturlari doirasida investitsiyalarni jalb etish va loyihalarni jadal ravishda amalga oshirish borasidagi ishlarni yanada faollashtirish zarurligi qayd etildi. Joriy yil oxiriga qadar Samarqand viloyatida umumiy qiymati 12,1 trln so‘mlik 1184 ta loyihani amalga oshirish va 17,3 mingta yangi ish o‘rni yaratish, Buxoro viloyatida esa 5,7 trln so‘mlik 584 ta loyihani hayotga tatbiq etish va shuning hisobiga 12,3 ming yangi ish o‘rni yaratish rejalashtirilgan.
Sanoat, qishloq xo‘jaligi va xizmat ko‘rsatish sohasini rivojlantirish bo‘yicha ham navbatdagi tadbirlar belgilab olindi. Tegishli idora va tarmoq birlashmalari rahbarlariga viloyatlarning tuman va shaharlariga chiqqan holda, yuqori qo‘shimcha qiymatga ega sanoat mahsulotlar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish bo‘yicha yangi investisiya loyihalarini amalga oshirishga doir takliflarni shakllantirish topshirildi.
Eksport faoliyatining joriy ko‘rsatkichlari o‘rganildi. Tadbirkor va eksportchilarning muammolarini aniqlash va hal etish bo‘yicha manzilli ishlarni faollashtirish yuzasidan ko‘rsatmalar berildi.
Shuningdek, muhokama davomida vazirliklar, idoralar va mahalliy hokimiyat organlarining muvofiqlashtirilgan sa'y-harakatlarini talab qiluvchi bir qator alohida masalalar ko‘rib chiqildi.
Videokonferensiya yakunida mutasaddi rahbarlar muhokama davomida ko‘tarilgan muammolarni hal etish bo‘yicha aniq ko‘rsatma va topshiriqlarni oldilar.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi