Markaziy va Janubiy Osiyoda barqaror o‘sishga xizmat qiluvchi savdo va transport aloqasi
“Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar” yuqori darajadagi xalqaro konferensiya dasturi doirasida “Markaziy va Janubiy Osiyoda barqaror o‘sishga xizmat qiluvchi savdo va transport aloqasi” mavzusida panel' muhokamasi bo‘lib o‘tdi.
Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi, Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining sobiq Prezidenti Suma Chakrabarti moderatorligi ostida bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov, Afg‘oniston Islom Respublikasi moliya vaziri Muhammad Payenda, Latviya qishloq xo‘jaligi vaziri Kaspars Gerxards, Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo bo‘yicha Maxsus vakili Teri Hakala, O‘zbekiston-Saudiya Arabistoni Ishbilarmonlar Kengashi raisi Muhammad Abunayyan, shuningdek, Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, AQShning xalqaro rivojlanish moliya korporatsiyasi, Jaxon savdo tashkiloti, Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti va boshqa idoralar vakillari va eskpertlari ishtirok etishdi.
Muhokama chog‘ida ishtirokchilar mintaqadagi mamlakatlar o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy, transport va logistika aloqalarini chuqurlashtirish omillarini atroflicha muhokama qilib, hamkorlikni yanada kengaytirishga oid ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha fikr va takliflar bilan almashdilar.
Muhokamada so‘zga chiqqan O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri tadbir mavzusi va umuman konferensiya bilan bog‘liq bir qator muhim masalalarni ilgari surdi.
Markaziy va Janubiy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi hamkorlikni yanada kuchaytirish masalalarida O‘zbekistonning ustuvor yo‘nalishlari belgilab berildi: savdo, sanoat kooperatsiyasini faollashtirish va barqaror rivojlanish jarayonlariga jalb etish orqali o‘zaro munosabatlarni mustahkamlash.
Ma'lum qilinishicha, o‘tgan to‘rt yil mobaynida O‘zbekiston va uning Markaziy Osiyo savdo hamkorlari o‘rtasidagi savdo aylanmasi 2,5 barobar, Janubiy Osiyo davlatlari bilan esa – 2 barobar oshgan. Shu bilan birga, Markaziy Osiyo mamlakatlari savdo aylanmasida mintaqalararo savdo ulushining past ko‘rsatkichlari (1,5 dan 8,5 foizgacha) qayd etilgan, Janubi-Sharqiy Osiyo mamlakatlarida esa bu ko‘rsatkich 25% tashkil etmoqda.
Ushbu ko‘rsatkichlar mintaqaning savdo munosabatlarida ishga solinmagan salohiyat mavjudligini ko‘rsatadi, bunga nomukammal me'yoriy-huquqiy baza, yetarli darajada rivojlanmagan transport infratuzilmasi hamda tarif va notarif to‘siqlar mavjudligi sabab bo‘lmoqda.
Ushbu munosabat bilan O‘zbekiston tomoni mintaqa davlatlari hukumatlari va taraqqiyot hamkorlarini manfaatdor tomonlar o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikni muvofiqlashtirishga chaqirdi.
Shu nuqtai nazardan, ishlab chiqaruvchilar va tadbirkorlar o‘rtasida turli sohalarda qo‘shma loyihalar sonini oshirish, normativ-huquqiy bazani takomillashtirish, amaldagi tarif va notarif to‘siqlarni bartaraf etish, xizmatlarni raqamlashtirish va bojxona tartibini soddalashtirish, logistika operatsiyalarida vaqt va moddiy xarajatlarni kamaytirish va boshqa tadbirlar birinchi darajali choralar sifatida belgilandi.
O‘zbekiston ushbu yo‘nalishlarda muvaffaqiyatli harakat qilayotgani ta'kidlandi: Pokiston Islom Respublikasi bilan Tranzit savdosi bo‘yicha bitim imzolandi, Pokiston, Afg‘oniston va Hindiston bilan imtiyozli savdo bitimlarini kelishish bo‘yicha faol ishlar olib borilmoqda, mintaqada muntazam havo qatnovi yo‘lga qo‘yildi, turli mamlakatlar ishbilarmon doiralarini o‘zaro yaqinlashtirish bo‘yicha doimiy ravishda qo‘shma tadbirlar o‘tkazilib kelinmoqda.
Ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish va aholi turmush darajasini yaxshilashning asosiy omili sifatida savdo-transport infratuzilmasi xavfsizligini ta'minlashda mamlakatlararo hamkorlikning ahamiyati alohida ta'kidlandi. Ushbu nuqtai nazardan, qurilish loyihalarini amalga oshirish, temir yo‘l va avtomobil' kommunikatsiyalarini jihozlash va modernizatsiya qilish chog‘ida kadrlar va infratuzilma ob'ektlarini himoya qilish bo‘yicha to‘plangan tajriba almashish bo‘yicha hamkorlikni chuqurlashtirish taklif etildi.
Muhokama davomida ishtirokchilar Markaziy va Janubiy Osiyo mamlakatlarida infratuzilmaga ehtiyoj ortib borayotgan sharoitda keng ko‘lamli infratuzilma loyihalarini amalga oshirish uchun jalb etilayotgan investitsiyalar hajmlarini oshirish zarurligini ta'kidladilar, bu esa, o‘z navbatida, qo‘shma sanoat korxonalarini tashkil etish va ishlab chiqarilgan mahsulotlarni uchinchi mamlakatlar bozorlariga ilgari surish uchun shart-sharoitlarni shakllantiradi hamda mintaqa mamlakatlarining iqtisodiy o‘sishiga yordam beradi.
Tadbir yakunida savol-javob sessiyasi o‘tkazilib, unda muhokama qilingan mavzular doirasida qo‘shimcha savollar ko‘rib chiqildi.
Muhokama yakunida kelgusidagi hamkorlik bo‘yicha yangi g‘oya va takliflar ishlab chiqish maqsadida shu kabi munozara platformalarida ko‘p tomonlama muzokaralarni faollashtirish zarurligi qayd etildi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi