Biznes doiralarining hamkorligi O‘zbekiston – Pokiston iqtisodiy munosabatlarini rivojlantirishning muhim omilidir
Toshkent shahrida O‘zbekiston – Pokiston biznes-forumi bo‘lib o‘tdi. Tadbirning ochilish marosimida Pokiston Islom Respublikasi Bosh vazirining maslahatchisi Abdul Razzoq Dovud va O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari –investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov so‘zga chiqdi.
Shundan so‘ng, dasturning ikkinchi yarmida forumda Pokiston Islom Respublikasi Bosh vaziri Imron Xon va O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.Aripov ishtirok etdi.
Tadbir o‘z platformasida ikki mamlakat ishbilarmon doiralarining 300 dan ortiq vakillarini, shuningdek, tegishli vazirlik, idora va tarmoq birlashmalari rahbarlarini yig‘di.
Forum ikki mamlakat o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirishning hal qiluvchi omili sifatida O‘zbekiston va Pokiston ishbilarmon doiralari o‘rtasidagi munosabatlarni yanada faollashtirishga doir chora-tadbirlar yuzasidan fikr almashish va konstruktiv muhokamalar uchun maydonchaga aylandi.
So‘zga chiqishlar davomida O‘zbekistonda tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash va investorlar uchun qulay muhit yaratish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar qayd etildi. Soliqqa tortish sohasini isloh qilish, iqtisodiyotning shaffofligini oshirish, yer uchastkalarini ajratish tartibini, xorijiy investorlarni huquqiy himoya qilish mexanizmlarini takomillashtirish va boshqa yo‘nalishlarda erishilgan yutuqlar sanab o‘tildi.
Forum doirasida vazirlik va idoralar rahbarlari tomonidan taqdimotlar o‘tkazildi. Ularda turizm, yengil sanoat, qishloq xo‘jaligi, farmasevtika, kimyo sanoati va boshqa yo‘nalishlarda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlari taqdim etildi.
Ikki mamlakat spikerlari biznes vakillarini aniq investitsiyaviy kelishuvlarga erishish va savdo shartnomalarini tuzish hamda hamkorlikning yangi istiqbolli yo‘nalishlarini aniqlash maqsadida faol hamkorlik qilishga chaqirdi.
Forum yakunlari bo‘yicha agrosanoat sohasi, to‘qimachilik, farmasevtika va kimyo sanoati, qurilish materiallari ishlab chiqarish hamda parrandachilik sohalarida qiymati 500 million dollardan ortiq bo‘lgan 71 ikki tomonlama hujjat, shu jumladan, investitsiyaviy shartnomalar va savdo bitimlari imzolandi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi