O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Tokio-2020 ochilish marosimida O‘zbekiston bayrog‘ini kimlar ko‘taradi?
2021-07-17 | Sport
Olimpiya o‘yinlarining tantanali ochilish marosimida mamlakatlar paradi ko‘pchilikning diqqat-markazida bo‘ladigan eng asosiy jarayonlardan biri.
Unda ko‘pchilikning diqqat-eʼtibori qaysi atlet delegatsiya bayrog‘ini ko‘tarib chiqishiga qaratiladi. Mamnuniyat bilan Tokio-2020 Olimpiya o‘yinlarining ochilish marosimida delegatsiyamiz bayroqdorlarini maʼlum qilamiz.
Marosimda afsonaviy gimnastikachimiz Oksana Chusovitina va bokschimiz Bobo-Usmon Baturov O‘zbekiston delegatsiyasining bayroqdorlari bo‘lishadi. Qayd etish joiz, Oksana Chusovitina yozgi Olimpiya o‘yinlarida bayroqdor bo‘lgan dastlabki ayol atletimiz sifatida tarixdan joy olmoqda.
Oksana Chusovitina Barselona-1992 Olimpiya o‘yinlari chempioni, uch karra jahon chempioni, Osiyo o‘yinlari g‘olibi, qatorasiga yettita yozgi Olimpiya o‘yinlarida ishtirok etgan yer yuzidagi yagona ayol gimnastikachi sifatida Ginnesning rekordlari kitobiga kiritilgan. Demak, Tokiodagi ochilish marosimda o‘zining sakkizinchi Olimpiadasiga tayyorgarlik ko‘rayotgan, allaqachon dunyo gimnastikasi afsonasiga aylangan hamyurtimiz, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan sportchi, “O‘zbekiston iftixori” faxriy unvoni egasi Oksana Chusovitina mamlakatimiz sport delegatsiyasini hur diyorimiz bayrog‘ini sarbaland ko‘targan holda XXXII yozgi Olimpiya o‘yinlarining bosh arenasiga boshlab tushadi. Unga esa boks bo‘yicha Osiyo chempioni, Osiyo o‘yinlari g‘olibi, jahon chempionati sovrindori, “Kelajak bunyodkori” medali sohibi Bobo-Usmon Baturov hamrohlik qiladi.
Ochilish marosimining ssenariysiga ko‘ra, barcha davlatlardan 1 nafardan erkak va ayol sportchilar bayroqdor bo‘lib chiqishadi. Bu Xalqaro Olimpiya qo‘mitasi tomonidan targ‘ib qilinayotgan gender tenglik siyosatining amalda tatbiq etilishidir. Eslatib o‘tamiz, XXXII yozgi Olimpiya o‘yinlarining tantanali ochilish marosimi 23-iyul kuni Toshkent vaqti bilan soat 16:00 da Tokiodagi "Olimpiya" stadionida boshlanadi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Turizm va madaniy meros vazirligi