O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Sessiyada ikkita vazirlik va Davlat aktivlarini boshqarish agentligi mutasaddilari hisobot berdi
2021-07-16 | Iqtisodiyot
Xalq deputatlari Surxondaryo viloyati kengashining navbatdagi sessiyasida Prezidentimizning joriy yil 1-2-iyun kunlari Surxondaryo viloyatiga tashrifi chog‘ida belgilab berilgan vazifalar ijrosi yuzasidan Moliya, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirliklari hamda Davlat aktivlarini boshqarish agentligi mutasaddilarining hisobotlari tinglanib, muhokama etildi.
Videoselektor shaklida o‘tkazilgan sessiyada viloyat studiyasida xalq deputatlari viloyat kengashi deputatlari, viloyatdan saylangan senatorlar, viloyat hokimining kun tartibidigai masalalarga aloqador o‘rinbosarlari, viloyatdagi tashkilot va korxonalar rahbarlari ishtirok etdi.
Tuman va shahar studiyalarida mahalliy kengashlar deputatlari, tuman va shahar hokimlarining sohaga aloqador o‘rinbosarlari, mutasaddi tashkilotlar rahbarlari qatnashdi. Sessiyada ta’kidlandiki, davlatimiz rahbari joriy yilning 1-2 iyun kunlari viloyatga tashrifi chog‘ida hududlarda amalga oshirilayotgan ulkan bunyodkorlik ishlari bilan tanishib, vohani ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yuzasidan ustuvor vazifalarni belgilab berdi. Shunga muvofiq, viloyatni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yuzasidan “yo‘l xaritalari” ishlab chiqilgan.
Qizg‘in munozaralarga boy bo‘lgan sessiyada Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligining hududlarni kompleks rivojlantirish departamenti boshlig‘i o‘rinbosari F.Inamov, Moliya vazirligi oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish departamenti boshlig‘i o‘rinbosari B.O‘ralov, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi boshqarmasi boshlig‘i Sh.Ahmedovlarning hisobatlarini tinglab, atroflicha muhokama etildi.
Davlatimiz rahbarining tashrifi chog‘ida berilgan topshiriqlar va faollar yig‘ilishida belgilangan vazifalar doirasida Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligiga beshta, Moliya vazirligi bo‘yicha 9 ta, Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga uchta topshiriq yuzasidan aniq hisob-kitoblarga asoslangan chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilishi lozim.
–Bu yo‘nalishda manzilli dastur ishlab chiqildi, – dedi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligining hududlarni kompleks rivojlantirish departamenti boshlig‘i o‘rinbosari F.Inamov. –Masalan, Denov tumanidagi 82- maktab uchun yangi bino qurish va mavjud binoni rekonstruksiya qilish uchun loyiha hujjatlari tayyorlanmoqda. Bunga 9 milliard 100 million so‘m mablag‘ ajratiladi. Shuningdek, yig‘ilish bayonining 4-,12-,92- bandlari bo‘yicha ham tegishli ishlar olib borilmoqda. Qiziriq tumanini kompleks rivojlantirish yuzasidan ham dastur tayyorlandi.
Moliya vazirligi va Davlat aktivlarini boshqarish agentligi hisobotlarida ham berilgan topshiriqlar ijrosini ta’minlash bo‘yicha zarur choralar ko‘rilayotgani qayd etildi. Sessiyada deputatlar uy-joy uchun subsidiya ajratishdagi muammolar, Bandixon tumanidagi Navro‘z massivida 360 gektar, Quduqsoy massivida 30 gektar yangi yerlarni o‘zlashtirish uchun tegishli mablag‘ ajratilmagani, maktab va maktabgacha ta’lim muassasalarini qurish, yo‘llarni rekostruksiya qilish, suv oqova inshootlari barpo etish kabi yo‘nalishlarda bajarilishi lozim bo‘lgan ishlar sust kechayotganining sabablari bilan qiziqdi. Taklif va tavsiyalarini bildirdi. Sessiyada shuningdek, viloyatning ijtimoiy-iqtisodiy hayotiga bog‘liq boshqa masalalar ham ko‘rib chiqilib, tegishli qarorlar qabul qilindi.
Manba: O'zA