O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Yevropa Ittifoqining Tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha Oliy vakili bilan uchrashuv to‘g‘risida
2021-07-17 | Siyosat
2021-yil 17-iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov Yevropa Ittifoqining Tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha Oliy vakili Jozep Borrel bilan uchrashdi.
Yevropa tomoni 2021-yil 15-16-iyul kunlari Toshkent shahrida o‘tkazilgan “Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy bogʻliqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar” mavzusidagi yuqori darajali xalqaro konferensiya natijalariga yuqori baho berdi. J.Borrel Janubiy va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish, shuningdek, mintaqaviy barqarorlikni ta’minlashda mazkur Toshkent forumining o‘z vaqtida tashkillashtirilgani va dolzarbligini ta’kidladi.
Muzokaralar davomida O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi hamkorlikning dolzarb masalalari muhokama qilindi. Bo‘lajak turli darajadagi qo‘shma tadbirlarning amaliy jihatlari to‘g‘risida fikr almashildi.
Afg‘oniston yo‘nalishida tomonlarning hamkorlik masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Afg‘onistondagi tinchlik jarayonini qo‘llab-quvvatlash, mamlakat iqtisodiyotini tiklash va infratuzilma loyihalarini amalga oshirishda hamkorlikni davom ettirishga ikki tomon ham tayyor ekanini bildirdi.
Uchrashuvda tomonlarni qiziqtirgan boshqa masalalar ham muhokama qilindi.
Muzokaralarda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari Akmal Saidov ishtirok etdi.
Manba: O’zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi