O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti AQSh delegatsiyasini qabul qildi
2021-07-17 | Siyosat
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 16-iyul kuni poytaxtimizda o‘tayotgan xalqaro konferensiya doirasida AQSh Prezidentining maslahatchisi Elizabet Shervud-Rendall boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.
Ikki tomonlama kun tartibining dolzarb jihatlari va xalqaro siyosat masalalari ko‘rib chiqildi. Davlatimiz rahbari keyingi yillarda O‘zbekiston-AQSh strategik sheriklik va ko‘p qirrali hamkorlik munosabatlari jadal sur’at bilan rivojlanib borayotganini mamnuniyat bilan qayd etdi.
Elizabet Shervud-Rendall O‘zbekiston Prezidentiga AQSh Prezidenti Jozef Baydenning samimiy salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.
Prezidentimizning Markaziy va Janubiy Osiyo bog‘liqligini mustahkamlash borasidagi tashabbuslari AQSh ma’muriyati tomonidan yuksak baholanayotgani ta’kidlandi.
Bundan tashqari, mamlakatimizning suvereniteti, mustaqilligi va hududiy yaxlitligi, yangi O‘zbekistonni barpo etish bo‘yicha olib borilayotgan islohotlar, Markaziy Osiyoda ishonch, yaxshi qo‘shnichilik va sheriklikni mustahkamlash borasidagi sa’y-harakatlar qat’iy qo‘llab-quvvatlandi.
Uchrashuvda konstruktiv siyosiy muloqotni davom ettirish masalalari, shuningdek, ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirishning amaliy jihatlari, shu jumladan pandemiyaga qarshi kurashish va aholini emlash, AQShning yetakchi kompaniya va banklari ishtirokida qo‘shma investitsiya loyihalarini ilgari surish muhokama qilindi.
Afg‘onistonda yuzaga kelgan vaziyat yuzasidan batafsil fikr almashildi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy veb-sayti