O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekistonda olib borilayotgan tashqi siyosat bo‘yicha islohotlar yuqori baholandi
2021-07-15 | Siyosat
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati Raisi T. Norboyeva Birlashgan Millatlar Tashkilotining Markaziy Osiyoda preventiv diplomatiya bo‘yicha mintaqaviy markazi (MOPDMM) rahbari N. German bilan uchrashdi.
Tadbirda MOPDMM va O‘zbekiston o‘rtasidagi hamkorlik masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, mamlakatimizda BMT rezolyutsiyalari va qarorlarini amaliyotga tatbiq etish, bu borada hamkorlikni rivojlantirishga alohida e’tibor berilayotgani ta’kidlandi.
O‘zbekiston BMT faoliyati doirasida mamlakatimizning milliy manfaatlarini ifoda etuvchi bir qator muhim va dolzarb tashabbuslarni ilgari surayotgani qayd etildi.
Mamlakatimizda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasiga muvofiq amalga oshirilayotgan yangilanishlar to‘g‘risida axborot berildi. Jumladan, bolalar va majburiy mehnatdan foydalanishga barham berish, xotin-qizlarning huquqlari va manfaatlarini himoya qilish masalalari ko‘rib chiqildi.
N. German O‘zbekistonda olib borilayotgan tashqi siyosat bo‘yicha islohotlarni yuqori baholadi. Ta’kidlanishicha, islohotlar natijasida Markaziy Osiyo mintaqasida barqarorlik va yaxshi qo‘shnichilikning yangi siyosiy muhiti yaratildi.
Uchrashuvda tomonlar tizimli muloqotni davom ettirishga va hamkorlikni mustahkamlashga tayyor ekanini bildirdi.
Manba: O'zA